Prezident Jo Baydening qarori bilan amerikalik askarlar yurtiga qaytayotgan bir mahalda, Tolibon Afg’onistonda tobora ko’proq hududlarni qo’lga kiritayotganini AQSh “chuqur xavotir” bilan kuzatmoqda, deydi Pentagon so’zlovchisi Jon Kirbi.
“Afg’on hukumati qo’shinlari yeng shimarib, o’z mamlakatini himoya qilish, mas’uliyatni his etish vaqti keldi”, - deydi Kirbi.
O’tgan 20 yil davomida AQSh Afg’onistonni milliardlab dollarlik qurol-aslaha bilan ta’minladi. Ammo xorijiy kuchlar avgustda mamlakatni tark etganidan keyin nima bo’lishi noaniq.
Tolibon Afg’onistonning 85 foiz hududini allachon bosib olganini da’vo qilmoqda. “Foks” telekanali bilan suhbatda Jon Kirbi afg’onlarning 13 millioni Tolibon nazorati ostida, 10 millioni hukumat nazorat qiladigan hududlarda va yana 9 millioni bahsli territoriyalarda yashayotgani haqidagi raqamlarni rad etmadi.
AQSh Afg’onistonga 2001-yilda al-Qoida bazalarini yo’q qilish uchun bostirib kirgan edi. Kirbining aytishicha, amerikalik qo’mondonlar boshqa mamlakatlardagi bazalardan turib afg’on qo’shinlariga maslahatlar bera oladi. AQSh va NATO kuchlari esa Afg’onistondan deyarli chiqib bo’ldi. Qolgan harbiylar ham 31-avgustgacha ketadi.
O’tgan hafta xalqqa murojaatida Prezident Jo Bayden o'z qarorini himoya qildi.
“Afg’onistonni qayta qurish uchun borganimiz yo’q. O’z kelajagini hal qilish va mamlakatini qanday boshqarishga kelganda, huquq va mas’uliyat faqatgina afg’on xalqiniki”, - dedi Bayden.
Unga ko’ra, qo’shinlarni chiqarish jarayoni “xavfsiz va tartibli” tarzda davom etmoqda. Bir necha kun oldin AQSh harbiylari urushda keng foydalangan Bagram aviabazasini ham tark etdi. Bayden askarlar bilan ishlagan afg’on tarjimonlar va ularning oilalarini ham evakuatsiya qilishga va’da bergan. Maxsus immigratsion vizalar tezlashtirilgan tartibda berilmoqda.
AQSh rahbari Afg’oniston hukumati o’z taqdirini o’zi belgilashi kerak, deya ta’kidladi.
“20 yillik tajribadan bilamiz - va hozirgi vaziyat ham buni tasdiqlab turibdi – Afg’onistonda yana bir yil qolib jang qilish yechim bo’la olmaydi, balki u yerda abadiy qolishni anglatadi. Afg’onlar o’z mamlakati kelajagi haqida qaror qilsin”.
Tolibonga ishonasizmi degan savolga Bayden keskin javob qaytardi:
“Jiddiy savolmi bu? Bema’ni savol. Tolibonga ishonamanmi? Yo’q. Lekin afg’on harbiylarining salohiyatiga ishonaman. Ular puxta treningdan o’tgan, yaxshi jihozlangan va malakasi oshgan”.
Saylovda yutqazgan sobiq prezident Donald Tramp barcha qo’shinlarni 1-maygacha chiqargan bo’lardim, deydi. Bayden bu sanani biroz orqaga surdi, ammo u bu borada qaror qilayotgan to’rtinchi prezident ekanini qayd etib, javobgarlikni beshinchi rahbarga qoldirmasligin aytgan.
“Chiqish uchun ideal sharoit yaratamiz deb va boshqacha natija kutib, Afg’onistondagi harbiy missiyamizni uzaytirish va kengaytirish siklini davom ettira olmaymiz, - deydi Bayden.
Xorijiy qo’shinlarning Afg’onistondan chiqishi Tramp davrida Tolibon bilan erishilgan kelishuv natijasidir. Toliblar o’shanda Afg’oniston zaminida terrorizmga qarshi kurashish, Kobuldagi hukumat bilan tinchlik bo’yicha muzokara qilishga va’da bergan.
AQSh vositachiligida o’tgan yili Qatar boshlangan tinchlik muzokaralari hozirgacha biror natija bermagan.
Facebook Forum