Breaking News

Afg’oniston hukumatini “hayot-mamot masalasi” kutmoqda


Tolibon tarafdorlari harakatning oq bayrog'i bilan Pokiston-Afg'oniston chegarasida. 14-iyul, 2021.
Tolibon tarafdorlari harakatning oq bayrog'i bilan Pokiston-Afg'oniston chegarasida. 14-iyul, 2021.

AQSh kuchlari avgust oyida mamlakatni to’liq tark etgach, Afg’oniston hukumati hayot-mamot masalasi bilan yuzlashadi. Katta ehtimol bilan, Tolibonga mag’lub bo’lishi mumkin. AQShning Afg’onistondagi vaziyatni nazorat qilishga mas’ul idorasi ana shunday fikrda.

AQSh rasmiylari va afg’on liderlarining optimistik munosabatiga zid ravishda Afg’onistonni qayta qurish bo’yicha maxsus bosh inspektor Jon Sopko vaziyatni real baholashga urinmoqda. Uning nazdida, Afg’oniston hukumati kuchlari Tolibonga mustaqil ravishda munosib qarshilik ko’rsata olmaydi.

Inspektor 28-iyul kuni taqdim etgan hisobotda keltirilishicha, ustunlik Tolibon tarafida. Tahdidni bartaraf etishning samarali yo’li topilmasa, Afg’oniston hukumati jiddiy tahlika bilan yuzlashadi.

“Afg’oniston Milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari boy berilgan ayrim tumanlarni qayta egalladi. Afg’oniston hukumati 34 ta viloyatning barchasida poytaxtlarni, xususan, Kobulni ham nazorat qiladi. Biroq xabarlar hukumat kuchlarining talvasada ekani, to’qnashuvlarga tayyor emasligi va chekinib borayotganini tasdiqlamoqda”, deyiladi hisobotda.

AQSh rahbari Jo Bayden Afg’onistondan chiqish missiyasiga start berilishini e’lon qilganidan buyon rasmiylar Kobul yuzlashishi mumkin bo’lgan tahdidlarni, ehtiyotkorlik bilan bo’lsa-da, ma’lum qilmoqda.

AQSh qo’mondoni general Kennet Makkenzi ham 25-iyul kuni jurnalistlar bilan suhbatlashar ekan, Afg’oniston hukumatini og’ir sinov kutayotganini ta’kidladi.

Biroq generalning aytishicha, Tolibon yengilmas kuch sifatida o’zini ko’rsatayotgan bo’lsa-da, “urush natijalari bo’yicha oldindan xulosa qilishga erta”.

Afg’oniston Prezidenti ham dadil bayonotlar bilan chiqmoqda. Hukumat kuchlari chekka hududlar mudofaasiga e’tibor qaratib, vaziyatni o’z tomoniga og’dirishini ta’kidlamoqda.

AQSh harbiy samolyotlari mamlakatni tark etgan bo’lsa-da, Tolibonga qarshi operatsiyalarda avia zarbalar bermoqda. Rasmiylar havo hujumlari Tolibon qurolli bosqinlarni bas qilmaguncha davom etishini bildirgan.

Sopkoning hisoboti ayrim afg’on rasmiylarining e’tirozlariga sabab bo’lgan.

“Biz hayot-mamot masalasi bilan yuzlashmaymiz. Ming yillardir bormiz, yana ming yillardir qolamiz. Tolibon jaholat, qayg’u va qashshoqlikdan boshqa narsani va’da qila olmaydi. Ular allaqachon ayrim tumanlardan quvib chiqarildi. Boshqa hududlardan esa yo hukumat kuchlari, yo Afg’onistonda terroristik boshqaruvning navbatdagi qora davrini boshdan kechirishni istamaydigan xalq siqib chiqaradi”, - deb yozdi Afg’oniston prezidenti maslahatchisi Vohid Umar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG