Aholisining 50 foizdan ortig’ini emlashga muvaffaq bo’lgan AQSh endi dunyoning turli davlatlarini koronavirusga qarshi vaksina bilan ta’minlamoqda.
O’tgan hafta Tanzaniya bir millionta “Johhnon & Johnson” vaksinasini qabul qilib oldi.
Shu hafta mamlakatning yangi saylangan prezidenti birinchilardan bo’lib emlandi.
Tanzaniyaning shu yil mart oyida vafot etgan sobiq prezidenti koronavirusni duo bilan daf qilish mumkin, deb aytgan edi. Mamlakat endi aholini emlash ishlarini kuchaytirmoqda, ammo vaksinalarga ishonch hanuz past.
“Yangi prezidentning koronavirusga qarshi kurashda faollashgani Tanzaniya uchun yaxshi”, - deydi fuqarolardan biri.
“Vaksina olishni xohlamayman. Nega o’zimizning an’anaviy usullardan foydalanmayapmiz? Nega xorij dorisini ishlatishimiz kerak”, - deydi yana bir fuqaro.
Rasmiylar vaksinaning xavfsiz ekanini aytmoqda.
“Tanzaniyaliklar xavotirsiz emlanishlari mumkin”, - deydi mamlakat Sog’liqni saqlash vaziri Doroti Guajima.
Bir hafta avval AQSh Burkina-Fasoga ham 150 mingdan ortiq “Johnson & Johnson” dozasini yubordi. Vaksinani topshirish marosimida AQSh elchisi Sandra Klark ishtirok etdi.
“Kelasi hafta va oylarda yanada ko’proq yetkazamiz”, - dedi AQSh elchisi.
Mamlakat rasmiylari yordamdan minnatdor.
“Bu vaksinalarga muhtoj odamlar endi emlanadi”, - dedi mamlakat Sog’liqni saqlash vaziri.
Afrikaning boshqa davlatlariga ham millionlab doza vaksina yetkazish rejalangan.
“Shu hafta oxirida Janubiy Afrikaga 5,6 million, Nigeriyaga esa to’rt milliondan ortiq doza yetkazmoqchimiz”, - dedi Afrika masalalari bo’yicha AQSh Davlat kotibi yordamchisi o’rinbosari Akunna Kuk.
Afrika bo’ylab emlanish darajasi juda past. 1,3 milliardlik mintaqa aholisining ikki foizdan kamroq qismi vaksina olgan. AQSh Afrikaning o’zida vaksina ishlab chiqarishni yo’lga qo’ymoqchi.
“Janubiy Afrika va Senegalda vaksina ishlab chiqarish ishlariga sarmoya kiritdik. Pandemiyadan aziyat chekkan mamlakatlarga 541 million dollardan ortiq iqtisodiy yordam ham ko’rsatyapmiz”, - dedi Kuk.
Argentinaga ham o’tgan hafta 3,5 million doza vaksina yetkazib berildi.
“Mintaqadagi qo’shnilarimiz koronavirusni jilovlashi biz uchun muhim”, - dedi Argentinadagi AQSh elchixonasi rasmiysi Merikey Karlson.
“Shu bilan bizdagi dozalar soni 36,5 milliondan oshdi”, - deydi Argentina rasmiysi Santiago Kafiero.
Argentina 45 million kishilik aholisining qariyb yarmini birinchi doza bilan emlab bo’ldi. Mamlakatda 105 mingdan ortiq odam koronavirusdan halok bo’lgan.
Janubiy Amerikaning eng ko’p kasallik tarqalgan mamlakatlaridan biri Kolumbiyaga ham vaksina yetkazildi.
“Bugun ajoyib yordamni qabul qilib oldik. Buning uchun Prezident Baydenga tashakkur aytamiz”, - dedi Kolumbiya Prezidenti Ivan Duke.
50 million aholiga ega Kolumbiyada 120 mingga yaqin odam koronavirusdan vafot etdi.
Pandemiyaga qarshi yordam dasturi asosida AQSh Osiyo mamlakatlariga ham e’tibor qaratmoqda.
Bugun Qo’shma Shtatlar O’zbekistonga ham uch milliondan ortiq “Moderna” vaksinasi dozalarini yetkazgan. Ikki dozada qabul qilinadigan “Moderna” vaksinasini O’zbekiston birinchi marta olmoqda.
Avvalroq AQSh yordami ishtirokida tashkil etilgan “COVAX” dasturi asosida O’zbekiston 660 ming doza “AstraZeneca” vaksinasini ham olgan edi.
AQSh, shuningdek, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda O’zbekistonga shu paytgacha 13,8 million dollarlik yordam ko’rsatgan.
Facebook Forum