AQSh dunyo bo’ylab ko’plab mamlakatlarga koronavirusga qarshi millionlab vaksina dozalarini yetkazib bermoqchi.
“Shu hafta Gvatemala va Vyetnam Bayden-Xarris ma’muriyatidan Kovid vaksinalarini qabul qilib oladi. Gvatemala 1,5 million, Vyetnam esa ikki million Moderna vaksinasini oladi”, - dedi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki.
Vashington Indoneziyaga ham to’rt million Moderna dozalarini va’da qilgan. Vaksina BMTning “COVAX” dasturi asosida yetkazib beriladi.
AQSh dunyo bo’ylab koronavirusga qarshi 580 million doza vaksina tarqatishga ahd qilgan. Iyun oxirigacha ularning 80 millioni yetkazib berilishi kerak edi, ammo bu marraga erishilmadi.
“Ba’zan huquqiy to’siqlarga duch kelamiz. Nazorat to’siqlari ham bo’ladi. Bu vaksinalarni tarqatish uchun zarur materiallar, transport va muzlatgich bilan bog’liq muammolar ham bor. Vaksinalarni ajratganimiz bilan ularni qabul qilib oladigan davlatlar ham tayyor bo’lishi kerak”, - dedi Psaki.
Qaysi vaksinani jo’natish masalasi alohida bir muammo. AQSh ixtiyorida, asosan, “Pfizer” va “Moderna” vaksinalari bor. Ularni o’ta sovuq haroratda saqlash kerak; bunga ko’plab davlatlar tayyor emas.
“Bu muammoni hal qilgach, vaksinaning yaroqlilik muddatiga qaraymiz. Shundan so’ng bu vaksinani qo’llash yoki yetkazib berish bo’yicha davlatlarda yo’l-yo’riq qanday va ruxsat bormi, shuni o’rganamiz. Bu hali boshlanishi. Barcha dozalar so’nggi manzilgacha zarur darajada sovuq haroratda yetib borishini ta’minlashimiz kerak; buning uchun mutaxassislar bo’lishi, emlovchilar treningdan o’tkazilishi kerak”, - deydi Dyuk universiteti eksperti Krishna Udayakumar.
Mamlakatlar boshqa davlatlardan olayotgan vaksinalarini ham o’zaro muvofiqlashtirishi va barchasi uchun zarur sharoit hozirlashi kerak.
“Logistika nuqtai nazaridan kutilmagan muammolar chiqmasligi kerak. Kechikyapmiz, bu ishni olti oy avval boshlashimiz kerak edi”, - deydi Udayakumar.
Hozircha aksariyat vaksinalarni boy mamlakatlar olayotgani ham fakt.
“Shu hafta oxirigacha 160 milliondan ortiq amerikalik to’liq emlangan bo’ladi”, - dedi Bayden.
“Bu pandemiyani tugatish uchun kerak bo’ladigan narsani AQSh, “Katta yettilik” va Yevropa Ittifoqi davlatlari g’amlab olgan. Uni global immunitetga erishish uchun lozim bo’lgan daraja va tezlikda boshqalar bilan bo’lishmayapmiz”, - deydi ekspert Tom Hart.
Hozirgacha AQSh iyun oxirigacha xorij uchun va’da qilingan 80 million dozaning faqat yarmini yetkazib berdi.
Facebook Forum