Bir necha oylik keskin cheklovlar ortidan Turkiya nihoyat normal hayotga qaytmoqda. So’nggi haftalarda kasallar soni keskin kamaygan, emlanganlar ko’paygan.
Restoranlar bir yildan ortiq ishlamadi yoki keskin cheklovlar ostida faoliyat yuritdi.
“Aida” restorani egasi Elif Uluhan cheklovlarsiz ish boshlayotganidan xursand.
“Shu kunlarga yetganimizdan mamnunmiz. Ayniqsa, oxirgi lokdaunda ancha qiynaldik. Pandemiyadan oldingi davrga qaytamiz, degan umiddaman. Biz kichik biznesmiz, shu bois ko’tarilib olishimiz osonroq bo’ladi”, - deydi restoran egasi.
Kasallanishlar soni 90 foizgacha kamaygach, cheklovlar bekor qilindi.
Hukumatga ko’ra, bunga faol vaksina targ’iboti hamda keskin cheklovlar natijasida erishildi. Bir muddat uzilishlar ortidan Turkiyada hozir har kuni bir million odam vaksina olayotgani aytiladi.
Ammo virusning “Delta” turi ko’paygan bir paytda cheklovlarning bekor qilinganidan xavotir olayotganlar ham bor.
Odamlar esa hukumat qarorini olqishlar bilan kutib oldi.
“Deyarli ikki yildan so’ng ajoyib ob-havoda, ochiq joydagi madaniy yig’inda ekanimdan juda xursandman. Ikki yil ichida birinchi marta bunday tadbir bo’lishi. Ilgari hech qatnashmagan edik”, - deydi Tohir ismli istanbullik yigit.
Bir yildan ortiq hafta oxiri va kechqurunlari komendantlik soati hukm surdi. Istanbulning Kadikoy mahallasi nihoyat oqshomda ham odamlar bilan gavjum.
O’tgan davrdan qolgan asoratlar esa hali unutilgani yo’q.
“Bir tomondan xursandmiz, lekin ikkinchi tomondan ko’plab do’stlarimiz, qo’shnilarimiz bizneslarini qayta ocha olmayotganidan xafamiz. Ya’ni, Kadikoyning avvalgi kayfiyati qaytganidan mamnun bo’lsak-da, ba’zi bizneslar yopilib ketganidan afsusdamiz”, - deydi Barish Bulut ismli tadbirkor.
Cheklovlarning bekor qilinishi qiziq bir shart bilan e’lon qilindi. Prezident Rajab Toyyib Erdog’an odamlarni bezovta qilmaslik uchun yarim tunda barlarda musiqa chalinishiga taqiq qo’ydi.
Bu esa e’tiroz va namoyishlarga sabab bo’ldi. Shunga qaramay, ko’chalarda xursandchilik kayfiyati ustun.
Facebook Forum