COVID-19 603 ming odamni hayotdan olib ketgan Qo’shma Shtatlarda virusning yangi, “delta” shtammi xavotir uyg’otmoqda. Aniqlanayotgan holatlarning taxminan 20 foizi virusning shu turiga to’g’ri keladi va bir necha hafta ichida “delta” AQShda dominant shtammga aylanishi kutilyapti.
Ilk bor Hindistonda aniqlangan ushbu variant, Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, allaqachon 92 mamlakatga tarqalgan. Mutaxassislarning aytishicha, AQShda tasdiqlangan vaksinalar aksariyat odamlarni “delta”dan himoya qila oladi.
Hozirda AQShda kuniga o’rtacha 760 ming kishi vaksina olmoqda. Bu raqam aprel oyi bilan qiyoslaganda uch baravar kam. Hozirgacha aholiga 321 million doza vaksina berilgan. COVID-19 bilan kasallanayotganlar soni 2020-yilning martidan buyon eng past darajada. Aksar shtatlarda cheklovlar bekor qilingan.
Ammo Oq uyga ko’ra, iyul boshigacha katta yoshdagilarning 70 foizini emlaymiz degan va’dani bajarish qiyin bo’lyapti. Bir muammo – yoshlar.
“18 dan 26 yosh oralig’idagi fuqarolar bilan ishlash kerak. Gap shundaki, koronavirus ularga ta’sir qilmaydi deb ishonishadi. Shuning uchun vaksina olishmayapti”, - deydi Oq uyda koronavirus bo’yicha koordinator Jeff Zients.
Oq uy ma’lumotiga ko’ra, 30 yoshdan oshgan amerikaliklarning 70 foizi kamida bir dozani olgan. AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazining bildirishicha, so’nggi haftalarda oq bo’lmagan aholi orasida vaksinatsiya sur’ati oshdi, lekin qonunchilar sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirish kerakligini aytadi.
“Vaksinadan shubhalanish va dezinformatiya kabi masalalarni hal qilmasak, ko’plab shtatlarda, mahallalarda maqsadga erisha olmaymiz. Emlanish punktlarini ko’paytirish, vaksina olishni qiyinlashtiruvchi to’siqlarni bartaraf etishda davom etishimiz kerak”, - deydi senator Petti Murrey.
Xususan, injilchi nasroniylarning qariyb yarmi vaksinadan bosh tortmoqda. Mutaxassislarning aytishicha, ularning bu qarori dunyo bo’ylab aks-sado beradi.
“Amerikadagi injilchi nasroniylar madaniyati Osiyo va Afrikaning ayrim qismlarida kuchli ta’sirga ega. Noto’g’ri ma’lumotlarni, qo’rquvni ijtimoiy tarmoqlar orqali eksport qilayapmiz”, - deydi dinshunos olim Kurtis Chang.
Kattalarning 20-30 foizi emlanmagan bo’lsa-da, AQSh rasmiylari qishga borib koronavirusning yangi to’lqini bilan yuzlashmaymiz, deya umid qilmoqda.
“Shunday bo’lgan taqdirda ham kuniga minglab o’lim hollari qayd etiladigan kunlar qaytadi deb o’ylamayman. Ammo jiddiy xavf mavjud. Ayrim toifalar orasida vaksinaga qarshilik davom etaversa, ba’zi hududlarda kasallik ko’payadi”, - deydi mamlakat bosh infeksionisti doktor Entoni Fauchi.
Prezident Bayden iyun oxirigacha 80 million doza vaksinani boshqa davlatlarga xayriya qilishga ham va’da bergan. Hozirgacha 10 million dozasi jo’natilgan. Logistik muammolar sabab qolgani kechikishi aytilmoqda.
Facebook Forum