Eron hududi bo’ylab mashaqqatli yo’l bosib, Turkiyaga yetib kelayotgan afg’onistonlik qochqinlar soni kundan-kunga ortib bormoqda. Mamlakatda vaziyat keskinligicha qolar ekan, qochqinlar karvoni to’xtamaydigan ko’rinadi. Afg’onlar xayolan orzular maskani deb bilgan Yevropa Ittifoqi tomon intilmoqda.
Biroq ittifoq mamlakatlari migrantlar karvonini qabul qilishni aslo istamaydi. Buning oldini olish uchun maksimal choralar ko’rish taraddudida.
Ayni damda Turkiyaga kuniga qariyb 2 ming nafar afg’on kirib kelmoqda. Ekspertlarga ko’ra, Tolibon mamlakatning tobora katta qismini egallab borar ekan, qochqinlar soni yanada ortishi kutilmoqda.
Katta hududni egallab olishga allaqachon muvaffaq bo’lgan Tolibon ayni damda mamlakat janubi va g’arbida uch yirik shaharni o’rab olgan.
NATO ning deyarli barcha kuchlari sentabrga qadar Afg’onistonni tark etadi. Hukumat kuchlarining mustaqil ravishda toliblarga qarshi kurasha olishiga kamdan-kam ekspertlar ishonch bildirmoqda. Pentagon kuzatuvchilari afg’on hukumatining hayot-mamot masalasi bilan yuzlashishini, ustunlik esa Tolibon tarafida ekanini bildirgan.
Eron orqali Turkiyaga yetib kelayotgan afg’onlar Tolibon islomiy iddao bilan o’rnatishi taxmin qilinayotgan ekstremistik rejimga dosh bera olmasligini aytmoqda. Turkiya chegarasiga yetib kelganlarning aksariyati bo’ydoq va biror malakaga ega bo’lmagan yigitlar. Shunga qaramay, Yevropaga joylashish, keyin yaqin qarindoshlarini chaqirish umidida.
Yevropa liderlari navbatdagi migratsion krizisning oldini olish borasida Turkiya bilan muzokaralarga kirishgan. Afg’on va boshqa qochqinlarning Yevropa hududiga kirib kelishini to’xtatish uchun Anqara bilan uzoq yillik bitim imzolanishi mumkin.
Zotan, Yevropa ittifoqi 2016-yilda Anqara bilan shu maqsadda besh yillik bitim tuzib, bir necha milliard dollar to’lagan edi. Turkiyadan migrantlar oqimini to’xtatib, qochqinlarga sharoit yaratib berish talab qilingan. Legal migratsiya uchun rasmiy tizim joriy qilingan edi.
“2016-yil bitimi Yevropa ittifoqi tomon kelayotgan migrantlar oqimini keskin qisqartirdi. 2015-yilda Gretsiya chegarasiga 861 630 nafar qochqin kelgan bo’lsa, bir yil keyin bu ko’rsatkich 36 310 kishini tashkil etgan”, - deydi ekspert Daniel Albaniz.
Facebook Forum