Breaking News

Halilzod: Tolibon kuch bilan hokimiyatga kelsa, Afg'oniston dunyodan uziladi


AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod "Amerika Ovozi" bilan muloqotda, 2-avgust, 2021
AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod "Amerika Ovozi" bilan muloqotda, 2-avgust, 2021

AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, bu mamlakatda tinchlikka erishish Vashington uchun hamon birlamchi masala. Hech bir tomon harbiy yo'l va qurol bilan g'alaba qozonmaydi, deydi u.

AQSh Afg'onistonni kuzgacha butkul tark etadi. Tolibon esa u bilan bitimni buzgan holda qurolli hujumlar qilib turibdi, hududlarni kuch bilan egallamoqda.

Tolibon bu yo'lidan qaytmasa, deydi Halilzod, va hokimiyatga shu tarzda kelmoqchi bo'lsa, xalqaro maydonda tan olinmaydi, bu mamlakat yana yakkalanib qoladi.

"Amerika Ovozi": Qo'shma Shtatlar Afg'onistonda fuqarolik urushi boshanmasligi uchun chora ko'rishi kerak emasmi? 1989-yilda sovet qo'shinlari chiqib ketgach shunday bo'lgan. Vijdonan, AQSh Afg'onistonda tinchlikni ta'minlash uchun o'zida mas'uliyatni his qilmaydimi?

Halilzod: U tarixni yaxshi bilamiz va tahlil qilganmiz. Achchiq saboqlar. Shu bois, biz bunday xatolarni takrorlamoqchi emasmiz. Shuning uchun ham ketishga shoshmadik va Tolibon bilan kelishuvga erishib, shu asosda chiqishga ahd qildik. Strategiyamizning bir qismi Tolibon bilan til topishish bo'ldi. Buning asosida esa tinchlik muzokaralari yotadi. Shu tariqa, uzoq yillik azob-uqubatga, urushga chek qo'yish. Bu bitimga binoan tomonlar bir davrada o'tirib, ham Afg'oniston xalqiga, ham xalqaro hamjamiyatga maq'ul yechimga erishishi kerak.

Afsuski, Tolibon ham, Afg'oniston hukumati ham bu imkoniyatdan to'g'ri foydalanib, vaqtni boy bermay, tinchlik orzusida yashayotgan xalq manfaatlari uchun harakat qilmayapti. Biz tinchlik muzokaralari tezlashishini istaymiz va shunga undayapmiz. Siyosiy yechim kerak va u davomiy tinchlik va barqarorlik bo'lishi lozim. Biz bunga erishmaguncha, harakat qilaveramiz.

"Amerika Ovozi": Tolibon Qatarda siz bilan imzolagan kelishuvini buzayapti-ku... Qurol bilan bosib olishlar, qon to'kishlar, fuqarolarni nishonga olishlar. Ular hokimiyatni mutlaq egallamoqchi emasmi, nazaringizda?

Halilzod: Tolibon Afg'onistonda yangi islomiy hukumat bo'lishini istaydi. Sulh shunga asoslanadi. Amaldagi rahbarlar bunday hukumat qanday bo'lishi yuzasidan toliblar bilan hamfikr emas. Tolibon esa hozirda kuch ishlatib, o'z mafkurasi va ta'sirini ko'rsatib, markaziy hukumatga nimalarnidir isbotlamoqchi. Lekin tinchlik formulasi har ikki tomonga ma'qul bo'lishi kerak. Hukumat Tolibondan qutula olmaydi. Tolibon esa hukumatdan, chunki uning ortida xalq va xalqaro hamjamiyatning salmoqli quvvatlovi turibdi. Balki ayrim toliblar jangarilik samara beradi deb o'ylayotgandir, lekin biz bilan muloqot qilayotganlari bu fikrdan yiroq. Ba'zi qo'mondonlari kuch bilan tepaga chiqib olamiz, deb o'ylab xato qilmoqda, chunki odamlar qarshi chiqadi. Xalq boshqacha hozir. U ham, xalqaro hamjamiyat ham toliblarni aslo tan olmaydi. Qon to'kiladi, vayronagarchilik bo'ladi xolos.

Har ikki tomon jiddiy o'tirib, murosa ustida bosh qotirishi kerak. 45-50 yillik tarixga qarasangiz, hech kim o'z so'zini mutlaq o'tkaza olmagan. Shu bois, urush va mojaro. Afg'on yetakchilari buni tushunib yetgan bo'lishi kerak. Xalqqa ma'qul yo'l topish kerak, chunki gap uning haq-huquqlari, davlat boshqaruvi va jamiyat tinchligi va farovonligi ustida bo'lishi keak. Fuqaro o'z kelajagini belgilay oladigan tizim zarur. Ayni damdagi vaziyat nihoyatda achinarli va ayrim hududlarda dahshatli.

"Amerika Ovozi": Afg'oniston rasmiylari va hatto AQShda ham sizni Tolibon bilan bitim imzolab, xato qilganlikda va bugungi chigal holatga olib kelganlikda ayblashadi. Amerikaning bevaqt chiqib ketishi va tinchlik muzokaralarining boshi berk ko'chada ekani yuzasidan tanqidlar ham aynan sizga yog'iladi. Aybni tan olasizmi?

Halilzod: Barak Obama davridan beri Amerika Afg'onistonda urushni tugatish kerak, chunki harbiy yo'l bilan tinchlikka erisha olmaymiz, deb keladi. Tolibon bilan bitim deyarli bir yarim yil oldin imzolanganida, tomonlar AQSh chiqib ketmoqchi ekanini bilar edi. Bayden ma'muriyati muddatni sal uzaytirdi. Bitim tinchlik va murosaga undaydi. Bu esa bizning emas, Afg'oniston rahbarlari va Tolibon qo'lida.

"Amerika Ovozi": Afg'on hukumati qanchalik aybdor? Afg'on qurolli kuchlari ishonchni oqlayaptimi? Tolibon hududlarni tezlikda egallamoqda.

Halilzod: Afg'on armiyasi son jihatdan toliblardan ustun. 300 mingdan oshiq qo'shin bor. Havo kuchlari va maxsus kuchlar bor. Harbiy vositalar, professional boshqaruv va qo'mondonlik... Shunday ekan, ular Afg'oniston xalqini xavfdan himoya qila olishi kerak edi. Ulardan hozirgidan qattiqroq harakat va samara kutgan edik. Biz ularni quvvatlashda davom etamiz. AQSh kelasi yili afg'on harbiylariga yordam berish uchun Kongressdan 3 milliard dollar so'ramoqda. Ular to'g'ri rejalashi, taktik va amaliy jihatdan yaxshiroq harakatlana olishi lozim. Bilamiz, afg'on hukumati bu borada hozir ishlayapti, strategiyani qayta ko'rib chiqmoqda.

"Amerika Ovozi": Afg'onistonda har ikki tomon sizni laqillatgandek tuyulmayaptimi?

Halilzod: Progress bo'lmayotganidan noroziman. Muzokaradan uzoqlashishgan. Mamlakat manfaatlari chetga surilmasligi kerak. Ular esa asosan o'z manfaatlari haqida o'ylayapti. Xalq ularga qarab turibdi, ularga qaram. Har ikki tomon banda ekanini eslatadi. To'g'ri yo'lda ekanini da'vo qiladi, ammo odamlar o'lmoqda, begunoh insonlar qirilmoqda. Xo'sh, liderlar nima qiladi? Xalq uchun murosa yo'lini topadimi yo o'jarlik va manmanlik qilib, tarixga insofsiz va vijdonsiz tomonlar sifatida kiradimi?

"Amerika Ovozi": Qo'shni Pokiston nimaiki qila olsa, qilganini, Tolibonni muzokara va murosaga undaganini, buyog'iga tinchlik afg'onlarga bog'liq ekanini aytadi. Siz Islomobodning bu pozitsiyasini qanday ko'rasiz?

Halilzod: Afg'oniston kelajagi afg'onlar qo'lida. Bu borada Pokiston bilan hamfikrmiz. Qo'shni notinch bo'lsa, siz ham tinch emassiz. Zo'ravonlik, qochqinlar, iqtisodiy zarar... Savdo va hamkorlik o'ladi. Afg'oniston, Pokiston va Markaziy Osiyo davlatlari bog'lanishni istaydi va barqarorliksiz imkoniyatlar cheklangan. Shunday ekan, Pokiston uning hududida yashayotgan ko'plab toliblarni murosaga ko'ndirib, darhol qurolni tashlab, siyosiy yechimga intilishga chaqiraverishi kerak. Xalqaro hamjamiyat shunga qarab baho beradi. Pokiston shunday qilayotganini aytmoqda, biz esa samara kutayapmiz. Afg'onistonda tinchlikka erishishda Pokiston alohida rol o'ynaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG