Breaking News

Afg'oniston shimolida qochoqlar ko'paymoqda


Afg'onistonning qochoq o'zbeklari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:16 0:00

Afg’onistonda davom etayotgan janglar sababli qochqinlar soni oshib bormoqda. Ular Shibirg’on kabi tinchroq shaharlarga boshpana izlab kelgan.

Harbiylarning yaqinlari Tolibon tahdidlari bois uy-joylarini tark etganlarini aytishadi.

“Jangu jadal, xonavayronlik. Toliblar va davlat to’qnashuvlari o’rtasida qoldik. Jiyanlarim va ukam shahid bo’ldi. Ukam askar bo’lgani uchun qochib qaytdik. Toliblar ukam harbiy bo’lgani uchun do’konimizni talon-taroj qildi. Hovlimizga o’t qo’ydi. Hech narsamiz qolmadi. Uch-to’rt hovlida bir nafar erkak qolgan. Ba’zilari o’lgan, ayrimlari bir luqma non uchun Eron, Turkiyaga qochib ketgan. Holimizni hech kim so’ramaydi”, - deydi Hamidulla ismli faryoblik yigit.

Qochqinlarning ko’pchiligi mahalliy o’zbeklar.

Chodirlarda yashayotganlarning aksariyati bolalar va ayollar – farzandlari, oila a’zolari dardidan dardmand onalar, ota-onasidan judo bo’lgan kichkintoylar.

“Qochib kelganimizga 53 kun bo’ldi. O’g’lim o’lib, janozasi to’rt kun maydonda qoldi. Beshinchi kuni Andhuy tumaniga olib kelib ko’mdik. 11 nafar sag’irlari bor. Darbadar, ovora. Qaraydigani, so’raydiganimiz yo’q. Faqat buvi-nevara qochib chiqdik”, - deydi Bibiniyoz, faryoblik ona.

Ziyogul: “Bir o’g’lilm askar edi. Uch yildan keyin toliblar tutib olib o’ldirdi. Qo’limdan jarohat olganman. To’rt nafar sag’ir bolam qoldi”.

“Bir qizim, to’rt bolasi va bir o’g’lim chiqdik. Bizning ham uyimiz-joyimiz bor edi. Chodirlar ostida majburlikdan yashayapmiz. Uyi kuysin toliblarni”, - deydi Shohbibi ismli ona.

Urush qochqinlari tinchlik ta’minlanib qishloqlariga qaytish orzusida.

“Toliblar ham eshitsin. Kimni o’ldirasizlar? Hammamiz bir birodar. O’zbek bo’lsang, men ham o’zbekman. Afg’on bo’lsang, men ham afg’on. Hammasi birodarkushlik. O’z qonimizga o’zimizni belayaptilar”, - deydi Muhammad Siddiq.

Rasmiylarga ko’ra, Juzjon viloyati Shibirg’on shahri atrofida davom etayotgan janglar natijasida 6500 dan ziyod oilalar ovora bo’lgan.

“Qiyinchilikning asosiysi turar joy va naqd pul”, - deydi Juzjon viloyatining qochqinlar idorasi raisi Abdulmalik Rustamiy.

Ayni holda qochqinlarga psixologik yordam kerak.

Bu orada, janglar shiddat bilan davom etmoqda. Maxsus kuchlar safarbar etilgan. Tungi operatsiyalarni amalga oshirayotgan ushbu harbiylar toliblarga og’ir talafot yetkazilayotganini iddao qiladi.

“Biz ta’lim olgan maxsus kuchlarmiz. Bizning bir nafarimiz Tolibonning 50 nafariga teng jang qila oladi. Ular har joydan qancha ko’p sonda jangarilar chaqirgan bo’lsa ham hujumlarini ortga surish kuchiga egamiz. Qo’rqmaymiz. Shibirg’on shahri yashovchilariga shuni aytamanki, xotirjam bo’lsinlar, ishlarini normal ravishda davom ettirsinlar, uylarini tark etmasinlar. Tirik ekanmiz, ularni himoya qilamiz”, - deydi Shohjahon, maxsus kuchlar qo’mondoni.

Jang shaharlar markazlariga yaqinlashgan. Atrof hududlar qurollangan toliblar qo’lida.

Abdulbasir Ilg’or, “Amerika Ovozi” uchun!

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG