Breaking News

Afg'oniston: Faryobda yangi hokim tayinlanishi norozilikka sabab bo'ldi


Faryobda yangi hokimga qarshi namoyishlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:40 0:00

Afg’oniston hukumati tomonidan Muhammad Dovud Lag’moniyning Faryob viloyati hokimi etib tayinlangani katta e’tirozlarga sabab bo’lmoqda. Aholi bir haftadan beri norozilik namoyishlarini davom ettirmoqda. Ular hokimlik va qator idoralar eshiklarini yopib qo’yishgan.

“Shoh yo’llar ochilib, tumanlarda xavfsizlik ta’minlanishini xohlaymiz. 14 tumandan odamlar Maymana shahriga qochib kelishgan. Xalqni yegudek-ichgudek hech narsasi yo’q. Hokimni ishdan olib, hududga begona bir shaxs yuborilgan”,- deydi jamoatchi faol Farhod Benavo.

Namoyishchilar marshral Abdul Rashid Do’stum tarafdorlari bo’lib, faryoblik kadrlardan biri ushbu viloyat hokimi etib tayinlanishini so’ramoqdalar.

Odamlar Muhammad Dovud Lag’moniyga hokimlik binosiga kirishga ruxsat bermagan. U armiya qarorgohidan turib ishlamoqda.

“Milliy Junbish” partiyasi faollaridan Qudrat Vatan hukumatni aholi istaklariga e’tiborsizlikda ayblaydi.

“Agar Faryob dushman qo’liga tushsa, ular bir-ikki kunda Sari Pul, Juzjon va Balx viloyatigacha yetib keladi. Yangi hokim bizning partiyamizdan bo’lishi shart emas, lekin marshal Do’stum va boshqalar bilan maslahat qilingan holda ishning uddasidan chiqa oladigan bir shaxs tayinlanishi lozim. Hukumat bilan xalq orasida masofa ko’paymoqda. Bunday vaziyatda hukumat davom etmaydi”, - deydi Vatan.

Qator faollarga Kobuldan Faryobga kelishga hukumat tomonidan ruxsat berilmagan. Bu harakat namoyishchilar g’azabiga sabab bo’lgan.

“Hukumat diktatorlarcha yondashib kelmoqda. Lekin demokratik tuzumlarda xalq nimaniki xohlasa, shu bo’ladi”, - deydi partiya faoli Karomatulla Aziziy.

Hudud bilan tanish bo’lmagan shaxsning hokim sifatida tayinlanishi vaziyat og’irlashishi borasidagi xavotirlarni kuchaytirgan.

“Toliblar Faryobdan kirib kelib zulm qilishlarini xohlamaymiz. Tolibon davrida jon-molimiz omon emas edi. Tolibon zulmi ostida o’lganimizdan, faryobliklar yonida kurashib jon berganimiz ma’qul”, - deydi Qudrat Vatan.

Muhammad Dovud Lag’moniy prezident farmoni bilan Faryob viloyati hokimi etib tayinlangani, ishini davom ettirishini ta’kidlaydi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG