Breaking News

AQSh Afg’onistonda terrorizm tomir yozishidan xavotirda


Tolibon jangchilari Kobul ko'chalarida, 2021-yil, 16-avgust
Tolibon jangchilari Kobul ko'chalarida, 2021-yil, 16-avgust

AQShning yetakchi generaliga ko’ra, Tolibon boshqaruvidagi Afg'onistonda terrorizm tahdidi kuchayishi mumkin. Bu ogohlantirish AQSh tomonidan qo'llab-quvvatlangan Afg'oniston hukumati hayratlanarli tezlikda qulagandan keyin aytildi.

AQSh razvedkasi Kobul 30 kundan keyin isyonchilar tomonidan qurshab olinishini bashorat qilgan edi. Lekin oradan bir hafta o’tar-o'tmay, Tolibon Afg'oniston prezidenti idorasini ishg’ol qildi.

AQSh qo’shma harbiy shtabi boshlig’i general Mark Millining yakshanba kuni bo’lib o’tgan brifingda senatorlarga aytishicha, AQSh Afg’onistonda terror guruhlari yana jonlanishi mumkinligi haqidagi qarashlarini qayta ko’rib chiqishi kerak.

Iyun oyida Pentagonning yuqori rahbarlari Al-Qoida kabi ekstremistik guruhlar Afg'onistonda qayta tiklanishi va amerikalik harbiylar mamlakatni tark etganidan keyin ikki yil ichida AQSh uchun xavf tug'dirishi mumkinligini aytgan edi. Qo'shma Shtatlar Afg'onistonga aynan Al-Qoidaga boshpana bergani uchun bostirib kirgan edi. Oradan 20 yil o’tib Tolibon va Al-Qoida hanuz bir-biriga aloqador ekani aytiladi.

Senatorlar bilan suhbatda Bayden ma'muriyati rasmiylari - ular orasida general Milli, Davlat kotibi Entoni Blinken va Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bor edi - AQSh razvedka agentliklari vaziyatni o’rganib, yangi xulosa tayyorlayotgani haqida aytdi.

Yakshanba kuni razvedkaning amaldagi va ba’zi sobiq rasmiylari Kobulning qanchalik tez qulashini razvedka idoralari bashorat qila olmagani haqidagi tanqidlarga qarshi chiqdi. Razvedka xizmatining yuqori lavozimli vakillaridan birining aytishicha, Tolibonning Kobulni tezlik bilan egallab olishi ehtimoli hech qachon e’tibordan soqit qilinmagan.

“Tolibon oldinga siljishi bilan hukumat hech qanday qarshilik ko'rsatmadi. Biz har doim bu mumkinligini ochiq-oydin aytganmiz", - dedi o’z ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan rasmiylardan biri.

Ammo Prezident Jo Bayden 8-iyul kuni bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Tolibon butun mamlakatga egalik qilish ehtimolini juda past deb aytgan edi.

Bayden Oq uyga kelgungacha sobiq prezident Donald Tramp buyrug’i bilan Afg’onistondagi AQSh askarlari soni 2500 ga tushirilgan edi. Bu holat Afg’onistonda AQShning razvedka olib borish salohiyatini keskin pasaytirgani aytiladi. Oktabr oyigacha Mudofaa razvedka boshqarmasini boshqargan iste'fodagi general-leytenant Robert Eshlining aytishicha, afg’on askarlari bilan ishlaydigan amerikaliklar sonining kamaygani Afg’oniston armiyasi imkoniyatlarini to’g’ri baholash ishlarini qiyinlashtirgan.

"Quyi darajada askarlar ruhiy holatini aniqlash juda qiyin, chunki siz u yerda yo'qsiz, - dedi Eshli. - Afg'oniston rahbarlari bizga biz eshitishni xohlagan narsani aytishsa, men ajablanmayman".

Mamlakat to’liq Tolibon nazoratiga o’tsa, Afg'onistondagi terrorizm tahdidlarini kuzatish yanada qiyin bo'ladi. Afg'onistondagi razvedka idoralari qo'shinlar bilan yonma-yon ishlaydi. Harbiylar ishtirokisiz ayg'oqchilar afg'on qo'shinlari ruhiy holatini yoki ular Tolibonni qanchalik qo'llab -quvvatlashini aniqlashi juda mushkul, deydi ekspertlar.

"Agar ular ketishgan bo'lsa, demak, biz ham ketamiz", - deydi Markaziy razvedka boshqarmasida 26 yil ishlagan Marka Polimeropulos. - Va bu, albatta, bizning razvedka ishlarimizga ta'sir qiladi".

Senat Tashqi aloqalar qo'mitasining demokrat a'zosi, Konnektikut shtatidan senator Kris Merfining aytishicha, evakuatsiya masalasi hal etilgach, "bizning e'tiborimiz razvedka va terrorizmga qarshi kurashga qaratiladi”.

"Tolibon Qo'shma Shtatlar bilan tuzilgan bitim shartlarini bajarishi kerak. Bizning vazifamiz – bu shartlar bajarilishini kuzatish, ular qanday ijro etilganini tasdiqlay olish bo’lishi lozim ", - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG