Breaking News

AQShning Kobuldagi elchixonasini 5000 askar evakuatsiya qiladi


Ekspertlar: Afg'onistondan chekinish AQSh imijiga zarba
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:11 0:00

Qo’shma Shtatlar Kobuldagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilish uchun Afg’onistonga 5000 sonli qo’shin jo’natmoqda. Askarlarning bir qismi Kobulga yetib kelgan.

Ekspertlar fikricha, 20 yillik urushdan so’ng chekinish Amerikaning xalqaro obro’siga sezilarli ta’sir ko’rsatadi.

AQSh Afg’onistondagi harbiy missiyasini tugatishiga ikki hafta qolganda, Tolibon Hirot, Qandahor, Mozori Sharif kabi yirik shaharlarni egallab oldi. Har kuni mamlakatning boshqa hududlari ham jangarilarga taslim bo’lyapti. AQSh rasmiylari vaziyat qanday bo’lishini bilmaymiz, deya tan olmoqda.

Bir ekspertga ko’ra, AQSh elchixonasi xodimlari shu tariqa evakuatsiya qilinishini hech kim kutmagan edi.

“Ko’rinishidan, AQSh razvedkasi Tolibon mamlakatning katta hududlarini qisqa vaqt ichida bosib olishini bashorat qila olmagan. Aks holda, Kobuldagi elchixonada, xabar qilinayotganidek, 1400 amerikalik ishini davom ettirmayotgan bo’lardi, allaqachon evakuatsiya qilingan bo’lardi”, - deydi sodiq diplomat Elizabet Trelkeld.

Tolibon hujumlari davom etar ekan, AQSh diplomatik korpusining shoshilinch evakuatsiyasi o’ziga xos signal, deydi Janubiy Osiyo bo’yicha ekspert Maykl Kugelman.

“AQSh diplomatik xodimlarning aksariyatini Afg’onistondan chiqarib olishga harakat qilayotgani nafaqat Afg’onistonning o’zida, balki butun dunyoga kuchli signal. Bu taslim bo’lish bilan barobar. Amerikaning raqiblari buni zaiflik belgisi deb ko’radi”, - deydi Kugelman.

AQSh elchixonasi binolari, Kobul, Afg'oniston, 14-avgust, 2021
AQSh elchixonasi binolari, Kobul, Afg'oniston, 14-avgust, 2021

Boshqalarning qayd etishicha, AQSh doimo diplomatlarini himoya qilish uchun tezkor harakat qilgan.

“Asosiy xulosalardan biri shuki, Qo’shma Shtatlar o’z fuqarolarini, diplomatlarini himoya qiladi. Urush davomida askarlarga yordam bergan tarjimonlarni ham imkon boricha boshqa joylarga ko’chirishyapti. AQSh mamlakatni tark etayotgani shubhasiz. Bir necha kun oldin Prezident Baydendan so’rashganida, ochiq aytdi. Qo’shinlarni olib chiqish bo’yicha qarori o’zgarmaydi”, - deydi siyosatshunos Brayan Katulis.

Baydenning ta’kidlashicha, Afg’onistonda o’nlab yil davom etgan urushni harbiy yo’l bilan hal qilib bo’lmaydi. Mamlakatda minglab amerikalik askarlar halok bo’ldi. Afg’on armiyasini qurollantirish va treningdan o’tkazishga 1 trillion dollardan ortiq mablag’ sarflandi.

May oyidan buyon 250 mingdan ziyod afg’onlar uy-joyini tashlab ketgan, 80 foizi ayollar va bolalar. BMT gumanitar inqiroz haqida ogohlantirmoqda. Qisqa muddatda, deydi tahlilchi Jonatan Shroden, AQShning inson huquqlari himoyachisi degan imijiga ham putur yetadi.

“Albatta, Tolibon butun mamlakatni egallab olishga va o’z rejimini o’rnatishga erishsa, AQShning inson huquqlarining, xususan ayollar huquqlarining global himoyachisi sifatidagi obro’yiga putur yetadi”, - deydi Shroden.

Tolibon uchun keyingi nishon – poytaxt Kobul, deydi ekspertlar. Ular fikricha, bu taxmin qilingan uch oy ichida emas, tez kunlarda ro’y berishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG