AQSh kuchlari Afg’onistonni to’liq tark etishiga bir necha hafta qolar ekan, Vashington minglab harbiylarni Kobulga yo’llamoqda. Otryadlar mamlakatdan chiqish missiyasining so’nggi bosqichida diplomatlar va afg’on ittifoqchilarni himoya qiladi. Bu haqda AQSh Davlat departamenti va Pentagon 12-avgust kuni bayonot berdi.
AQSh treninglaridan o’tgan, Vashington harbiy texnika va qurol yetkazib bergan Afg’oniston kuchlari Tolibon bilan to’qnashuvda ketma-ket mag’lubiyatga uchramoqda. Bir haftadan kam muddatda mamlakatning 34 viloyatining qariyb yarmida poytaxt shaharlar Tolibon qo’liga o’tgan.
3000 Amerika askari Kobulga 24-48 soat ichida yetib borishi kutilmoqda.
Shuningdek, 1000 nafar harbiy Afg’onistondan chiqish missiyasini masofadan muvofiqlashtiruvchi Qatardagi markazga jo’natilmoqda. Ular AQSh kuchlariga xizmat qilgan afg’onlarga maxsus immigratsion viza berishga doir jarayonga ko’maklashadi.
Bundan tashqari, AQShning Quvaytdagi harbiy bazasiga 82-havo desantlar diviziyasining 4 mingga yaqin askarlari yo’llanmoqda. Ular Afg’onistonda favqulodda vaziyat yuz bergan taqdirda, qo’shimcha kuch sifatida rezervda shay turadi.
“Bu Amerikaning chekinishi emas. Evakuatsiya ham emas. Bu Afg’onistondagi AQSh fuqarolari sonini qisqartirish. Ular o’zlarining professional faoliyatini boshqa mamlakatlarda davom ettiradi”, - dedi Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Prays.
Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbining izohlashicha, Afg’onistonda AQSh kuchlarining uch barobarga ko’paytirilishi qisqa fursatda yuzaga kelgan keskinlik sharoitida aqlli qaror.
“Bu tor doiradagi vazifani bajarishga mo’ljallangan qisqa muddatli missiya. Kelgusi bir necha hafta mobaynida muayyan shaxslarning Afg’onistondan xavfsiz chiqib ketishini ta’minlaydi”, - dedi Kirbi AQSh elchixonasi va Hamid Karzay aeroportini himoya qilish yuklatilgan 3000 kishilik qo’shin haqida.
Facebook Forum