Tolibon Afg’oniston bo’ylab hududlarni bosib olar ekan, 90 dan ziyod ommaviy axborot vositalari (OAV) yopilib, jurnalistlar xavfsizligi yuzasidan xavotirlar oshgan. Rasmiylarning aytishicha, yopilishlar asosan Tolibon yetib borgan hududlarda ro’y bergan.
Hilmand viloyati janubida, poytaxt Lashkargohdagi shiddatli janglar tufayli 12 radio va to’rt telekanal eshiklarini yopgan.
“Odamlar uyidan tashqariga chiqa olmayapti. Ehtiyot chora sifatida, janglar biz joylashgan hududga yetib kelishidan ikki kun oldin efirni to’xtatdik”, - deydi Hilmanddagi “Sukon” radiosi asoschisi Sayfatullo Zohidiy.
Zohidiy Kobuldagi “1TV” kanaliga ham muxbirlik qiladi. Uning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, aksar jurnalistlar uydan ishlamoqda.
“Muxbir sifatida jang maydonidan xabarlar uzatishim kerak, lekin buni qila olmayman. Janglar [shaharda] davom etmoqda. Har tomonda o’qlar, raketa va havo hujumlari”, - deydi u.
Zohidiyga ko’ra, janglar radiostansiya ofislariga taxminan 20 ming dollarga teng ziyon yetkazgan.
Hilmandda 15 yildan beri jurnalist bo’lib ishlayotgan Aziz Ahmad Shafining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, bu kasb egalarining harakatlanishi ham cheklangan. Tolibon bilan kelishmasdan viloyatning boshqa tumanlariga safar qilish mumkin emas.
“Toliblar bizga biror joyga bormoqchi bo’lsangiz xabar bering deb aytishdi, – deydi Shafi. – Oy boshida shaharni tark etmoqchi bo’lgan ikki jurnalist ushlangan. Yaxshiyamki, Tolibon bilan bog’langanimizdan keyin qo’yib yuborishdi”.
Toliblar qo’lida yana bir jurnalist bor. “Gargasht TV” xodimi Nematullo Himmat 9-avgust kuni Lashkargohdagi uyidan olib ketilgan. Hamkasblari uni muzokara orqali ozod etish harakatida.
Afg’oniston hukumati ham to’rt jurnalistni propaganda aybi bilan hibsga olgan. Ular Tolibondan intervyu olish uchun Qandahorga safar qilgan. Ichki ishlar vazirligiga ko’ra, ular hududga safar qilmaslik to’g’risidagi ogohlantirishga ko’z yumgan.
Zo’ravonlik
9-avgust kuni radio menejer Tufan Umariy poytaxt Kobulda o’ldirilgan. U Afg’onistonda oxirgi uch oyda halok bo'lgan to’rtinchi jurnalistdir. Hech bir guruh javobgarlikni o’z bo’yniga olgani yo’q, ammo rasmiylar Tolibonni ayblamoqda.
Guruh Umariyning o’limiga izoh bermagan bo’lsa-da, 6-avgust kuni hukumat so’zlovchisi Dava Xon Menapalni juma namozi paytida o’ldirganini tan olgan. Menapal ilgari “Ozodlik” radiosining Afg’on xizmatida ishlab, jasorati uchun mukofotlangan.
Tolibon harakati hukumat nazoratidagi hududlarga hujumlarni kuchaytirib, hozirgacha 12 viloyat markazini bosib olgani ma’lum.
Afg’oniston Axborot va madaniyat vaziri muovini Shivay Sharqning aytishicha, 46 jurnalist jang va tahdidlar tufayli Kobulga ko’chib o’tgan. Hukumat yana 10 viloyatdan jurnalistlarni ko’chirmoqchi.
“Ularning Kobulga ko’chib o’tishiga yordamlashyapmiz, jumladan moliyaviy jihatdan. Bu ishni jurnalistlar va OAVni qo’llab-quvvatlash jamg’armasi orqali amalga oshiryapmiz”, - deydi Sharq.
Vazirlik bergan ma’lumotga ko’ra, media sohasida ishlagan 1000 dan ziyod odam, jumladan 150 ayol, zo’ravonlik tufayli ishidan ayrilgan.
“Nay” OAVni himoya qilish guruhi rahbari Mujib Xalvatgarga ko'ra, Afg’oniston mediasi xavfli davrni boshdan kechiryapti va “oxirgi 20 yilning asosiy yutuqlaridan biri boy berilishi mumkin”.
“Jurnalistlarimiz tahdidlarga duch kelmoqda. OAV yopilyapti. Moliyaviy ahvol og’ir, ma’lumot olish cheklangan”, - deydi Xalvatgar.
AQSh va Britaniyadagi media tashkilotlar afg’on jurnaslitlarni himoya qilishga, ba’zilarini xorijga ko’chirish uchun shoshilinch choralar ko’rishga chaqirmoqda.
“Tolibon mamlakatning katta hududlarini nazorat qilishi mustaqil jurnalistlar va mediaga misli ko’rilmagan darajada xavf soladi”, - deydi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti.
“Jurnalistlar – betaraf shaxslar. Tolibondan urush qoidalariga rioya qilishni, rahbarlari bergan va’dalarga rioya qilishini so’raymiz”, - deydi Mujib Xalvatgar.
Facebook Forum