Breaking News

Tolibon: Hokimiyatni to'liq egallash niyatimiz yo'q


Tolibon delegatsiyasi Qatar poytaxti Doxada, 2021-yil, 18-iyul
Tolibon delegatsiyasi Qatar poytaxti Doxada, 2021-yil, 18-iyul

Tolibon Afg’onistonda hokimiyatni butunlay egallab olish niyatida emasligini, lekin ayni paytda Ashraf G’ani prezidentlikdan ketib, o’zaro muzokaralar asosida yangi hukumat shakllantirilmaguncha mamlakatda tinchlik bo’lmasligini e’lon qildi.

“AP” axborot agentligi bilan suhbatda guruh so’zlovchisi Suhayl Shahin Tolibonning kelgusi rejalari haqida gapirib berdi.

AQSh va xalqaro koalitsiya kuchlari Afg’onistonni tark etar ekan, so’nggi haftalarda isyonchi guruh mamlakatning ko’plab hududlarini o’z nazoratiga oldi.

AQSh va NATO kuchlarining 95 foizdan ortig’i allaqachon mamlakatni tark etgan. 31-avgustgacha qolgan askarlar ham chiqib ketadi.

Shahinning aytishicha, G’ani hukumati ketib, Kobulda barcha tomonlar uchu maqbul yangi hukumat o’rnatilsa, Tolibon qurolli qarshilikni to’xtatadi.

“Biz hokimiyat monopoliyasiga ishonmaymiz, chunki o’tmishda Afg’onistonda hukumatni to’liq monopoliya qilishga uringanlar muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Biz bu narsani takrorlamoqchi emasmiz”, - dedi Tolibon so’zlovchisi.

Shahinga ko’ra, G’ani hech qanday shartlarsiz hukumatni tark etishi kerak. Chunki u zo’ravonlik tarafdori; Qurbon hayiti munosabati bilan qilgan nutqida Tolibonga qarshi hujumlarni kuchaytirishga va’da berdi, deydi Tolibon vakili.

Prezident Ashraf G’ani saylov orqali yangi hukumat kelmaguncha hokimiyatdan ketmasligini aytadi.

O’tgan hafta hukumatning 2-raqamli rasmiysi Abdulla Abdulla Tolibon yetakchilari bilan muzokara qilish uchun Qatar poytaxti Doxaga bordi.

Uchrashuvda tomonlar muzokaralarni davom ettirish va tinch aholi hamda infratuzilma obyektlariga hujum qilmaslik bo’yicha kelishib olgan.

Shahin muzokaralar boshlanganini ijobiy baholadi, ammo yangi hukumat tuzilmaguncha Tolibondan hujumlarni to’xtatishni talab qilish xuddi guruhdan qurollarini topshirib, taslim bo’lishni so’rashdek gap ekanini aytdi.

“Bizga va boshqa afg’onlarga maqbul bo’lgan yangi hukumat tuzilmaguncha hujumlar to’xtamaydi”, - dedi Suhayl Shahin.

Yana uning qo’shimcha qilishicha, yangi hukumat tuzilgandan keyin ayollarning ishlashiga, o’qishiga va siyosatda qatnashishiga ruxsat beriladi, faqat boshiga ro’mol o’rashi talab qilinadi.

Tolibon so’zlovchisi ayollar huquqlari tortib olinmasligini da’vo qilsa-da, guruh egallab olgan tumanlarda ayollarga keskin cheklovlar joriy qilingani, hatto maktablarga o’t qo’yilgani haqida xabarlar bor.

Bir videoda shimoliy Afg’onistonda asir tushgan qo’mondonlar Tolibon tomonidan qatl etilgani aks etgan.

Shahinning aytishicha, bu kabi holatlar ba’zi Tolibon qo’mondonlarining o’zboshimcha qarorlari oqibatida yuz bergan va ular harbiy tribunal orqali jazoga tortilgan.

Shahin, shuningdek, guruh Kobulga harbiy yurish qilish niyatida emasligini hamda shu paytgacha viloyat markazlarini ham egallashdan tiyilib kelganini aytdi.

Agar xohlasak, bunga qodirmiz, buning uchun kerakli qurol-aslahalarimiz bor, deya qo’shimcha qildi u.

So’nggi haftalarda ko’plab tumanlarning Tolibonga o’tgani va markaziy hukumat kuchlari guruhga jiddiy qarshilik ko’rsata olmagani oqibatida ko’plab mahalliy yetakchilar o’z kuchlarini yig’ib, mustaqil tarzda Tolibonga qarshi kurash olib borishga hozirlanmoqda. Bu esa mamlakatda yana fuqarolar urushi va yangi zo’ravonliklar boshlanishi yuzasidan xavotirlarni oshirgan.

Shahin jurnalistlar, fuqarolik jamiyati vakillarining Tolibon tomonidan nishonga olinayotganini ham rad etdi.

Unga ko’ra, jurnalistlar, hatto G’arb ommaviy axborot vositalari uchun ishlasa ham, Tolibondan va kelgusidagi hukumatdan qo’rqmasligi kerak.

Biz ularga qarshi hech qanday tahdid xatlarini jo’natmaganmiz yoki hujum qilmaganmiz, dedi Shahin.

So’nggi oylarda mamlakatda bir qator jurnalistlar va faollarga qarshi xurujlar amalga oshirilgan. Ularning ba’zilari uchun mas’uliyatni IShIDning mintaqadagi tarmog’i o’z zimmasiga olgan, ammo Afg’oniston hukumati qotilliklarning aksariyatida Tolibonni ayblaydi.

Xalqaro hayot - 23-iyul, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:12 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG