Tolibon guruhi shimoliy viloyatlar markazlariga yaqinlashmoqda. Faryob, Saripul, Juzjon, Balx, Taxor, Qunduzda hukumat nazoratidagi hududlar kun o’tishi bilan qisqarmoqda.
Guruh jangarilari yaqinda Juzjon viloyatining Shibirg’on shahriga kirishga uringan. Hujum zudlik bilan ortga surilgan. Hozir toliblar shahardan uch kilometr narida joylashib olgan. 18-iyul kuni toliblarga qarshi operatsiya o’tkazilganiga qaramay ular hududlarni tark etmagan.
Juzjon viloyati rasmiylari so’nggi janglarda qariyb 100 nafar tolib halok bo’lganini iddao qiladi.
Shibirg’ondagi so’nggi to’qnashuvlarda Tolibonning “Naqib Jinni” ismi bilan tanilgan muhim qo’mondoni og’ir jarohat olgan. Hukumat uning o’lganini iddao qilar ekan, guruh Qari Naqibullahning yaralanganini tasdiqlamoqda.
“Naqib Jinni toliblarning faol qo’mondonlaridan edi. U barcha janglarda qatnashar edi. Og’ir zarba berildi. Ko’plab toliblar halok bo’ldi. Bir nechasi yaralandi”, - deydi Juzjon politsiyasi boshlig’i G’ulom Jayloniy Abubakr.
Politsiya boshlig’i bir necha viloyat toliblari Shibirg’ondagi janglarda qatnashayotganini aytadi.
Shaharga uch nuqtadan hujum uyushtirilgan. Tarixiy Chig’chiy qal’asi atrofidagi harbiylar ham nishonga olingan. Shibirg’onning sharqiy qismidagi ushbu qal’adan so’nggi 40 yillik urushlarda harbiy markaz o’laroq foydalanilgan. Qal’a atrofida qishloqlar joylashgan.
“Biz shahardan 25 kilometr masofadamiz. Toliblar Chig’chiy qishlog’ida joylashgan. Jangda bir-ikki nafari halok bo’lgan. Toliblarga shaharga kirishga ruxsat bermaymiz”, - deydi Azizullah ismli politsiya qo’mondoni.
“Bu yigitlar faqat or-nomus uchun qurol ko’targan”, - deydi Abdul Bashir ismli harbiy.
Armiya qo’mondoni Abbos Qote deydiki: “Chechen, tojik va pokistonlik janglarilar ham bor. Urushni boshqarayotganlar shular”.
To’qnashuvlar natijasida tinch aholiga katta zarar yetmoqda. Uy-joyini tark etayotganlar soni oshmoqda.
“Toliblar o’zlarini afg’on deyishadi. Agar ular afg’on bo’lsa, xalqqa aziyat qilmasin. Muzokara orqali masalani hal qilib, afg’onligini isbotlasin”, - deydi shibirg’onlik Sayid Fo’lat.
“Agar toliblar haq istasa, boshliqlari kattalarimiz bilan o’tirib, gaplashib haq so’rasin. Bunday qilib bizning ustimizga hujum qilishga haqli emas. Agar bizga hujum qilishsa, o’zimizni himoya qilishga majburmiz”, - deydi Hamroh ismli sobiq harbiy.
Shibirg’ondagi janglarda davlat harbiylari yonida “Milliy Junbish” partiyasi a’zolari ham qatnashmoqda. Shuningdek, mahalla yashovchilari ham toliblarga qarshi qurollangan.
Facebook Forum