Tolibon Afg’onistonda tobora kattaroq hududlarni egallab olishiga qaramasdan Yevropaning qator davlatlari boshpana arizasi rad etilgan afg’onlarni deportatsiya qilishda davom etishini bildirmoqda.
Yevropa Ittifoqi rasmiylarining jurnalistlar bilan brifingda aytishicha, Afg’onistonda urush davom etayotgan bir mahalda ittifoq a’zolari bunday yo’l tutishi aqlga sig’maydi. Biroq nima qilish har bir davlatning o’ziga havola, deydi ular.
Yakuniy qarorni kim qabul qiladi, Yevropa Komissiyasimi yoki a’zo davlatlar? Hozircha javob yo’q.
“[Afg’onistondagi] holatni hisobga olsak, majburiy deportatsiyalarni davom ettirishimizni tasavvur qilish qiyin”, - deydi Yevropa rasmiylaridan biri. Buning ustiga, qit’a afg’on muhojirlari to’lqini bilan yuzlashayotgani yo’q.
Ittifoqning olti a’zosi Yevropa Komissiyasiga yo’llagan maktubga ko’ra, deportatsiyalarni to’xtatish migratsiya kuchayishiga, “Afg’oniston fuqarolarini o’z vatanini tark etib, Yevropa tomon yo’l olishiga olib keladi”.
Maktubni Germaniya, Avstriya, Daniya, Belgiya, Gollandiya va Gretsiya imzolagan.
“Afg’onistonga ham ixtiyoriy, ham majburiy deportatsiyalarni davom ettirish zarurligini ta’kidlamoqchimiz. Buni to’xtatish noto’g’ri signal bo’ladi”, deyiladi ichki ishlar vazirlari maktubida.
Germaniya va Gollandiya tanqidlar keyidan bugun qarorini o'zgartirgan.
Joriy yilda Yevropa Ittifoqidan taxminan 1200 kishi Afg’onistonga qaytarilgan. 1000 nafari o’z xohishi bilan, 200 nafari esa majburan, deydi rasmiylar. O’tgan oy Afg’oniston hukumati Tolibonga qarshi kurash ketayotganini qayd etib, Yevropadan deportatsiyalarni to’xtatishni so’ragan.
Yaqinda Inson huquqlari bo’yicha Yevropa sudi Avstriyaga boshpana istagan bir afg’onni avgust oxirigacha vataniga qaytarmaslikni buyurdi. Avstriya Sloveniya va Vengriya bilan chegarada askarlari sonini 40 foizga oshirmoqchi.
Yevropa rahbarlari yana bir migratsion inqirozdan xavotirda ekan, boshpana izlayotganlarning yo’lini to’sish uchun Turkiya bilan yangi kelishuv ustida muzokara qilmoqda.
2016-yilgi kelishuv doirasida Yevropa Ittifoqi migrantlarni to’xtatish, Turkiyadagi qochqinlar sharoitini yaxshilash va qonuniy migratsiyani dastaklovchi dasturlar uchun Anqaraga milliardlab dollar to’lagan. Gap ana shu kelishuvni yangilash ustida ketmoqda.
Hozirda har kuni taxminan 2000 afg’on Turkiyaga kirib kelmoqda. Tolibon hujumlari davom etayotgani bois bu raqam keskin oshishi kutilyapti.
2015-yilda qariyb million qochqinni qabul qilgan Germaniya afg’onlarga eshigini ochadimi deb so’ralganda, mamlakat kansleri Angela Merkel “hammani qabul qilish orqali bu muammolarni yecha olmaymiz”, deya javob berdi.
Merkel odamlar o’z mamlakatida imkon boricha tinch yashashi uchun siyosiy muzokaraga chaqirdi.
Xalqaro migratsiya tashkiloti rahbari Antonio Vitorino Afg’onistonda vaziyat tobora izdan chiqayotgani, buning boshpanasiz insonlar hayotiga ta’siri yuzasidan chuqur xavotir bildirmoqda. Mamlakatda besh million afg’on uy-joyini tark etgan, deydi u.
Gretsiya hukumatining bildirishicha, boshpana izlab kelayotganlarning katta qismi afg’onlardir.
Yevropa Komissiyasi so’zlovchisi Adalbert Yants deydiki, har bir a’zo davlat “qonun ustuvorligi va fundamental huquqlarni hisobga olgan holda, muayyan sharoitdan kelib chiqib deportatsiya borasida o’zi qaror qilishi lozim”.
“Yevropa Ittifoqida bu jarayonlarni tartibga soladigan mexanizm yo’q”, - deydi u.
Tanqidchilar Bryusselni migratsiya masalasida ikkiyuzlamachilikda ayblamoqda. O’tgan hafta, deydi ular, komissiya London va Parij o’rtasidagi ikki tomonlama kelishuvni buzishga urindi. Agar hujjat kuchga kirsa, Fransiya o’z hududidan kichik qayiqlarda Britaniyaga o’tmoqchi bo’lgan migrantlarni qaytarib olishga rozi bo’lardi.
Lekin Yevropa Ittifoqi e’tiroz bildirib, migratsiya bilan bog’liq kelishuvlarni tartibga solish a’zo davlatlar emas, ittifoq vakolatida ekanini bildirgan.
Facebook Forum