Yevropa mamlakatlariga kelayotgan va intilayotgan migrantlar soni oshgan, ammo tizimlar bunga tayyor emas va aniq bir siyosat belgilanmagan.
BMT qoshidagi Xalqaro Migratsiya Tashkilotiga ko'ra, Liviya sohillaridan uzoq bo'lmagan joyda kamida 57 odam yaroqsiz kemada cho'kib ketgan.
Hukumatlar nimadir qilishi kerak, deya ogohlantiqmoqda tashkilot. O'lganlarning 20 nafari ayol, ikkisi go'dak bo'lgan.
Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlaridan migrantlarning asosiy qismi Liviya orqali keladi. Yevropa hukumatlari kelgindilarga qarshi chora sifatida Liviya organlari bilan hamkorlik qiladi. Suvlarda tutilgan odamlar orqaga qaytariladi. BMT Qochqinlar agentligiga ko'ra, o'tgan olti oyda 13 ming odam qo'lga tushgan, Yevropaga borishiga yo'l qo'yilmagan.
Fransiya orqali Britaniyaga 8 ming 452 kishi borgan. 19-iyul kuni 430 odam boshpana so'rab murojaat qilgan. Bir kunda bu qadar ko'p qochqin kuzatilmagan edi, deydi rasmiylar.
Ruxsatsiz mamlakatga kirish jinoyat hisoblanishi kerak, degan chaqiriqlar ostida yangi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unga ko'ra, chetdan noqonuniy kelgan har kimsa 4 yilgacha qamalishi mumkin.
Odam savdogarlariga jazo kuchaytirilmoqda. Ular hozirda 14 yilgacha qamalishi mumkin. Yangi qonun kuchga kirsa, bunday jinoyatlarda aybdor deb topilganlar bir umrlik qamoq bilan ham yuzlashadi. Britaniya Ichki ishlar vazirasi Priti Patel deydiki, mamlakatning "buzuq immigratsion tizimini" tuzatish kerak.
London Parijga migrantlar sonini kamaytirish uchun 70 milion dollardan ziyod mablag' uzatadi. Buning evaziga Fransiya chegaralarda posbonlarni ko'paytiradi va kelgindilarga qarshi qattiqroq kurashadi.
Siyosiy boshpana so'rayotganlar pandemiya sabab ozaygan, ammo vaziyat yaxshilangani sari ular yana ko'payishi mumkin.
Venada asoslangan Migratsiya markazi rahbari Maykl Spindeleggerning aytishicha, koronavirus oqimni susaytirdi, lekin undan keyingi dunyoda vatanni tark etayotganlar ko'proq bo'ladi.
Yevropa Ittifoqining Chegara va sohil himoyasi agentligi Frontex bergan ma'lumotlarga ko'ra, 2021-yilning birinchi yarmida 61 ming kishi blok hududlariga noqonuniy kirgan. Bu o'tgan yildagidan 59 foiz yuqori. Asosan Liviya va Tunis orqali, deydi rasmiylar, odam savdogarlari aynan shu mamlakatlarda yana faollashgan. Ular Yevropaga intilayotganlardan pul olib, ularni manzilga eltib qo'yishni va'da qiladi va xavfli yo'llardan boradi.
Yevropa Ittifoqi noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashda Turkiyaga tayanadi. Anqara buning uchun Bryusseldan 8 milliard dollar oladi. Yaqinda yangilangan kelishuvga ko'ra, qo'shimcha 700 million dollar ham uzatiladi. Buning evaziga migrantlar bilan shug'ullanishda insonparvarlikka e'tibor oshishi kerak.
Nohukumat tashkilotlar katta sondagi migrantlarni yoppasiga qaytarish, majburan xavfli tizimlar qo'liga topshirish va noinsoniy munosabatdan nolib keladi.
Italiya, Gretsiya, Serbiya, Bosniya va Gertsegovina, Shimoliy Makedoniya va Vengriyada migrantlarning huquqlari qo'pol ravishda buzilgan, deya qayd etadi Daniyada qochqinlar masalasi bilan mashg'ul kengash. Boshpana so'raganlarni jazolash, zo'ravonlik, o'g'riik - bu jinoyatlar politsiya va huquq-tartibot xodimlari ko'zi ostida yoki ular tomonidan amalga oshirilgan.
Facebook Forum