Breaking News

AQSh: COVID tufayli tezlashtirilgan deportatsiyalar davom etadi


AQSh-Meksika chegarasi
AQSh-Meksika chegarasi

Bayden ma’muriyati migrantlar va boshpana izlab kelganlarni tezlashtirilgan tartibda AQShdan chiqarib yuborish siyosatini davom ettirishga qaror qildi. Ilk bor Tramp davrida joriy etilgan ushbu qoidalar tiklanishi koronavirusning “Delta” turi keng tarqalayotgani hamda chegarani kesib o’tayotganlar keskin oshgani bilan bog’liq.

Agar AQSh immigratsiya xizmati xodimlari migrantning boshpana olish da’vosini asossiz deb topsa, u darhol deportatsiya ro’yxatiga tushadi, ish immigratsiya sudida ko’rib chiqilmaydi. AQSh chegarasini yakka kesib o’tayotgan bolalarga bu qoidalar taalluqli emas.

AQSh rasmiylariga ko’ra, chegarani noqonuniy kesib o’tish holatlari so’nggi 20 yildagi eng yuqori nuqtaga yetgan. Qayd etilishicha, ko’plab migrantlar AQShga takor kirishga urinishi sababli raqamlar o’sib bormoqda.

Tezlashtirilgan deportatsiya nima?

Bu jarayon immigratsiya xodimlariga fuqaro bo’lmagan ayrim shaxslarni AQShdan tez va samarali tarzda chiqarib yuborish huquqini beradi. Ularning ishi immigratsion sudda ko’rilmaydi.

Qo’shma Shtatlarga noqonuniy yo’l bir kirgan, mamlakatda kamida ikki yil bo’lganligini isbotlay olmaydigan, gumanitar yordam olish huquqiga ega bo’lmagan migrantlar tezlashtirilgan deportatsiyaga uchrashi mumkin.

Qoida firibgarlikka qo’l urgan immigrantlarga nisbatan ham qo'llanadi.

Undan pandemiya paytida Tramp ma’muriyati ham, Bayden ma’muriyati ham keng foydalangan. Deportatsiyalarga sog’liqni saqlash to’g’risidagi qonunning 42-moddasi asos qilib olingan. Qonun hukumatga “yuqumli kasalliklar kirib kelishini" to’xtatish uchun shoshilinch choralar ko’rish imkoniyatini beradi.

Immigratsiya bo’yicha faollar bundan norozi va hukumatni sudga bergan.

Bu yangi jarayonmi?

Yo’q. Kongress shoshilinch deportatsiyalar to’g’risida 1996-yilda qonun qabul qilgan, 2004-yilga borib federal hukumat undan keng foydalana boshlagan.

So’nggi 17 yil mobaynida immigratsiya xizmati AQSh-Kanada va AQSh-Meksika chegarasida immigrantlarni shu qonun asosida deportatsiya qilgan.

“Tezlashtirilgan deportatsiya - AQShda bo’lish huquqiga ega bo’lmagan oilalarni qonuniy asosda, tezlikda chiqarib yuborish tartibidir. Kirish yo’llarini chetlab o’tgan holda mamlakatga kirishga urinish yoki kirish punktlarida tekshiruvni chetlab o’tish – AQShga kelishning noto’g’ri yo’lidir”, - deyiladi Ichki xavfsizlik vazirligi bayonotida.

Ular qonuniy ravishda qaytib kela oladimi?

Immigratsiya qonuniga ko’ra, tezlashtirilgan tartibda deportatsiya qilingan shaxs 5 yil mobaynida AQShga qo’yilmaydi. Bu haqda xabar berilganidan keyin ham immigrant noqonuniy ravishda kirishga harakat qilsa, kamida 10 yilga bloklanadi. Ba’zi hollarda esa bir umrga.

Tezlashtirilgan va oddiy deportatsiya orasida qanday farq bor?

Migrantni zudlik bilan chiqarib yuborish ham deportatsiyaning bir turidir, ammo alohida qonun asosida amalga oshiriladi. Bunda immigratsiya xizmati xodimi, agar istasa, shaxsni bir necha soat ichida mamlakatdan chiqarib yuborishi mumkin.

Oddiy deportatsiya jarayonida esa AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati fuqaroligi bo’lmagan shaxsni deportatsiya bo’lishi haqida xabardor qiladi. Jarayon boshlangach, bu shaxs advokat yordamida ishi immigratsiya sudida ko’rib chiqilishini so’rashi mumkin. Yakuniy qarorni sudya beradi.

Bayden ma’muriyati shoshilinch deportatsiya tartibidan foydalanayotgani qanday aks-sado berdi?

AQSh rasmiylari qarorni zaruriyat deya himoya qilsa-da, immigratsiya bo’yicha faollar hukumatni inson huquqlari bo’yicha majrubiyatlarini oyoq osti qilayotganlikda ayblamoqda.

“Tezlashtirilgan deportatsiya hech qanday sharoitda qo’llanmasligi kerak. Xato qilish xavfi yuqori. Agar ma’muriyat bu eski qonun-qoidalardan foydalanishda davom etsa, himoya mexanizmlarini ham yo’lga qo’yish lozim. So’nggi e’londa bu haqda biror gap yo’q”, - deydi huquqshunos Greysi Villis.

Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki deydiki:

“42-modda AQShga yuqumli kasalliklarning kirib kelishiga yo’l qo’ymaslikka asoslangan”.

Psakining aytishicha, virus tahdidi hamon davom etayotgani sababli shoshilinch deportatsiya chorasi bekor qilinmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG