Los-Anjeles shahridagi nodavlat tashkilot hujjatsiz muhojirlarga yordam qo’lini cho’zmoqda. Muhtojlarga oziq-ovqat ulashib kelgan restoranlar pandemiya davrida o’z ishini to’xtatgach, davlatdan yordam olish imkoniyatiga ega bo’lmagan odamlar uchun bunday ko’mak ayni muddao bo’ldi.
Pandemiya tufayli ishini yo’qotgan noqonuniy muhojirlar inqirozdan eson-omon chiqish uchun saxovatpesha insonlar ko’magiga tayanmoqda.
“Hayotim umidsizlik va qo’rquvga to’la. Erim ikkita ishini boy berdi. Hukumat yordami esa bizga berilmaydi”, - deydi hujjatsiz muhojir ayol.
Mersed Kaliforniyaga Meksikadan 20 yil oldin kelgan. Lekin uning va erining AQShda qonuniy yashash va ishlash uchun hujjati yo’q.
Mersed pandemiyadan oldin ko’chada savdo qilgan. Hozir ishsiz.
Damian Diaz va Oson Nolasko Mersed kabi odamlarga yordam bermoqda. Bu ikki yigit 2020-yil mart oyida Los-Anjeles shahrida “Sizsiz biz ham yo’qmiz” deb nomlangan notijorat xayriya tashkilotiga asos soldi.
“O’rtaga pul tashlab, boshida o’z mablag’imiz bilan 10 oilaga yordam berishni boshladik. Keyin loyihamiz juda tez kengayib ketdi. Bugun har hafta 1600 oilaga ko’mak ko’rsatyapmiz”, - deydi Damian Diaz.
“Pyu” tadqiqot markaziga ko’ra, barcha restoran ishchilarining 10 foizdan ortig’ini hujjatsiz muhojirlar tashkil etadi. Ularning ko’pi soliq to’laydi, lekin davlatdan hech qanday yordam olmaydi.
Diazga ko’ra, bu adolatdan emas. Ammo mamlakatda noqonuniy yashayotganlarning fuqarolar kabi ko’mak olishini yoqlamaydiganlar ham ko’p.
“Ovoz berayotgan, lekin ishsiz, yeguligi yo’q, ijara va boshqa to’lovlarini to’lay olmayotgan odamlarimiz yetarli darajada bor. Ular turganda, nega yurtimizni egallab olayotganlarga yordam berishimiz kerak? Buni to’xtatish zarur”, - deydi Agnes Jiboni ismli siyosatchi.
AQShda 11 million odam hujjatsiz ekani aytiladi. Ularning ko’pi amerikaliklar ishlashni xohlamaydigan sohalarda mehnat qiladi.
“Biz jinoyatchi emasmiz, qotillar ham emasmiz. Biz ish istab keldik. Bu mamlakatga yaxshiroq hayot qidirib kelganmiz”, - deydi Mersed.
Mersed o’z tashakkurini izhor qilish uchun ko’ngillilarga issiq ovqat olib keladi. “Sizsiz biz ham yo’qmiz” tashkiloti hozir har oy yetti ming odamga ko’mak bermoqda.
Facebook Forum