AQSh qonunchilari Meksika chegarasida yolg’iz migrant bolalar soni keskin oshayotganidan xavotirda. Bu yerga o’rnatilgan chodirlarda kamida 40 bola saqlanmoqda. So’nggi haftalarda AQSh chegarasini kesib o’tayotgan voyaga yetmaganlar soni 4200 dan oshgan.
“Tramp ma’muriyati davridagidek, biz ularni haydamadik. Ularni qabul qilib, otasi yoki onasining qo’liga topshirguncha, sog’liqni saqlash xizmatlari qaramog’iga berdik”, - dedi Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas.
Migrantlar sonining keskin oshishi Bayden ma’muriyati muhojirlar uchun ochiq bo’ladi, degan qarash natijasi bo’lishi mumkin. Federal Favqulodda holatlar boshqaruvi agentligi ham yordam qo’lini cho’zmoqda.
“Bu choralar so’nggi yechim emas, lekin arizalarni ko’rib chiqish jarayonini tezlashtiradi. Chegarani kesib o’tayotganlar tibbiy xizmatga ega bo’lishini ta’minlayapmiz. Raqamlar juda katta, bu jiddiy sinov”, - dedi Oq uy so’zlovchisi Jen Psaki.
Chegaraga tashrif buyurgan respublikachilarga ko’ra, Bayden muammoni yanada og’irlashtirdi. Ba’zilarga ko’ra, hozir hatto terrorchilar ham chegaradan o’tishi mumkin.
“Bu davlatning sog’ligi, amerikaliklar va chegaramizning xavfsizligi prezidentning ishi”, - dedi Vakillar palatasidagi respublikachilar sardori Kevin Makkarti.
Immigratsiya muammosi uchun doimiy yechim topish oson emas.
Vakillar palatasi shu hafta bolaligida AQShga hujjatsiz kelib qolganlarga fuqarolik sari yo’l ochadigan qonun loyihasini qabul qildi. Bayden ma’muriyati Amerikadagi 11 million hujjatsiz muhojirga qonuniy maqom berish tarafdori.
“Bu yo’l tizimimizni isloh qiladi, jamiyatimizdagi mehnatkashlarga fuqarolik sari yo’l ochadi; oilalarni birlashtirib, qonuniy immigratsiya uchun imkoniyatlarni oshiradi”, - dedi demokrat senator Bob Menendez.
Ammo keng qamrovli bu rejaning Senatdan o’tishi dargumon. Respublikachilarga ko’ra, qonunni buzganlarga amnistiya berilmaydi.
“Loyihada o’tishi mumkin bo’lgan ba’zi masalalar bor. Yoshligida ota-onasi bilan kelgan hujjatsiz bolalarga qonuniy maqom berish shulardan biri. Ammo chegara xavfsizligi, AQShda uzoq muddat noqonuniy yurganlarga fuqarolik berish masalalari ancha bahsli”, - deydi ekspert Norm Ornsteyn.
Immigratsiyaga oid keyingi qonunlar aprelda ovozga qo’yilishi mumkin.
Facebook Forum