Kongressda demokratlar immigratsiya bo’yicha keng qamrovli qonun loyihasini taqdim etdi. Unda, jumladan, AQShdagi 11 million hujjatsiz muhojir uchun fuqarolikka yo’l ochish, boshpana izlab kelganlarning arizalarini ko’rib chiqish belgilangan.
Sobiq prezident Donald Trampning qarorlari bekor qilingach, AQShdan boshpana so’rab, Meksikada bir necha oy yoki yil kutganlar Amerikaga qayta kiritila boshladi. Ularning ishlari endi immigratsion sudlarda ko’rib chiqiladi.
“Orzuimiz amalga oshayotganidan juda xursandmiz”, - deydi gonduraslik migrant Nikol Bueso.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi immigratsion sudlarga ko’proq resurs ajratish, chegara nazoratini texnologiyalar orqali kuchaytirish, ishchi vizalarni ko’paytirish, qonunlar matnida “ajnabiy” so’zi o’rniga “fuqaroligi bo’lmagan shaxs” degan atamani kiritish, millionlab odamga fuqarolikka yo’l o’chishni ko’zlaydi.
“Loyiha qadriyatlarimizni aks ettiradi, iqtisodiy jihatdan ham foydali. Muhojirlar AQShga orzu-umidlar bilan, o’zlari va oilalari uchun yorqin kelajak qurish uchun optimizmga to’lib kelishadi. Bu amerikaliklarga ham xos fazilatlar”, - deydi demokratlar lideri Nensi Pelosi.
Tramp davrida joriy etilgan immigratsion cheklovlar bekor qilinmoqda. Lekin respublikachi senatorlar takliflarni yoqlamasligi tayin.
“Radikal ruhdagi bu qonun loyihasi noqonuniy immigratsiyaning yana bir to’lqiniga sabab bo’ladi. Hukumat go’yoki bu jarayonda ishtirok etayotgandek. Shuningdek, odamlarni vataniga qaytarish uchun asos qolmaydi. AQShda noqonuniy immigrantlar ko’payishi ustiga deportatsiyalar ham kamayadi”, - deydi konservativ “Heritage” markazi tahlilchisi Lora Ries.
Qonun loyihasi Prezident Bayden birinchi ish kunida belgilagan prioritetlarni aks ettiradi.
Ammo unga qarshilik sabab loyiha bir necha qismga bo’lib tashlanishi ehtimoli bor. Pandemiya paytida muhim hisoblangan sanoatlar, xususan, oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi sohasida ishlaydigan muhojirlar hamda AQShga bolaligiga olib kelinganlar masalasida alohida ovoz berilishi mumkin.
Oq uy so’zlovchisi Jen Psaki murosa kerakligini tan olib, immigratsiya tizimi keng qamrovli islohotga muhtoj ekanini ham urg’ulaydi.
“Prezident mana shu masalalarning hammasi qonun loyihasiga kiritilishini taklif etgan edi. Shuning uchun ham u keng qamrovli”, - deydi u.
Immigratsiya siyosatida, deydi rasmiylar, gumanitar omillar hisobga olinadi. Biroq pandemiya sababli chegaradagi cheklovlar hozircha bekor qilinmaydi.
“Chegaradagi vaziyatni qayta ko’rib chiqib, masalaga muhojirlarni kiritmaslikka mo’ljallangan siyosiy nuqtai nazar bilan emas, ilmiy yondashuv bilan qarash lozim. Umid qilamizki, cheklovlar yumshatiladi, chunki tibbiy ekspertlar ularga hojat yo’q deyishyapti. Boshpana so’rab kelganlarning ishini ko’rish davom etishi kerak”, - deydi Amerika immgratsiya kengashidan huquqshunos Aron Melnik.
AQSh, shuningdek, qochqinlarni qabul qilish dasturlari yaqin orada to’liq tiklanishini ham e’lon qilgan.
“Yangi moliyaviy yilda 125 minggacha qochqin qabul qilinadi”, - deydi Prezident Bayden.
Kongressda demokratlar ko’pchilik ekan, Bayden immigratsiya islohoti bo’yicha bergan va’dalarini bajarishga kirishmoqda.
Facebook Forum