Breaking News

Nyu-York millionlab dollar ko’makdan quruq qolishi mumkin


Nyu-York aholisi to’g’ri sanaldimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:03 0:00

Nyu-York aholisi 2020-yilning martida, koronavirusning dastlabki kunlarida ro’yxatga olingan edi. Natijada, deydi ekspertlar, ko’pchilik anketani to’ldirmagan. Hisob-kitob noto’g’ri bo’lishi shaharga qimmatga tushishi mumkin.

Kongress tahlilnomasiga ko’ra, shahar aholisi atigi 1 foizga kamaytirib ko’rsatilsa, maktablar 7,3 million dollardan quruq qoladi. Federal hukumatdan shtatlarga taqsimlanadigan 1,5 trillion dollar yordam haqida gap ketmoqda.

2020-yilda koronavirus sababli odamlar katta sonda shaharni tark etdi, boshqa joylarga ko’chdi. Ro’yxatga olish jarayonida ko’pchilik hatto onlayn qatnashmadi.

“Deyarli butun yilni Nyu-Yorkdan tashqarida, boshqa uyida o’tkazganlar so’rovnomaga javob berishni unutmadimi? Pandemiyani o’tkazib olish uchun vaqtinchalik boshqa shtatda yashayotgan nyu-yorkliklarchi?”, - deydi Nyu-York Yuridik maktabi professori Jeffri Vays.

Aholini ro’yxatga olish byurosi xodimlari o’tgan yoz taqillatib kelganda ham ko’pchilik pandemiya sabab eshigini ochmagan.

Melva Miller - Nyu-Yorkni taraqqiy ettirish uyushmasini boshqaradi. Uning tashkiloti o’tgan yili shahar markazida tadbirlar o’tkazib, aholini ro’yxatga olishda qatnashish nima uchun muhimligini tushuntirishga harakat qilgan edi.

“So’rov natijasiga qarab federal hukumatdan shtatlarga milliardlab dollar mablag’ ajratiladi. Kongressdagi vakillar soni ham shunga qarab taqsimlanadi. Qisqasi, aholi sonini bilish jamoangiz uchun pul, vakolat va iqtisodiy barqarorlik degani. Kongressdagi o’rinlar haqida gap ketganda, Vakillar palatasida har bir shtatdan nechta kongressmen bo’lishi, Saylovchilar kollegiyasi qanday ishlashi – bular hammasi aholini ro’yxatga olish jarayoni bilan bog’liq. Fuqarolar buni tushunib olishi kerak”, - deydi u.

Boshqa shtatlar bilan taqqoslaganda Nyu-Yorkda so’rovda ishtirok darajasi nisbatan yuqori – 61 foiz. Lekin, deydi ekspertlar, to’liq demografik vaziyatni o’rganish uchun bu yetarli emas.

“Ko’pchilik hukumatga ishonmaydi, shuning uchun o’zi haqida ma’lumot berishni xohlamaydi. Tramp so’rovnomaga fuqarolik haqidagi savolni qo’shishga harakat qilgani ham ishonchsizlikni oshirdi”, - deydi Vays.

AQSh Oliy sudi oxir-oqibat anketaga fuqarolik to’g’risidagi savolni kiritishga yo’l bermadi. Lekin kuzatuvchilar fikricha, bu boradagi bahslar hali fuqarolikka kirmaganlar orasida vahima uyg’otib, millionlab odam anketani to’ldirmagan.

“Nyu-Yorkda aholining kattagina qismi xorijda tug’ilgani va hujjatsizlar ham borligini hisobga osak, nima uchun shaharda kimlar yashayotgani haqida ma’lumot olish qiyin ekani oydinlashadi. Buning ustiga, so’rovda sust qatnashgan jamoalar pandemiyadan eng ko’p ziyon ko’rgan joylarda yashaydi”, - deydi Miller.

Natija shuki, Nyu-York shtati aholisi o’tgan yilgi so’rovlarda kamaytirib ko’rsatilgan bo’lishi mumkin. Bu federal yordam miqdoriga va Vakillar palatasidagi ikki o’ringa ta’sir qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG