Global pandemiyadan keyingi iqtisodiy o’sish yo’lini belgilab olayotgan Kanada immigrantlarga muammo yechimi sifatida qaraydi. Bu bejiz emas. Kanada – immigratsiya darajasi eng yuqori davlatlardan biri.
2016-yilgi so’rovga qaraganda, Kanada aholisining 21,9 foizini birinchi avlod muhojirlar tashkil etadi. Eng ko’p immigrant Kanadaga Osiyodan, keyingi o’rinlarda Afrika va Yevropadan kelgan. Shuningdek, mamlakatda yarim million chet ellik talaba tahsil oladi.
Pandemiyaga qadar yillik 300 ming sonli muhojirlar oqimi kuchli tibbiy cheklovlar sabab sekinlashgan. Ammo aholining kata qismi emlanishi bilan tahlilchilar mamlakat darvozalari qayta ochilishini aytmoqda.
Torontodagi Rayerson universitetida immigratsiya bo’yicha ekspert Harald Bauderga ko’ra, hozir immigratsiya har qachongidan zarur.
“Immigratsiya – tiklanishning, iqtisodiyotni oyyoqa turg’azish strategiyasining bir qismi. Yo’qotgan yilimizni qanday qaytaramiz? Fikrimcha, Kanadaga immigrant bo’lib kelish uchun yomon yil emas”, - deydi u.
Kanada nima uchun immigratsiyani rag’batlantirishi hukumat portalida quyidagicha tushuntirilgan:
“Muhojirlar nafaqat mehnat bozoridagi bo’sh joylarni to’ldirish va soliq to’lash bilan, balki mahsulot, uy-joy va transportga pul sarflash bilan ham iqtisodiyotimizga hissa qo’shadi”.
Immigratsiya demografik o’zgarishlarni muvozanatlashga ham yordam beradi. 2019-yilda Kanadada eng past tug’ilish sur’ati qayd etilgan.
Ammo o’tgan bir yil Kanadadagi muhojirlar uchun oson bo’lmadi. Ko’pchilik pandemiya sababli ishidan ayrildi. Boshqalari sog’liqni saqlash sohasida muhim rol o’ynadi.
Immigrantlar pandemiya iqtisodiyotiga katta hissa qo’shdi, sog’liqni saqlash sohasida muhim vazifalarni bajardi. Kanada iqtisodiyotini tiklashda ular yetakchilikni davom ettiradi”, - deydi Jenifer Vots, Immigratsiya xizmatlari uyushmasi rahbari.
“Shu bilan birga, ko’plab muhojirlar pandemiyadan ziyon ko’rdi, ayniqsa savdo-sotiq va mehmonxonalarda ishlaydiganlar”, - deydi u.
Kanadaning muxolifatdagi Yangi Demokratik partiyasi yetakchisi Jagmit Singxga ko’ra, tiklanish “mehnatkashlar va oilalar yelkasiga tushmasligi kerak”.
“Pandemiya Kanada aholisining barcha qatlamlarini qaqshatdi. Jumladan yangi kelganlarni va xalqaro talabalarni ham”, - deydi u.
Rayerson universitetida qochqinlar bo’yicha ekspert Idil Atakning aytishicha, pandemiya yangi kelganlar uchun yangi to’siqlar ham yaratdi. Masalan, boshpana izlayotganlar arizalari ko’rib chiqilgunga qadar Kanadada qonuniy ishlash uchun ruxsat ololmagan.
“Izlanishlarim shuni ko’rsatdiki, ish uchun ruxsatnoma olish uzoqqa cho’zilyapti. Ayrim advokatlar bilan gaplashdim. Kanadaga ikki yil oldin kelgan mijozlari bor, pandemiya sababli haligacha ishlashga ruxsat olmagan”, - deydi Atak.
Suhbatdosh sayohatga qo’yilgan cheklovlarning qochqinlarga ta’siri yuzasidan ham xavotir bildiradi.
“Kanada hukumati cheklovlar qochqinlarga taalluqli emas, deb qaror chiqarsa bo’ladi. Albatta, xavfsizlik tekshiruvi va tibbiy tekshiruvlar joyida qoladi. Kanadada qochqinlarni himoya bilan ta’minlash – uddalab bo’ladigan ish”, - deydi Atak.
Kanada xilma-xil va inklyuziv jamiyat sifatida nom qozonganiga qaramasdan, ko’plab yangi kelganlar immigrantlarga qarshi kayfiyat bilan yuzlashadi.
Noa Xon Torontodagi York universitetida magistraturada tahsil olmoqda. U pandemiya paytida internetda osiyoliklarga nisbatan nafrat mavzusida izlanib, xulosalarini konferensiyalarda taqdim etgan.
Shaxsiy tajribasi, elektron pochta orqali irqiy haqorat bitilgan xatlar olgani ham izlanishlariga turtki bo’lganini aytadi.
“Pandemiya irqchilarga niqob berdi. Osiyoliklarga nisbatan nafrat oshgan va bu turli ko’rinishlarda namoyon bo’lmoqda. Bu osiyoliklar jamoasining ruhiy salomatligiga ham salbiy ta’sir ko’rsatgan”, - deydi Noa Xon.
Facebook Forum