Breaking News

AQSh gubernatorlari afg’onlarga boshpana taklif etmoqda


Hamid Karzay nomidagi xalqaro aeroportda navbatda turgan afg'onlar. Kobul, 17-avgust, 2021.
Hamid Karzay nomidagi xalqaro aeroportda navbatda turgan afg'onlar. Kobul, 17-avgust, 2021.

Tolibonning yashin tezligida hokimiyatga kelishi ortidan G’arb mamlakatlari o’z diplomatlari va ittifoqchilarini Afg’onistondan olib chiqishga kirishgan. Vashington AQSh kuchlariga tarjimonlik qilgan va boshqa yo’nalishlarda xizmat ko’rsatgan 22 ming afg’onga boshpana berishga tayyorligini ma’lum qilgan.

16-avgust kuni Afg’onistondan evakuatsiya qilingan 2 ming odam Virjiniya shtatidagi Fort Li harbiy bazasiga joylashtirilgan. Yaqin fursatda yana minglab qochqinlar Texas va Viskonsin shtatlaridagi bazalarga keltiriladi.

“So’nggi kunlarda Afg’onistonda yuzaga kelgan sarosima va qayg’uli vaziyat mamlakatdan shoshilinch va mas’uliyatsizlarcha chiqish operatsiyasining natijasidir. Bu afg’on fuqarolari bizning ittifoqchilarimiz. O’z hayotini tahlika ostiga qo’yib bizning harakatlarimizga beqiyos hissa qo’shgan. Ularga ko’mak berish bizning ma’naviy burchimiz”, - deydi Merilend shtatining respublikachi gubernatori Larri Xogan.

Merilend gubernatori Larri Xogan
Merilend gubernatori Larri Xogan

Shu kunga qadar, Kaliforniya, Jorjiya, Ayova, Merilend, Massachusetts, Janubiy Karolina, Yuta, Vermont, Virjiniya va Viskonsin shtatlari afg’on qochqinlarini qabul qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. AQSh hududiga kiruvchi Guam gubernatori ham bu tashabbusga qo’shilgan.

Gumanitar tashkilotlarning hisob-kitobiga ko’ra, AQSh kuchlariga xizmat qilgan 80 ming afg’on va ularning oila a’zolari maxsus immigratsion viza uchun hujjat topshirgan.

“2005-yildan buyon 70 mingdan ziyod afg’onistonlik maxus immigratsion viza dasturida ishtirok etgan. Bu yo’lda bizning harbiylarimiz katta xizmat qildi”, - deydi AQSh Mudofaa vazirligining vakili Garri Reyd.

Xalqaro Qutqaruv qo’mitasining ma’lum qilishicha, so’nggi 20 yilda AQSh qo’shinlariga 300 mingdan ziyod afg’on xizmat qilgan. Biroq cheklangan miqdordagi maxsus immigratsion vizalar ularning katta qismiga berilmaydi.

AQSh Afg’onistonga qo’shimcha kuch kiritib, 16-avgust kuni Kobul xalqaro aeroportida xavfsizlik choralarini kuchaytirdi. Pentagon ayni damda kuniga 5 mingdan 9 ming nafargacha odamni evakuatsiya qilishga qodir ekanini ma’lum qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG