Breaking News

"Qrim platformasi"da na turkiy, na musulmon davlatlari qatnashdi


"Qrim platformasi" sammiti. Kiyev, Ukraina, 23-avgust, 2021.
"Qrim platformasi" sammiti. Kiyev, Ukraina, 23-avgust, 2021.

Kiyevda dunyoning 43 davlati Qrimni Rossiya ishg’olidan ozod qilishga qaratilgan deklaratsiyani imzoladi.

“Qrim platformasi” sammitida ayrim davlatlar prezident maqomida, ayrimlari hukumat rahbarlari, ayrimlari turli vazirliklar darajasida ishtirok etgan.

Sammit yakunida Qrimni Rossiya ishg’olidan ozod qilish hamda Ukraina hududiy yaxlitligini ta’minlashga qaratilgan “Qrim platformasi” deklaratsiyasi imzolangan.

"Qrim platformasi" sammiti, Kiyev, 23-avgust, 2021.
"Qrim platformasi" sammiti, Kiyev, 23-avgust, 2021.

Deklaratsiyani imzolaganlar safida turkiy dunyodan faqat Turkiya bor. Markaziy Osiyodagi turkiy davlatlar, Ozarbayjon ham “Qrim platformasi”da, hatto elchilik darajasida ham qatnashmagan.

Turkiy davlatlar kengashiga kuzatuvchi davlat maqomida kirishni rejalayotgan Ukraina tomoni “Qrim platformasi” sammitiga barcha turkiy davlatlarni taklif qilgan edi. Ammo bu taklif aksariyat turkiy davlatlar tomonidan qabul qilinmagan ko’rinadi.

Sammitning ko’pchilik ishtirokchilari Yevropa Ittifoqi a’zolaridan iborat. AQShdan energetika vaziri Jenifer Grenxolm, Turkiyadan tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’li qatnashgan.

Grenxolm sammitdagi chiqishida AQSh Ukrainani Rossiya agressiyasidan himoyalashda, jumladan, mudofaa kuchlariga ko’maklashishda davom etishini bildirgan.

Turkiya Ukrainaning hududiy yaxlitligi bo’yicha o’z pozitsiyasida sobitligini bildirgan Chavusho’g’li Qrimni ishg’oldan xalos etishda xalqaro huquqiy me’yorlar o’rni muhimligini, Turkiya qirim tatarlarining Ukraina tarkibida o’z mustaqilligini saqlab qolish qarorini qo’llab quvvatlashda davom etishini ta’kidlagan.

Qrim tatarlari yetakchisi Mustafo Jemilov mamlakatni bosqindan qutqarish qrim tatarlarining millat sifatida saqlanib qolishi yoki qolmasligini belgilovchi masalaga aylanganini ta’kidlar ekan, xalqaro hamjamiyatni zulmni jim kuzatmaslikka, Rossiya agressiyasiga nisbatan munosib javob berishga chaqirgan.

Sammitda imzolangan deklaratsiyada Qrim muxtor respublikasi xalqaro bitimlarga muvofiq Ukraina hududi ekanligi, uning maqomi o’zgartirilishi tan olinmasligi, ishtirokchilar xalqaro huquqiy me’yorlarga muvofiq Qrimni Ukraina tasarrufiga qaytarish harakatini qo’llab quvvatlashi ta’kidlanadi.

Donetsk, Lugansk va Qrim xaritada
Donetsk, Lugansk va Qrim xaritada

Agar aksariyat turkiy davlatlar Ukraina hududiy yaxlitligi va Qrim masalasida aniq bir bayonot bilan chiqmagani, ayrimlari Rossiya ishg’olini ochiq yoqlagani inobatga olinsa, Markaziy Osiyo davlatlarining “Qrim platformasida” qatnashmagani izohga muhtoj emasdek.

“Qrim platformasi” Qrimning Rossiya ishg’olidan ozod bo’lishiga jiddiy turtki berishiga umid qilayotgan qirim tatarlari qardosh davlatlar qo’llovi kuzatilmaganini taassuf bilan izohlamoqda.

Erfan Quddusov O’zbekistonda tug’ilib o’sgan qirim tatar faollaridan biri. Uning “Amerika ovozi”ga aytishicha, sammitda qatnashishni lozim topmagan Markaziy Osiyo davlatlari ham hududiy tajovuzdan xoli emas.

“Markaziy Osiyoda qardoshlarimiz yashaydi. Rossiya siquvida qolib ketgan bu davlatlar “Qrim platformasi”da qatnashishga jur’at topmaganini albatta tushunish mumkindir. Ammo, qardosh davlatlardan biri, Rossiyaning hududiy tahdidiga to’qnash turgan Qozog’istonning sammitda qatnashmagani, nazarimda, noto’g’ri qaror.

Prezident Qosim-jo’mart To’qayev bu sammitda qatnashishga jur’at etishi bilan Rossiya tajovuzlariga jiddiy qarshiligini bildirishi mumkin edi. Ammo bunday qilmadi. Rossiyaning Qozog’istonga nisbatan hududiy e’tirozlari esa bosilayotgani yo’q.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ham sammitga taklif qilinganidan qat’i nazar, unda qatnashmadi. Yaqin qardoshlarimizdan yana biri Ozarbayjon bo’yicha ham shu, u yerda ham Rossiyaning qosh-qovog‘iga qaragan Ilhom Aliyev rejimi hokimiyatda turibdi.

Albatta qrim tatarlari ularning bu qarorini oqlamaydi, ammo tushunadi. Yana bir taassufli jihat shuki, sammitda nafaqat turkiy davlatlar, balki musulmon davlatlaridan ham vakillar bo’lmadi. Qrim tatarlarini va Ukrainani hozirgi vaziyatda asosan Yevropa Ittifoqi a’zolari, AQSh, Turkiya kabi davlatlar qo’llab turibdi”, - deydi Erfan Quddusov.

Ukraina-Rossiya munosabatlarida nimalar kutilmoqda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:53 0:00

Ukraina tarkibida bo’lgan, qrim tatarlarining tarixiy vatani hisoblangan Qrim 2014- yilda bir tomonlama Rossiya tarkibiga qo’shib olindi. Rossiyaning bu harakati xalqaro miqyosda jiddiy e’tirozlarga sabab bo’ldi. Qrimning bu tariqa Ukrainadan tortib olinishi ishg’ol, bosqin sifatida baholandi.

Dunyoning 45 ga yaqin davlati ishtirokida “Qrim platformasi” sammitini tashkil qilgan Ukraina hukumati xalqaro hamjamiyat ko’magida, xalqaro huquqiy normalarga tayangan holda, Qrimni Rossiya ishg’olidan ozod qilishga umid bog’lamoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG