Breaking News

AQSh qo’llaydigan sanksiyalar qanchalik samarali?


Jo Baydenning iqtisodiy jabhadagi sa’y-harakatlari asosiy e’tiborni jalb qilayotgan bo’lsa-da, uning ma’muriyati turli davlatlar va shaxslarga qo’yilgan sanksiyalar tarmog’ini kengaytirish va sozlash bilan ham band.

Prezidentligining ilk haftalarida Bayden quyidagi yangi sanksiyalarni joriy qildi:

  • Rossiyadagi shaxslarga, AQSh saylovlariga aralashgani uchun
  • Myanmadagi generallarga, demokratik ravishda saylangan hukumatni ag’dargani uchun
  • Saudiya Arabistoni fuqarolariga, jurnalist Jamol Qoshiqchining o’limi uchun
  • Xitoy rasmiylariga, Gonkongdagi demokratik harakatni bostirgani va uyg’urlar huquqlari toptalgani uchun
  • Isroil fuqarosiga, Kongo davlatida korrupsiyaga hissa qo’shgani uchun

AQSh hukumati mavjud sanksiya rejimini ham tartibga keltirmoqda. Xalqaro jinoiy sud rasmiylariga qo’yilgan sanksiyalar bekor qilindi. Tramp davrida Eronga qo’yilgan qo’shimcha sanksiyalarni olib tashlash taklifi ko’rib chiqilmoqda.

Odatiy vosita

Jo Bayden Amerika xalqaro sahnaga “qaytdi” deya bong ursa-da, boshqa mamlakatlarga sanksiyalar orqali ta’sir o’tkazishga urinish haqida gap ketganda siyosat o’zgarmagan.

O’nlab yillardan buyon, ayniqsa 2001-yil 11-sentabr terror hujumlaridan keyin AQSh boshqa davlatlarni siyosatini o’zgartirishga undash maqsadida yoki o’z noroziligini bildirish uchun sanksiyalardan foydalanib keladi.

“Sanksiyalar xorijiy hukumatlarning xatti-harakatlari bilan bog’liq xavotirlarga javob berishning odatiy vositasiga aylangan”, - deydi Amerika universiteti professori Jordan Tama.

Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar nima qilishi kerakligi borasidagi muhokamalar aksar hollarda sanksiya qo’yish masalasini ham o’z ichiga oladi.

“Siyosatchilar uchun boshqa muqobil variantlar, masalan harbiy kuch qo’llash bilan solishtirganda, sanksiya jozibasi kuchliroq”, - deydi Tama.

Keng qamrovli

AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish idorasi o’nlab sanksiya dasturlarini yuritadi. Ba’zilari muayyan davlatlarga, boshqalari jinoyatchilar, terroristik tarmoqlar yoki inson huquqlarini buzganlarga qaratilgan.

AQShning Kuba, Shimoliy Koreya, Eron, Suriya va Rossiya tomonidan 2014-yilda bosib olingan Qrim mintaqasiga nisbatan sayohat va savdo embargosi kabi “keng qamrovli” sanksiyalari eng kuchlilaridan hisoblanadi. Ular davlat iqtisodiyotiga zarba berish orqali oddiy odamlar hayotiga ham salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Ayrim boshqa davlatlar, jumladan Rossiya, Xitoy va Venesuela ham jiddiy sanksiyalar ostida, ammo savdoni taqiqlash darajasida emas.

Maqsadli sanksiyalar

AQSh odatda jismoniy shaxslar va bizneslarga qarshi “maqsadli” sanksiyalarni ham qo’llaydi. Uyg’urlarni mehnat lagerlariga joylashtirishda ishtirok etgan Xitoy rasmiylari yoki oligarxlarga pul yuvishda ko’maklashgan Rossiya banklari bunga misol.

“Maqsadli” sanksiyalarga yo’liqqanlar “maxsus belgilangan fuqarolar” ro’yxatiga kiritilgan bo’lib, ro’yxat 1500 sahifadan iborat. AQSh fuqarolariga bu shaxslar va kompaniyalar bilan biznes qilish taqiqlangan.

Qora ro’yxatga tushish moliyaviy jihatdan zarba bo’lishi mumkin, chunki shaxs yoki kompaniyaning AQSh yurisdiksiyasiga kiruvchi joylarda aktivlari muzlatiladi, banklarga ular bilan hamkorlik qilish man etiladi.

AQSh bozorining moliyaviy xizmatlar sanoati uchun ahamiyati katta bo’lganligi uchun ham dollardagi operatsiyalar taqiqlanishi shaxs yoki kompaniyani global iqtisodiyotdan uzib qo’yishi mumkin.

Natija

Sanksiyalar azaldan qo’llanishiga qaramasdan ularning samarasi yuzasidan munozaralar tinmagan. Ayrimlar Janubiy Afrikada aparteid tuzum qulagani va Obama davrida Eron yadro programmasi bo’yicha xalqaro muzokaralarda ishtirok etishga rozilik berganini qayd etadi. Har ikki holatda uzoq payt iqtisodiy sanksiyalar qo’llangan.

Tanqidchilar esa sanksiya samara bermagan holatlar ancha ko’pligiga ishora qiladi. Kuba, masalan, 60 yillik iqtisodiy embargoga qaramasdan kommunistik davlat bo’lib qolmoqda. Shimoliy Koreya yadroviy dasturi keng qamrovli sanksiya rejimi ostida ham kengaygan.

Umuman olganda, deydi Davlat departametida xalqaro iqtisodiy siyosat bo’yicha maslahatchi Jeffri Skott, sanksiyalar taxminan 30 foiz holatlarda ko’zlangan natijani bergan.

Ko’p tomonlama munosabatlar

Tramp prezidentligi davrida sanksiyalar tez-tez, ammo boshqa mamlakatlar bilan bemaslahat qo’llanar edi. Professor Jordan Tamaning aytishicha, bunday yondashuv muayyan davlat xulq-atvorini o’zgartirishga yordam bermaydi.

“Sanksiyalar ittifoqchilar va sheriklar bilan muvofiqlashtirilsa samaraliroq bo’ladi”, - deydi u. Shu ma’noda, Baydenning ko’p tomonlama hamkorlikka moyilligi ilgariga qaraganda sanksiyalarni kuchliroq vositaga aylantirishi mumkin.

Bundan tashqari, deydi Tama, ko’zlangan natijaga erishish uchun Bayden ma’muriyati sanksiyalarni tashqi siyosatning boshqa jihatlari, jumladan, diplomatiya, tashqi yordam va harbiy kuch bilan uyg’un holda qo’llashi ehtimoli yuqori.

O’tgan yillar davomida AQSh sanksiya dasturlari ko’pincha kerakli natijani bermagan holda muayyan davlatdagi aholiga katta iqtisodiy ziyon keltirgani ham tan olinadi.

Buning ustiga, sanksiyalar mamlakatlarni dollardan voz kechish, AQSh banklari bilan ish olib bormaslikka undashi ham mumkin.

“Sanksiya qo’llashdagi muammolardan biri shuki, ushbu vositaning samaradorligini saqlab qolgan holda, keragida undan qanday foydalanasiz? Ba’zida ular kutilmagan natijani ham berishi mumkin”, - deydi Tama.

Bayden ma’muriyati bu muammoni qanday hal qilishi ma’lum emas, ammo yaqinda bir qadam tashlandi. AQSh Davlat departamentining Tramp davrida yopilgan Sanksiyalarni muvofiqlashtirish idorasi qayta ochilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG