Breaking News

AQSh-Eron: Ayrim taqiqlar bekor qilindi, ammo sanksiyalar hamon amalda


Prezident Jo Bayden Oq uydagi ilk kunidayoq qator musulmon davlatlarga undan oldingi rahbar qo'ygan cheklovlarni bekor qilgan edi. Xo'sh, buyog'iga siyosat qanchalik o'zgaradi?

20-yanvarda imzolangan hujjatga asosan Eron singari yana 12 davlatga nisbatan taqiq olib tashlandi. Amerika odamlarning dini va kelib chiqishiga qarab viza bermaydi, deydi Bayden. Uning aytishicha, davlat xavfsizligi ham bu omillarga bog'liq emas. AQSh barcha ezgu niyatli insonlar uchun ochiq turishi kerak, deydi prezident.

Tramp ma'muriyati nazarida esa bu taqiqlar terrorizmga qarshi kurashning bir qismi edi. U paytda Oq uy viza berishda tekshiruvni kuchaytirgan edi. Bayden ma'muriyati deydiki, tizim allaqachon har bir ajnabiyni qattiq elakdan o'tkazadi, ortiqcha cheklovlarga hojat yo'q.

Taqiq yo'q, ammo Erondan safarlar deyarli yo'q. Vaholanki, rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, eronliklar yillar davomida AQShdan eng ko'p viza so'ragan guruh bo'lib kelgan.

AQSh Eron bilan 1979-yildan beri, ya'ni Tehronda islomiy tuzum o'rnatilganidan beri diplomatik aloqa qilmaydi
AQSh Eron bilan 1979-yildan beri, ya'ni Tehronda islomiy tuzum o'rnatilganidan beri diplomatik aloqa qilmaydi

Davlat departmenti yanvar oyida 56 eronlikka immigratsion viza bergan. Non-immigratsion viza, ya'ni sayohat uchun 154 kishiga uzatilgan.

Koronavirus sabab qo'yilgan hammaga cheklovlar Eronga ham tegishli. Bu mamlakatdan ham hozir Amerikaga juda oz odam kelmoqda va o'ta zarur sabablar bilan.

Shuningdek, Tramp paytidagi ayrim taqiqlar hamon amalda, xususan Tehtonning yuqori lavozimli rahbarlari va ularnng oilalariga AQShga kira olmaydi. 2019-yilda Vashingtonda Eron Inqilobiy gvardiyasini terrorist tashkilot deb belgilagan va u bilan aloqador shaxslar sanksiya ostida.

2012-yilda Barak Obama prezidentligi davrida qo'yilgan taqiqqa ko'ra, Erondan hech kim energetika yoki yadroviy sohani o'rganish uchun kela olmaydi.

AQSh azaldan Eronni atom qurollari ustida ishlab kelayotganlikda gumon qiladi, Tehron buni inkor etadi. Hozirda tomonlar 2015-yilda imzolangan, Tramp bekor qilgan bitimni yangilash, balki yangi bir murosaga kelish ustida bosh qotirmoqda.

AQSh Davlat departamenti
AQSh Davlat departamenti

Davlat departamenti bu orada viza xizmatlari cheklangan tarzda qoladi, deya ogohlantirmoqda. Pandemiya davom etar ekan, hozircha yangilik yo'q.

AQSh va Eron 1979-yildan beri diplomatik aloqaga ega emas.

Jorj Bush prezidentligi paytida Davlat departamentida yuqori lavozimda ishlagan Styuart Beyker fikricha, Erondan kelayotgan har bir kishi keskin tekshirilishi lozim. U Tramp yuritgan siyosatni to'g'ri bo'lgan deb hisoblaydi.

Respublikachi kongressmen Maykl Makkol deydiki, Eron dushman davlat ekan, uning fuqarolariga viza berish tabiiyki, juda murakkab jarayon.

Trampning Eron bo'yicha maxsus vakili Elliot Abrams esa Bayden siyosatini qo'llamoqda, ya'ni har bir eronlikni terrorizmda gumon qilish xato.

“Eron yoshlari Amerikaga o'qishni kelishni xohlashi ijobiy holat. Biz Eron hukumatidagi yovuz kuchlar bilan kurashar ekanmiz, bunga oddiy xalqni aralashtirmasligimiz kerak. Biz aslida xalq tarafidamiz", - deydi Abrams.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG