Eron 1979-yilgi islomiy inqilobning 42 yilligini nishonladi. O’sha yili mamlakatda monarxiya ag’darilib, islomiy respublika o’rnatilgan edi. Bayram munosabati bilan Eron yetakchilari AQShga qarshi e’tirozlarini yana bir bor namoyish etdi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli islomiy inqilobning 42 yilligi cheklangan miqyosda nishonlandi. Oilalar mashina va mototsikllarda Tehronning Ozodlik maydonidan yurib o’tdi.
1979-yil G’arb tomonidan qo’llangan shoh Muhammad Rizo Pahlaviy rejimi ag’darilib, islomchilar hokimiyat tepasiga kelgan edi. Shu yil aprel oyida mamlakat shia aqidasiga asoslangan islom respublikasi deb e’lon qilindi. Oyatulloh Humayniy mamlakatning ilk diniy rahnamosi bo’ldi.
Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif inqilobni olqishlab, Eron bilan tuzilgan xalqaro yadro dasturini bekor qilgan va yangi sanksiyalar qo’llagan sobiq AQSh prezidenti Donald Trampni qoraladi.
“Donald Tramp Eron taslim bo’lish yoki halokatga uchrashdan birini tanlashga majbur bo’ladi, degan cho’pchakka ishondi. Tramp bu masalada birinchi yoki ikkinchi emas, balki yettinchi AQSh prezidentidir. Ularning hech biri niyatiga yeta olmadi”, - dedi Eron tashqi ishlar vaziri.
Ekspertlarga ko’ra, inqilob tantanalari real voqelikni ifodalamaydi. Inqilob shunchalar muvaffaqiyat qozongan ekan, nega unda 5-8 million eronlik chet elga qochib ketgan, deya so’raydi tahlilchi Aleks Vatanka.
“Ular Eronda 1979-yildan beri nima qildiki, millionlab odamlar o’z uylarini, oilalarini tark etib, chet eldan panoh topishga majbur bo’ldi?” – deya savolga tutadi u.
Burgundiya biznes maktabi tadqiqotchisi Jamshid Asadiyga ko’ra, xalqning iqtisodiy ahvoli yildan yilga yomonlashmoqda.
“AQSh dollariga nisbatan Eron puli qadrsizlanib bormoqda, yildan yilga inflyatsiya, ishsizlik kuchayyapti. Eronda axborot texnologiyalari sohasi bitiruvchilari ham ishsiz”, - deydi u.
Kuzatuvchilar fikricha, AQShning Eron bilan tuzilgan xalqaro yadro bitimiga qaytishi ham Tehron, ham Vashington uchun manfaatli.
“AQSh Eronda yadro bombasi paydo bo’lishidan xavotirda. Eronliklar esa bu hafta ilk bor yadro dasturi emas, balki yadro quroliga ega bo’lish yo’lidan borishga qiziqishi borligini izhor qildi”, - deydi Aleks Vatanka.
AQSh Davlat departamentiga ko’ra, Vashington ayni paytda Eron masalasida ittifoqchilari bilan muloqot olib bormoqda va Tehron yadro dasturi shartlariga rioya qilishni yana boshlasa, AQSh ham bu dasturga qo’shilish harakatiga o’tishi mumkin.
“Agar Eron yadro dasturi shartlariga to’liq rioya qilishni boshlasa, AQSh diplomatik yo’ldan yurib, dasturga qaytish bo’yicha muloqot boshlashi haqidagi takilf hanuz o’z kuchida”, - dedi Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Prays.
Vatankaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Eronning yadro quroliga qiziqish bildirishni boshlagani haqidagi bayonoti Tehronning Prezident Jo Bayden qarashini o’zgartirishga qanchalik jon-jahdi bilan urinayotganini ko’rsatadi.
Facebook Forum