2019-yilning bahorida Vashington Anqarani F-35 qiruvchi samolyotlar dasturidan chiqarib yuborgan edi, endi esa Turkiya Mudofaa sanoati boshqarmasi AQShning sanksiyasiga uchradi. Yangi sanksiyalarni nafaqat Turkiya, balki Rossiya, Eron va Ozarbayjon ham tanqid qildi.
AQSh Davlat kotibining xalqaro xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Kristofer Ford Turkiya sanksiya qo‘llashdan boshqa chora qoldirmaganini aytdi.
“Turkiyaga S-400 sotib olmaslikni, bu AQShning harbiy texnologiyasi va qo‘shinlari xavfsizligini xatarga qo‘yishini, mazkur xarid Rossiyaning mudofaa sektori uchun jiddiy moddiy manba bo‘lib xizmat qilishini, ruslarning Turkiya qurolli kuchlariga kirishi mumkinligini bildirdik”, – dedi u matbuot anjumanida.
Fordning aytishicha, sanksiya qo‘llashga to‘g‘ri kelganidan Vashington ham xursand emas.
Anqaraga nisbatan cheklovlar “Amerikaning raqiblariga qarshi sanksiylar orqali kurashish” qonuniga (CAATSA) muvofiq joriy etildi. AQSh Davlat departamentining bildirishicha, Turkiya Mudofaa sanoati boshqarmasi boshlig‘i Ismoil Demir, uning o‘rinbosari Faruk Yigit, Havo mudofaasi va fazo bo‘linmasi rahbari Serhat Gencho‘g‘li va Mintaqaviy havo mudofaasi tizimlari dasturi rahbari Mustafo Alper Deniz sanksiya joriy etilganlar ro‘yxatiga kiritildi.
Sanksiylar Turkiya Mudofaa sanoati boshqarmasiga eksport litsenziyalari berishni taqiqlashni, mazkur boshqarmaga AQSh moliya muassasalari tomonidan bir yil davomida 10 million dollardan ortiq kredit bermaslikni, shuningdek, qora ro‘yxatga kiritilgan amaldorlarga nisbatan viza cheklovi qo‘llashni nazarda tutadi. Bundan tashqari, bu amaldorlarning AQShdagi aktivlari muzlatib qo‘yiladi.
Shuning barobarida, AQSh Davlat departamenti sanksiyalar Turkiyaning yoxud Vashingtonning boshqa biror ittifoqdoshi va sherigining harbiy salohiyati yoki jangovar tayyorgarligiga putur yetkazishga qaratilmaganini ta’kidladi.
Ammo Anqara sanksiyalarni qattiq og‘rinish bilan qabul qildi. Turkiya Mudofaa vazirligi bayonotida Vashingtonning ushbu qadami ikki ittifoqdosh davlat o‘rtasidagi ishonchga darz ketishiga sabab bo‘lishi ta’kidlandi.
“Barcha ittifoqdoshlarimiz, xususan, NATO oldigagi majburiyatlarimizni nuqsonsiz ado etib kelmoqdamiz. Ittifoqdoshlarimizdan mamlakatimizning va xalqimizning xavfsizlik ehtiyojlarini tushunishlarini kutish bizning haqqimizdir. Avvallari ham qayta-qayta aytilganidek, Turkiya uchun S-400 ning olinishi tanlov emas, balki majburlik bilan bog‘liq. S-400 NATO tizimlariga yoki NATO tizimlari bilan bog‘liq milliy tizimlarga integratsiya qilinmasligi hamda NATO a’zolarida mavjud bo’lgan Rossiyada ishlab chiqarilgan tizimlar singari ishlatilishi ittifoqdoshlarimizga ma’lum qilingan”, – deyiladi bayonotda.
Anqaradagi Inqiroz va siyosat tadqiqotlari markazi (ANKASAM) tahlilchisi Olimjon Sobir ham S-400 xaridi Tukriya uchun zarurat bo‘lganini aytadi. “O‘z davrida AQSh Turkiyaga “Patriot” tizimlarini sotmadi, oqibatda Anqara boshqa muqobillarni qidirishga tushdi. Chunki Turkiyaning havo mudofaa tizimi chindan ham kuchsiz edi. Joriy qilingan sanksiyalarni Turkiya uchun jiddiy zarba emas, diplomatik bosim deb atagan bo‘lar edim, chunki bular unchalik kuchli cheklovlar emas. Trampning o‘ziga qolsa, Turkiyaga umuman sanksiya qo‘llamas edi, lekin u hozir kuchli bosimlar ostida.
Sanksiylar Jo Bayden davrida olib tashlanadi deb o‘ylamayman, lekin vaqt o‘tishi bilan esdan chiqadi, tizimning o‘zi ham eskiradi. Qolaversa, Turkiya va AQSh o‘rtasida shunday strategik masalalar paydo bo‘lishi mumkinki, sanksiyalar o‘z-o‘zidan chetga surib qo‘yiladi. Xullas, hammasini vaqt ko‘rsatadi”, – deydi tahlilchi.
Olimjon Sobirga ko‘ra, Turkiya uchun bu sanksiyar emas, balki F-35 qiruvchi samolyotlaridan mahrum bo‘lgani kattaroq zarbadir.
AQShning sanksiyariga uchragan Mudofaa sanoati boshqarmasi Turkiyada mudofaa loyihalarini ishlab chiqishdan mas’ul organ hisoblanadi. 2018-yilning oxiridan jangovar samolyotlar motoridan tortib o‘q-dorilar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan 600 dan ziyod loyihani aynan shu boshqarma amalga oshirib keladi.
Boshqarmaning vazifasi muhim harbiy materiallar va texnologiylar borasida Turkiyaning tashqariga qaramligini kamaytirish, mamlakatning mudofaa salohiyatini va harbiy eksportini oshirishdan iborat.
Turkiya Tashqi ishlar vazirligi AQShning sanksiyalari ikki davlat aloqalariga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmasligini ta’kdilar ekan, Anqara munosib javob qaytarishini ma’lum qildi. Vazirlikning bildirishicha, Anqara S-400 masalasini diplomatiya va muloqot yo‘li bilan muhokama etishga tayyor.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho‘g‘li bugun AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan telefon muloqoti chog‘ida sanksiyalar bo‘yicha Anqaraning noroziligini yetkazdi.
Facebook Forum