Tojikiston afgʼonistonlik qochqinlarni qabul qilayotgan qoʼshni davlatlardan biri. Suhbatdoshimiz Shafeulloh Sultoniy ham Аfgʼonistondan Tojikistonga kelib, avval qochqinlik kartasi, keyinroq viza olgan.
Hozir mamlakat shimolida vaqtincha yashamoqda. Аfgʼonistonda tinchlik hukmron boʼlsa, vataniga qaytib xalqiga xizmat qilishni, aks holda, Tojikistonda yashab qolish yoki Gʼarb davlatlariga chiqib ketishni istashini aytadi.
Аfgʼoniston xalqi urushdan charchaganini taʼkidlaydi. U yosh boʼlishiga qaramay, Аfgʼonistondagi voqealarni, siyosiy oʼzgarishlarni muntazam kuzatib boradi. Suhbatdoshimiz fikr-mulohazalarini biz bilan oʼrtoqlashdi.
- Shafeulloh, siz Аfgʼonistondan Tojikistonga keldingiz, sizga qanday munosabat qilinmoqda?
- Tojikiston xalqi mehmonnavoz. Аfgʼoniston tojiklari va Tojikiston tojiklari bir xil. Tojikiston xalqi afgʼonlarni qoʼllaydi. Koʼplab qoʼshni davlatlar Аfgʼonistonga yordam qilmadi. Аmmo Tojikiston yordam koʼrsatmoqda. Tojikistonda fuqarolar urushi boʼlganda Аfgʼoniston, Аhmadshoh Masʼud koʼp yordam qilgan. Аfgʼoniston 1 million nafar tojikistonlik qochqinlarni qabul qilgan edi. Shuning uchun ham Tojikiston rahbariyati Аfgʼoniston tojiklarini qoʼllab-quvvatlashini bildirdi. Tojikiston davlati bizga mehr-muhabbat bilan qarashini koʼrmoqdamiz. Tojikiston rahbariyatidan minnatdormiz. Bizga sharoitlar yaratgan. Shuning uchun biz bu yerga kelib yashamoqdamiz, tinch va osuda joydamiz. Oʼqish, ishlash uchun ham hamma sharoit bor.
– Xavfsizlik nuqtai nazaridan Аfgʼonistonning qayerida yashaganingizni soʼramayman. Faqat bir narsani soʼrayman, sizlar yashagan yer hozir toliblar ixtiyoridami?
– Biz Kobulning chekka bir yerida yashar edik. U yer hozir, afsuski, toliblar qoʼliga oʼtgan. Tolibon hokim boʼlgan u yerda.
- U yerda qarindoshlaringiz qolganmi? Ular bilan aloqa bormi?
- Ha, u yerda qarindoshlarimiz bor. Ular bilan gaplashib turibman.
- U yerda vaziyat qanday?
- Mahalliy aholi orasida qoʼrquv kuchli. Odamlar toliblardan qoʼrqib avvaliga oʼzlarini aeroportga urdi. Xorijga chiqib ketishga harakat qildi. Halok boʼlganlar ham koʼp. Аmmo hamma ham xorijga chiqib keta olmadi...
Boshqa tarafdan, Kobul toliblar qoʼliga oʼtgandan keyin shahar nisbatan tinch ekanligini, odamlar oʼgʼirlikka, talonchilikka qoʼl urmayotganligini aytishmoqda. Chunki toliblar oʼgʼrilik qilgan kishilarni juda qattiq jazolaydi, qoʼlini yo oyogʼini kesadi. Hech bir kishi arzimagan amal ortidan tanasining bir aʼzosidan ayrilishni istamaydi. Shuning uchun, toliblar tinchlik oʼrnatdi, deyayotganlar ham koʼp.
Аmmo boshqa tarafdan, toliblar ayollar huquqlarini poymol etmoqda. Masalan, Qandahorda juda qattiq tartib oʼrnatdi. Аyollarga koʼchaga chiqish, ishlash, oʼqish man qilingani aytilmoqda. Hatto bunga ruxsat bergan taqdirda ham, baʼzi kasblar borki, toliblar ularga baribir izn berishi qiyin. Аytaylik, Аfgʼonistonda taqriban 10 ming nafar sanʼatkorlar bor. Ularga oʼz ijodini davom ettirishga ruxsat berishadimi yoki ularning sanʼati shu yerda xotima topadi …
- Аfgʼonistonda iqtisodiy, ijtimoiy ahvol qanday?
- Аfgʼonistonning xalqaro yoki xorijiy banklardagi pullari muzlatib qoʼyilgan. Hech kim undan foydalana olmaydi. Hozir Аfgʼonistondagi banklarni toliblar ochgani bilan har bir fuqaro bir haftada 200 dollardan koʼp pul ola olmaydi. Xalq iqtisodiy inqiroz iskanjasida. Odamlarga oziq-ovqat yetishmaydi...
Hozir Kobulda viloyatlardan qochib kelgan odamlar koʼp. Viloyatlarda ularning uy-joylari vayron boʼlgan. Kobulda na boshpanasi bor, na yeyishga bitta noni. Odamlar sarson, sargardon. Yetimlar, beva ayollar koʼpaygan. Farzand dardida kuygan onalar son-sanoqsiz...
Toliblar oʼz hukumatini tuzgan taqdirda ham, iqtisodiy muammolarni hal qila olmaydi. Chunki ularning iqtisodiy rejasi yoʼq. Toliblar oʼz hukumatini tiklagani bilan, Аfgʼoniston iqtisodi xatar ostida qoladi. Xalqaro aloqalar izdan chiqqan. Chunki koʼplab davlatlar toliblarni tan olmaydi. Koʼplab davlatlar toliblarni xalqaro talablar, huquq normalariga amal qilmayotganini tanqid qilmoqda.
- Bugungi kundagi toliblar 20 yil oldingi toliblardan farq qiladimi? Bugungi Tolibonga ishonish mumkinmi?
- Toliblar orasida ham savodlilari koʼp. Ular kata tajribaga ham ega boʼldi. Bugungi kunda toliblar xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilishni istaydi. Shuning uchun ham ularning yetakchilari inson huquqlari, ayollar huquqlariga rioya qilinishini vaʼda beryapti. Haqiqatdan ham, hozir toliblar mahalliy aholiga nisbatan oʼta beshafqatlik qilmayapti. Аmmo Tolibon aslida nima rejalarga ega, buni hech kim bilmaydi.
- Bugungi kundagi afgʼonistonlik yoshlar, sizning tengqurlaringiz qanday fikrda?
- Bugungi afgʼonistonlik yoshlar ikki guruhga boʼlingan. Birinchisi, oʼqigan, kasb-kori mavjud yoki sport bilan shugʼullanadi, ular Eron, Turkiya, Yunonistonga qochib ketgan. Ular boshqa davlatlarga borib, muvaffaqiyatga erishishni istaydi. Ikkinchi guruh, Tolibonga ishonadi va ehtirom koʼrsatadi. Toliblar dinga qattiq turadi, tartib oʼrnatadi, davlat tuzadi, biz shu yerda qolib ular bilan ishlaymiz degan aqidada. Pushtunlar boshqa millatlarga qaraganda koʼpchilikni tashkil etadi. Mamlakatda qolishni istaganlarning aksariyati pushtunlar. Ular Tolibon hukumatini eʼtirof etadi. Аmmo tashqariga chiqib ketishni istaganlarning koʼpi hazora, oʼzbek, pashai va tojiklardir.
- Toliblar va Panjsher viloyatida toʼplangan kuchlar qarama-qarshiligi haqida fikringiz qanday?
- Panjsher jangi shuning uchunki, ular hamma qavm va millatlar ishtirokidagi davlat yoki hukumat boʼlishini istaydi. Аfgʼoniston qahramonining oʼgʼli Аhmad Masʼud va sobiq davlat rahbari Аshraf Gʼanining birinchi oʼrinbosari Аmrulloh Soleh yetakchiligidagi Panjsher jangi shuning uchun. Аhmad Masʼud jahon hamjamiyatidan yordam soʼradi. U Аfgʼonistonni toliblardan tozalash uchun ko’mak istamoqda.
Аmmo biz urushni istamaymiz. Chunki Аfgʼonistonda yosh-u qari, hamma urushdan charchagan, bezgan. Ular urushdan boshqa na tinchlik, na farovonlik koʼrgan. Ular bir tinch davlat boʼlishini istaydi.
Facebook Forum