AQSh Prezidenti Jo Baydenning aytishicha, iqlim o’zgarishi tufayli ob-havoning keskinlashishi Amerikani o’ta qiyin vaziyatga tushirmoqda. Ahvol yanada yomonlashishining oldini olish uchun u bir necha trillion dollarlik ikkita qonun loyihasini olg’a surdi.
Dahshatli yong’inlar, vayronakor to’fon va suv toshqinlari.
Bu real hayotda yuz beryapti, deydi AQSh Prezidenti Jo Bayden. Ob-havo kutilmagan va qo’rqinchli tarzda o’zgarib bormoqda. To’fonlar, suv toshqini va yong’inlar butun AQSh bo’ylab yoyilgan.
Bayden shu hafta yong’indan aziyat chekkan hududlarga tashrif buyurib, amerikaliklarni befarq bo’lmaslikka chaqirdi.
“Keskin ob-havo o’tgan yili AQShga 99 milliard dollarga tushdi. Yana takrorlayman. Keskin ob-havo AQShga 99 milliard dollarlik zarar keltirmoqda. Bu yil zarar miqdori, afsuski, rekord darajaga chiqadi. Iqtisodiyotimiz va jamiyatimiz uchun bu ulkan yo’qotish”, - dedi prezident.
Yechim sifatida 3,5 trillion dollarlik byudjet loyihasi taqdim etilmoqda. Maqsad toza energiya va yoqilg’izisiz ishlaydigan transportga sarmoya kiritib, mamlakatda zararli chiqindilar miqdorini kamaytirish.
Qonun Vakillar palatasidan o’tdi; endi navbat Senatga. Atrof-muhit faollarining aytishicha, boshqa ko’plab masalalarni ham o’z ichiga olgani bois loyihaning qabul qilinishi qiyin kechishi mumkin.
“Bu to’plamga nafaqat iqlim o’zgarishi, balki qator ijtimoiy dasturlar ham kiritilgan. Natija qanday bo’lishini bilmaymiz. So’nggi nusxadan toza energiya tarafdorlari yoki ijtimoiy dastur faollari norozi bo’lishi aniq. Yoki ikkala tomonda ham yo’qotishlar bo’ladi”, - deydi Amerika Fizika instituti tadqiqotchisi Vil Tomas.
Bahslashishga vaqt yo’q, deydi faollar. Chunki mamlakat yonmoqda.
“O’tgan yoz va oxirgi ikki yilda ko’ryapmizki, mamlakat bo’ylab tabiiy ofatlar yanada yomonlashib boryapti. G’arbda o’rmon yong’inlari, okeanda to’fonlar ko’paydi. Tadqiqotchilar bu iqlim o’zgarishi natijasi ekanini aytmoqda. Vaziyat yanada yomonlashishing oldini olish uchun oldimizda imkoniyat eshigi juda kichik”, - deydi atrof-muhit faoli Daniel Arostegi.
Qonunga qarshilar oz emas. Ularga ko’ra, toza energiyani rag’batlantirishning kamxarj yo’llari bor. An’anaviy sektorlarda ish o’rinlarining boy berilishi ham xavotir uyg’otmoqda.
“Federal byudjet gardaniga yana 3-4 trillion dollar qarzning yuklanishi yaxshi emas. Bu bizni moliyaviy inqirozga boshlaydi. 10 yil oldin Gretsiya, Italiya kabi bir qator davlatlar ko’p qarz olgani uchun moliyaviy va iqtisodiy inqirozga yuzlashganini esdan chiqarmaylik. AQSh ham shu yo’ldan ketyapti”, - deydi Kato instituti tahlilchisi Kris Eduards.
E’tirozlarga qaramay, Bayden qonunni Kongressdan o’tkazish ahdida qat’iy. Respublikachilar qarshilikda yakdil, hatto ba’zi demokratlar ham ikkilanmoqda.
Senat kelasi bir necha hafta ichida qonun taqdirini hal qiladi.
Facebook Forum