Breaking News

AQSh Vakillar palatasi Baydenning 3,5 trillion dollarlik rejasini ma'qulladi


Spiker Nensi Pelosi yordamchilari bilan, Kapitoliy, 24-avgust, 2021
Spiker Nensi Pelosi yordamchilari bilan, Kapitoliy, 24-avgust, 2021

AQSh Vakillar palatasida ko'pchilikni tashkil etuvchi demokratlar 24-avgust kuni Prezident Jo Baydenning iqtisodiy yordamni kengaytiruvchi dasturini quvvatlab ovoz berdi. Reja ijtimoiy taraqqiyot loyihalari uchun 3,5 trillion dollar sarflashni ko'zda tutadi.

Vakillar infratuzilmani yangilash uchun 1 trillion dollarlik dasturni ham tez orada ovozga qo'ymoqchi. Unga ko'ra, mamlakat yo'llari va ko'priklari ta'mirdan o'tadi hamda simsiz internet ko'lami kengayadi.

Bu reja ham tasdiqlansa, Bayden prezidentlik uchun bergan va'dalarining katta qismini amalga oshira boshlaydi.

Loyihalar Senatdan o'tadimi yo'qmi, bu hozircha mavhum. Respublikachilar nazarida Baydenning rejalari nihoyatda qimmatga tushadi.

Oq uyga ko'ra, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar bog'cha bolalaridan tortib, kollej va universitet talabalari uchun imkoniyatlarni oshiradi. Tibbiy xizmatni arzonlashtiradi, qo'shimcha imtiyozlar taklif qiladi.

Kapitoliy, Vashington
Kapitoliy, Vashington

Iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi choralar, immigratsion tizim islohoti, dori-darmon bahosini tushirish singari o'zgarishlar ham bu dasturning bir qismi.

Demokratlar xususiy sektor va yiliga 400 ming dollardan oshiq daromad qiluvchi shaxslarga soliqni oshirmoqchi. Respublikachilar bunga keskin qarshi. 2017-yilda boylar uchun soliq pasaytirilgan.

20 ga yaqin respublikachi senator Baydenning infrastrukturani yangilash taklifini yoqlagan, ammo butun dastur uchun "ha" deb ovoz berishi kutilmayapti.

Demokratlar esa respublikachilarni dasturni ataylab qimmat deya chetga surayotganlikda, aslida esa ko'proq amerikaliklar o'rta sinfga qo'shilishi uchun yo'lni yopayotganlikda ayblamoqda.

Strateglar deydiki, bu bahslar Kapitoliyda byudjet ustidan katta muzokaralar bo'lishidan dalolat.

Prezident Bayden
Prezident Bayden

Oq uy demokratlarning qarorini olqishlamoqda. Bu orada Prezident Bayden Katta Yettilik, BMT, NATO va Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan virtual muloqot qilgan.

"Bir yoqadan bosh chiqargan holda harakat qilamiz", - deydi prezident Afg'onistonga nisbatan siyosatni nazarda tutib.

Uning aytishicha, o'tgan 10 kun ichida AQSh Afg'onistondan 70 ming 700 kishini evakuatsiya qilgan. Iyul oyi oxiridan beri esa qariyb 76 ming. O'tgan 24 soat ichida esa, deydi Bayden, 12 ming odam Kobuldan uchirilgan.

AQSh prezidentning qayd etishicha, 31-avgustgacha qo'shinlar Afg'onistonni butkul tark etadi, Amerikaga ishlagan afg'onlar va ularning oilalari ham olib chiqiladi .

Afg'oniston terrorizm o'chog'iga aylanishiga yo'l qo'yilmaydi, deydi Bayden. Tolibon Amerika va uning hamkorlariga tahdid solsa, keskin javob beriladi.

Tolibon, deydi Bayden, Amerika va u olib chiqayotgan odamlar uchun yo'lni yopmasligi va sharoitni og'irlashtirmasligi lozim. Aks holda, AQSh chora ko'radi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG