Breaking News

"Pfizer": Vaksina bolalar uchun xavfsiz


Bolalar uchun vaksina sinovi muvaffaqiyatli o'tdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:14 0:00

“Pfizer” ("Fayzer") kompaniyasi e’lon qilgan xabarga ko’ra, koronavirusga qarshi vaksina sinovi yosh bolalarda ham muvaffaqiyatli kechgan.

AQShning “Pfizer” va Germaniyaning “BioNTech” kompaniyalari birgalikda ishlab chiqqan vaksina allaqachon 12 yosh va undan yuqori bo’lganlar uchun ishlatilmoqda. Yaqinda o’tkazilgan sinovlar uning besh yoshli bolalar uchun ham samarali ekanini aniqlagan.

Bu haqda “Pfizer” yetakchi vitse-prezidenti Bil Gruber xabar berdi.

“AQSh Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasiga topshirilgan sinovlar “Pfizer-BioNTech” vaksinasi 5 dan 11 yoshgacha bo’lganlar uchun samarali va xavfsiz ishlashini ko’rsatdi”, - deydi Gruber.

“Pfizer” yosh bolalarga kattalar va 12 yoshdan tepadagilar oladigan dozaning uchdan birini bergan. Klivlend bolalar klinikasi shifokori Frenk Esper sinov jarayonidan xabardor.

“Dozasi kam bo’lishiga qaramay, yosh bolalarda ham kattalardagidek yuqori samara ko’rsatdi. Antitanachalar himoyasi talab darajasida”, - deydi shifokor.

Bolalarning koronavirusdan og’ir kasallanishi yoki o’lishi ehtimoli past bo’lsa-da, so’nggi paytlarda ular orasida ham virus yuqtirganlar soni ortib bormoqda.

“Delta” varianti chiqqandan beri kasalxonalarda bolalar ham ko’paydi. Kasalxonaga yotqizilgan bolalarning chorak qismi jonlantirish bo’limida. Baxtimizga, o’limlar deyarli yo’q, lekin bu ulkan tashvish”, - deydi doktor Gruber.

Kasallikdan tuzalgan bolalarda asoratlar qolishi mumkin. Bolalar ham vaksinani ikki dozada oladi. Emlashdan keyin kattalarda bo’lgani kabi ularda ham bosh og’rishi, charchash, muskullarda og’riq kuzatilishi mumkin. Lekin yosh bolalarda ba’zi kam sonli o’smirlarda kuzatilgan miokardit uchramagan.

“Pfizer” rasmiysining aytishicha, yosh bolali ota-onalar orasida vaksinaga qiziqish yuqori.

“Sinovda qatnashish uchun keragidan ortiq darajada ko’ngillilar chiqdi”, - deydi kompaniya vitse-prezidenti Bil Gruber.

Nyu-jersilik 10 yashar Maya Huber sinovda qatnashgan 2000 boladan biri. Uning onasi Nisha Gandi shifokor, jonlantirish bo’limida ishlaydi.

“Odamlarning koviddan o’lishini ko’rish, virusni uyga ham olib borish qo’rquvi juda dahshatli bo’ldi”- deydi u.

Maya vaksina nega kerakligini yaxshi tushunadi. Tengdoshlari vaksina olgach, birinchi qiladigan ishini ham rejalab qo’ygan.

“Avvalo, hamma do’stlarim bilan tonggacha birga qolishni xohlayman”, - deydi Maya.

“Pfizer” sentabr oxirigacha sinov natijalarini AQSh Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasiga topshirishi kutilyapti. 5 dan 11 yoshgacha bo’lganlarni emlashga oktabrda ruxsat berilishi mumkin.

Maqsad yangi o’quv yilini boshlagan maktablarda virusning yoyilishiga yo’l qo’ymaslik.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG