Kaliforniyalik qonunchi ta’lim almashuniv dasturi asosida AQShda o’qigan yoki malaka oshirgan afg’onistonliklarga AQShga kelish uchun maxsus immigrant vizasi berish haqidagi qonun loyihasini olg’a surdi.
Qonun AQShda “Fulbright” yoki shunga o’xshash ta’lim dasturlari asosida Amerikada yashagan afg’onlarga va ularning yaqin oila a’zolariga AQShga ko’chish imkonini beradi. Loyiha Vakillar palatasiga Kaliforniya shtatidan saylangan demokrat Jon Garamendi tomonidan taklif qilindi.
“Fulbright” granti AQSh madaniy ta’lim almashinuv dasturlarining eng muhimlaridan biri bo’lib, AQSh va boshqa davlatlar o’rtasida xalqaro aloqalar, diplomatiya va hamkorlikni yaxshilashga yordam beradi”, deyiladi Garamendi e’lon qilgan bayonotda.
“Bu Tolibon va 11-sentabr xuruji uchun mas’ul terrorchilarga qarshi AQSh bilan birga turgan afg’on ittifoqchilarimiz uchun qilishimiz kerak bo’lgan to’g’ri ish”, - deya qo’shimcha qiladi Garamendi.
Agar qabul qilinsa, qonun 2001-yil 7-oktabrdan keyin AQSh Davlat departamenti homiyligidagi madaniy va ta’lim almashinuv dasturlarida qatnashgan Afg’oniston fuqarolari yoki rezidentlariga hamda ularning turmush o’rtoqlari va farzandlariga maxsus immigratsiya vizasi taqdim etadi.
Quyidagi dasturlarda qatnashganlar bu vizani olishi mumkin:
- Ta’lim va madaniy masalalar almashinuv byurosi taqdim etgan “Fulbright” tadqiqotchilar grant dasturi, “Fulbright” chet tilini o’qitishga yordamchi dasturi, “Hubert Humphrey” tadqiqotchi dasturi kabi grantlar;
- Xalqaro tashrif buyuruvchi yetakchilik dasturi;
- AQSh Davlat departamenti tomonidan moliyalangan, AQShga safar va bu yerda yashashni o’z ichiga oluvchi boshqa madaniy va ta’lim almashinuv dasturlari.
O’tgan oy Xalqaro ta’lim instituti Afg’onistondagi Amerika universitetinining sobiq 10 talabasiga xorijda o’qish imkoniyatini berish uchun ta’lim grantlari ajratilishini e’lon qildi. Tolibon hokimiyatga kelishi ortidan Afg’onistondagi Amerika universiteti o’z faoliyatini to’xtatgan edi.
Xalqaro ta’lim instituti afg’onlar foydalanishi mumkin bo’lgan boshqa ta’lim grantlarini ham yo’lga qo’ymoqda.
Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti ham har yili qochoqlar va boshqa o’z joyini tashlab ketgan talabalar uchun to’liq grant beradi. 2019-yilda yo’lga qo’yilgan bu dastur asosida shu paytgacha 30 talaba uchun olti million dollar ajratilgan.
Ushbu grantni olish uchun ariza topshiruvchi o’zi xohlagan sohadagi o’quv dasturiga qabul qilingan bo’lishi kerak. Qabul shartlari va ariza topshirish muddatlari soha va darajaga qarab har-xil bo’lishi mumkin.
Facebook Forum