Breaking News

40 dan ortiq davlat Xitoyning uyg'urlar siyosatini qoraladi


Shinjondagi uyg'urlar maktabi, 2005-yil, 13-oktabr
Shinjondagi uyg'urlar maktabi, 2005-yil, 13-oktabr

21-oktabr kuni BMTga qilingan rasmiy yozma murojaatda 40 dan ortiq davlat Xitoyning Shinjon yarim muxtor viloyatida uyg’urlar va boshqa turkiy musulmon elatlarga nisbatan yuritilayotgan tazyiq siyosatidan xavotir bildirdi.

“Inson huquqlarining umumiy va tizimli tarzda poymol qilinishi, qiynoq, majburiy bichish, jinsiy zo’ravonlik hamda bolalarni majburan ota-onasidan ajratish holatlari bor, - dedi Fransiyaning BMTdagi elchisi ushbu bayonotga qo’shilgan 43 mamlakat nomidan. – Din, harakat, ifoda erkinligi hamda uyg’ur madaniyati keskin cheklovlarga uchragan”.

Qo’shma bayonotda uyg’urlar va boshqa ozchilik elatlar ulkan miqyosdagi kuzatuv ostiga olingani ham qayd etilgan. Unga imzo chekkan davlatlar Xitoyni inson huquqlari bo’yicha BMT Oliy komissarining Shinjonga borib vaziyatni tekshirishiga ruxsat berishga chaqiradi.

Huquq faollari va ba’zi hukumatlar Xitoyni bir milliondan ortiq uyg’ur va boshqa musulmon elatlarni lagerlarga majburan joylashtirganlikda ayblaydi. Pekin da’vosiga ko’ra esa, bu lagerlar qayta tarbiyalanish markazlari bo’lib, bu yerda uyg’urlar kasb-hunar o’rganadi hamda terrorizm va ekstremizmga qarshi tarbiya oladi.

BMT qoshida bir guruh davlatlar har yili uyg’urlar masalasida Xitoy siyosatini tanqid qiluvchi bayonot chiqaradi. Unga qo’shilgan davlatlar soni yildan yilga oshib bormoqda.

Bu yil guruhga ilk bor Turkiya ham qo’shildi. Afrikadan Liberiya va Esvatini ham imzo chekkan. Ba’zi musulmon mamlakatlar, xususan, Saudiya Arabistoni va Pokiston esa ro’yxatda yo’q.

“Mutlaqo asossiz”

Xitoyning BMTdagi elchisi guruh ayblovlarini “mutlaqo asossiz” deya rad etdi.

“BMT va boshqa ba’zi davlatlarga aytib qo’yay: sizning bir pulga qimmat yolg’onlaringizda hech qanday asos mavjud emas. Shinjonda barqarorlik, taraqqiyot va farovonlik hukmron va Xitoy xalqlarining hayoti kundan kunga yaxshilanib bormoqda”, - dedi Xitoy elchisi Tsan Jun.

Xitoyning BMTdagi elchisi Tsan Jun, Nyu-York, AQSh, 2021-yil, 23-sentabr
Xitoyning BMTdagi elchisi Tsan Jun, Nyu-York, AQSh, 2021-yil, 23-sentabr

Tsannning aytishicha, inson huquqlari borasidagi bu ayblovlarning asossizligini ta’kidlab, o’nlab davlatlar Xitoyni qo’llab-quvvatlovchi alohida bayonot chiqargan.Xitoy tarafini olib bayonot chiqargan davlatlar ro’yxatida inson huquqlari borasida reytingi abgor holatda bo’lgan Belarus, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Suriya va Venesuela kabi mamlakatlar bor.

BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Mishel Bashelet Xitoy hukumatidan Shinjonga borib vaziyatni mustaqil tekshirish uchun imkoniyat yaratib berishni so’ragan. Ammo bir necha yildan beri bu amalga oshmay kelmoqda.

Inson huquqlari bo’yicha BMT qo’mitasi yig’inidan so’ng Xitoy elchisining aytishicha, Shinjon eshiklari har doim ochiq va ko’plab diplomatlar, jurnalistlar hamda diniy arboblar u yerga borib holatni o’rgangan.

“Xitoyning inson huquqlari bo’yicha vaziyatini eng yaxshi ifodalab beradigan narsa bu Xitoy xalqining baxtli hayoti hamda tabassumidir”, - dedi rasmiy.

“Human Rights Watch” tashkilotining qayd etishicha, Pekinning uyg’urlarga nisbatan olib borayotgan tazyiq siyosatini qoralovchi davlatlar soni oshib bormoqda. Bu narsa Xitoy uchun ogohlantiruvchi belgi hamda mazlumlar uchun najot umidi bo’lishi kerak, deya qayd etdi huquq tashkiloti o’z bayonotida.

“Ilk bor BMTning barcha mintaqaviy guruhlari Shinjondagi huquqlar poymol qilinishi to’xtashini va BMT surishtiruvchilari zudlik bilan kirishiga ruxsat berilishini talab qildi”, - dedi “Human Rights Watch”ning BMTdagi rahbari Luis Charboneu.

“Shinjonda sodir bo’lgani aytiladigan insoniyatga qarshi jinoyatni rasman tekshirish uchun a’zo davlatlar xalqaro komissiya tuzishi va aybdorlarni javobgarlikka tortish yo’llarini tavsiya qilishi lozim”, - deya qo’shimcha qildi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG