AQShning g’arbiy shtatlarida yuz bergan dahshatli o’rmon yong’inlari mamlakatda bo’shab qolgan hududlarni qayta o’rmonlashtirish zaruratini kuchaytirmoqda. Bunga zamonaviy texnologiyalar ham jalb qilinyapti.
O’rmonlar joniga samodan berilayotgan yangi yordam turi oro kirishi mumkin.
“Yuk ko’taradigan dronlar yordamida urug’ sepyapmiz”, - deydi “DroneSeed” kompaniyasi rahbari Grant Keneri.
2015-yil Keneri “DroneSeed” kompaniyasiga asos soldi. Maqsadi – dronlar yordamida o’rmonlashtirish jarayonini kuchaytirish.
“Odatdagi daraxt ekishdan bizning ishimiz olti barobar tezroq”, - deydi u.
Daraxtlar shu paytgacha qo’lda ko’chat o’tqazish usuli bilan ekilgan.
“Bu odamlar qahramonlarimiz, lekin biz ularnikidan yaxshiroq qurollarni taqdim eta olamiz. Maqsadimiz dronlar yordamida qayta o’rmonlashtirish jarayonini tezlashtirish”, - deydi Keneri.
Tezlik muhim, chunki ba’zi hududlarda daraxtlar vaqtida ekilmasa, hududni boshqa yovvoyi ekinlar egallab olishi mumkin.
Ayni paytda yerga tushgan urug’ning qanchalik ko’karib chiqishi yana bir muammo. Aksariyati behuda ketadi.
“DroneSeed” bu muammoni ham hal qilishga urinmoqda. Urug’lar namlikni saqlovchi maxsus ozuqa bilan to’yintiriladi va hatto och jonzotlarning halqumidan asrash uchun ularga achchiq qalampir ham sepiladi.
Dronlar urug’ qadash uchun eng yaxshi joyni tanlashda ham as qotadi.
“Samolyotda uchib, LiDAR va ko’p spektrli tasvirga olish texnologiyasi yordamida hududning uch o’lchamli xaritasini yaratamiz. Shu asosda dronning uchish yo’nalishini dasturlaymiz, toki kerakli joyga bora olsin. Ayni paytda urug’ qadash uchun eng yaxshi joylarni aniqlashda ham bu qo’l keladi”, - deydi loyiha rahbari.
Iqlim o’zgarib, o’rmon yong’inlari ko’paygan bir davrda bu texnologiya tabiatni asrab qolishga yordam beradi, deydi Keneri.
“Iqlim o’zgarishining eng yomon oqibatlaridan saqlanish uchun o’rmonlashtirishni kengaytirish kerak”, - deya qo’shimcha qiladi u.
Facebook Forum