Breaking News

AQSh Meksika ko'rfazida neft qazishga ruxsat berishda davom etmoqda


Mekasika ko'rfazidagi neft burg'ulash qurilmasi
Mekasika ko'rfazidagi neft burg'ulash qurilmasi

Bayden ma'muriyati Meksika ko'rfazining 80 million akrdan ortiq maydonini o’z ichiga oluvchi hududlarda neft va gaz burg'ulash huquqini sotishga ruxsat berdi. Hukumat da’vosiga ko’ra, bu chora federal sud qarori bilan amalga oshirilmoqda. Atrof-muhit faollari esa Bayden ma’muriyatini munofiqlikda aybladi.

Chorshanba kuni AQSh Ichki masalalar vazirligi tomonidan o'tkazilgan kimoshdi savdosi natijasida 80 million akrdan 1,7 millioni ijaraga berilgan. Asosiy xaridorlar - “Exxon Mobil Corp” va “Chevron Corp”. Jami 191,7 million dollarga 308 ta lot sotib olingan; ammo ularning qanchasida qazish ishlari boshlanishi aniq emas.

Auksion Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o'zgarishi bo'yicha konferensiyasidan (COP26) bir necha kun o'tib yuz berdi. Bu anjumanda Prezident Jo Bayden Qo'shma Shtatlar zaharli chiqindilar miqdorini nolga tushirish yo’lida dunyoga namuna bo’lishi haqida va’z o’qigan edi.

Ekologiya himoyachilari ma'muriyatni o'z so'zidan qaytganlikda ayblamoqda. Bayden ma'muriyati esa burg’ulash huquqini federal sud qarori asosida sotishga majbur bo'lganini aytdi.

Yanvar oyida prezidentlik lavozimiga kirishishidan ko’p o’tmay Bayden federal yerlarni neft va gaz loyihalari uchun ijaraga berishga moratoriy e'lon qilgan edi. O'ndan ortiq shtatlarda respublikachilarning prokurorlari ijara auksionlarini to'xtatishga oid prezident qaroriga qarshi da'vo arizalari bilan murojaat qildi. Iyun oyida AQShning Luiziana shtatidagi okrug sudi sudyasi Bayden ma'muriyatiga burg'ulash huquqlarini sotishni qayta boshlashni buyurdi.

Meksika ko'rfazining AQShga qarashli hududida ulkan neft burg'ulash platformasi, 2017-yil, 11-may
Meksika ko'rfazining AQShga qarashli hududida ulkan neft burg'ulash platformasi, 2017-yil, 11-may

2018-yilda chiqarilgan AQSh Geologik xizmati hisobotiga ko'ra, qazib olinadigan yoqilg'i sanoatining operatsiyalari, ya'ni yoqilg'i iste'molchi qo’liga yetib borgungacha bo’lgan qazish, qayta ishlash va tashish ishlari atmosferaga chiqayotgan jami issiqxona gazlarining, taxminan, 23 foizini tashkil qiladi.

“Earthjustice” iqlim faollari guruhi ma’muriyat qarori ustidan sudga da’vo arizasiga kiritishiga qaramay, auksion chorshanba kuni bo’lib o’tdi. Da'voda aytilishicha, 2017-yilda o'tkazilgan, Bayden ma'muriyati auksionni oqlash uchun asos qilib olgan atrof-muhitga oid tadqiqot to’g’ri o’tkazilmagan va shu bois unga ishonib bo’lmaydi.

Faollar kurashi davom etadi

“Earthjustice” tashkilotining bosh advokati Bretni Xardining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Baydenda yangi ijara kimoshdi savdosining oldini olish uchun yana bir qancha variantlari bor edi, lekin ulardan foydalanmaslik yo’lini tanlagan.

"Ma'muriyat Luiziana sudining qarori tufayli qo'llari bog'langanligini aytishda davom etdi. Ammo ularda "Tashqi qit'adagi shelf yerlari to'g'risida"gi qonun asosida yana ko’plab choralarni ishga solish imkoniyati bor edi”, - deydi advokat.

Ma'muriyat Luiziana sudining qarori ustidan shikoyat qilayotganini aytgan, ammo bu da’vo arizasi ko’rib chiqilguncha auksionni to’xtatib turishni so’ramagani faollar tomonidan tanqidga uchradi.

Energiya kompaniyalari mamnun

Energetika sanoati va uning Vashingtondagi tarafdorlari Bayden ma’muriyati qarorini olqishladi.

“Amerika Ovozi bilan suhbatda Amerika Neft institutining siyosat, iqtisod va tartibga solish masalalari boʻyicha katta vitse-prezidenti Frenk Makkiarola shunday dedi:

“Federal yerlar va suvlarda neft va tabiiy gaz qazib olish Amerika ehtiyojlarini arzon va ishonchli energiya bilan taʼminlaydi. Tabiatni muhofaza qilish, ta’lim, infratuzilma va boshqa muhim davlat va mahalliy ustuvorliklarni moliyalashtirish uchun ham bu zarur”.

"Ta'kidlash joizki, Meksika ko'rfazida qazib olingan AQSh nefti va tabiiy gazi dunyodagi eng kam uglerod chiqindisi chiqaradigan manbalar qatoriga kiradi. AQSh Ichki masalalar vazirligi tahliliga ko'ra, xorijdan olinadigan mahsulotlarda, aksincha, emissiya ko’proq", - deya qo'shimcha qildi u.

O'z bayonotida Milliy okean sanoati assotsiatsiyasi prezidenti Erik Milito Bayden ma'muriyatini kelajakda ko'proq ijara auksionlarini o’tkazishga chaqirdi.

"Davomli lizing bizning energiya kelajagimiz uchun juda muhim; bugungi to'g'ri qarorlar ertaga Amerikaga foyda keltiradi”, - dedi u.

Ijara muddatini uzaytirish

Yangi maydonlarda neft qazib olishni boshlash uchun besh yildan 10 yilgacha vaqt ketishi mumkin. Bu hududlarda neft ishlab chiqarilgandan so'ng burg'ulash operatsiyasini boshqaradigan energiya kompaniyasi, odatda, uning ijara muddatini cheksiz muddatga uzaytirib borish huquqiga ega bo’ladi.

Okean energiyasini boshqarish byurosi ma'lumotlariga ko'ra, Meksika ko'rfazining tashqi kontinental shelfida chorshanba kuni sotilgan maydonlarni o'z ichiga oluvchi 160 million akr maydonda 48 milliard barrel neft va 43 trillion kub metr tabiiy gaz mavjud.

AQSh iqlim bobida nimalar qilmoqchi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:36 0:00

"Uglerod bombasi"

Atrof-muhitni muhofaza qilish tashkilotlari Bayden ma'muriyatining ijaraga berish qarorini bekor qildirish yo’lidagi kurashni davom ettirishlarini aytmoqda.

"Bayden ma'muriyati Meksika ko'rfazidagi yirik uglerod bombasining piligiga o’t qo’ymoqda. Iqlim sammitidan so'ng bundan ko’ra xavfliroq, ikkiyuzlamachiroq harakatini tasavvur qilish qiyin", - deydi Biologik rang-baranglik markazining okeanlar bo'yicha huquqiy direktori Kristen Monsel.

"Bu muqarrar ravishda ko'proq halokatli neft to'kilishiga, iqlimning yanada zaharli ifloslanishiga va ko'rfaz sohilidagi jamoalar va yovvoyi tabiatning ko'proq jabr ko’rishiga olib keladi", - deya qo’shimcha qildi u. - Bayden buni to'xtatish huquqiga ega, lekin buning o'rniga u qazib olinadigan yoqilg'i sanoatiga o'z hissasini qo'shmoqda va iqlimdagi favqulodda vaziyatni yanada yomonlashtirmoqda."

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG