Breaking News

Bayden iqlim anjumanida Xitoy va Rossiyani tanqid qildi


Glazgoda o’tayotgan iqlim o’zgarishiga doir anjumanda davlat rahbarlari 2030-yilgacha o’rmonlarni kesishni to’xtatib, 200 million gektar maydonda o’rmonlar va boshqa turdagi ekosistemani tiklashga va’da berdi.

Xalqaro hayot – 3-noyabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:01 0:00

“O’rmonlarni noqonuniy kesishga qarshi kurashamiz. Har bir mamlakatni barcha o’rmonlarni asrashga, buning uchun zarur resurslarni ajratishga chaqiraman”, - dedi Braziliya Prezidenti Jair Bolsonaru.

Neft, gaz va ko’mir sanoatlarida metan chiqindisini 2030-yilgacha 30 foizga kamaytirishga ham kelishildi.

"Global isishni kamaytirishning va global haroratni 1,5 darajadan oshirmaslikning eng samarali yo’li metan chiqindisini tushirishdir”, - dedi AQSh bilan ushbu tashabbusni olg’a surgan Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen.

Kongressda iqlimga doir qonun loyihalarining taqdiri mavhum bo’lishiga qaramay, AQSh Prezidenti Jo Bayden o’rmonlarni asrash va metan chiqindisini tushirishga oid qator ichki tashabbuslarini e’lon qildi, Xitoy va Rossiyani tanqidga oldi.

"Dunyoda yetakchilik roliga intilayotgan Xitoy bu rolga anjumanda qatnashmaslik orqali erishmoqchimi? Dunyo diqqat markazidagi eng muhim masala iqlimku axir. Islandiyadan Avstraliyagacha. Ammo Xitoy rahbari anjumanda yo’q. Qanday qilib bunday yondashuv bilan liderlikni qo’lga olish mumkin? Putin va Rossiyaga ham gapim shu”, - dedi Bayden Glazgoga bormagan ikki yirik davlat rahbarlarini izza qilib.

Xitoy va Rossiyaga ko’ra, G’arbdagi sanoatlashgan davlatlar atrof-muhit ifloslanishiga eng ko’p sababchi bo’layotgan mamlakatlar bo’lib, iqlim uchun aynan ular eng ko’p jon kuydirishi kerak.

O’rmonlarni kesishni bas qilish tashabbusiga qo’shilgan Xitoy va Rossiya issiqxona gazlarining atmosferaga chiqarilishini 2060-yilgacha butunlay to’xtatishga intilmoqda. Biroq bu global rejadan 10 yil kechdir.

"O’rmonlarni asrash uchun qattiq chora ko’ryapmiz. O’rmonlarni boshqarish mexanizmini yaxshilab, daraxtlarni noqonuniy kesishga va o’rmonlarda yong’inlarga qarshi kurashyapmiz. O’rmonchilik zonalarini kengaytiryapmiz va bu maqsadlar uchun ajratilayotgan mablag’larni oshiryapmiz”, - dedi Vladimir Putin.

Atrof-muhit muhofazachilari anjumandagi va’da va tashabbuslarni olqishlamoqda, biroq ularga amal qilinishiga ishonmaydi.

“Bu va’dalarning muammosi ham shunda. Ularning ijrosi uchun javobgarlik yo’q. 2014-yilda ham o’xshash va’dalar berilgan – Nyu-York o’rmonlar deklaratsiyasida, ammo ular kutilgan natijaga olib kelmadi”, - deydi faollardan biri.

Anjuman 12-noybargacha davom etadi. Davlat rahbarlari asosiy ma’ruzalardan so’ng mamlakatlariga qaytgan. Delegatsiyalarning ishchi guruhlari esa muzokaralar olib bormoqda. Davlatlar hozircha ko’mirga tobelikdan qutulishga kelisha olmayapti. Ko’mir energiya olishning eng iflos va zararli yo’li bo’lib, issiqxona gazlarining 70 foizidan ziyodi unga to’g’ri keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG