Yakshanba kuni Italiya poytaxti Rimda “Katta Yigirmalik” tashkilotiga a’zo 19 mamlakat va Yevropa Ittifoqi rahbarlarining sammiti yakunlandi.
Rahbarlar global haroratning asr oxirigacha 1,5 darajadan ko’tarilishiga yo’l qo’ymaslik uchun ma’noli va samarali harakat qilishga, xorijdagi ko’mir zavodlarini moliyalashtirishni to’xtatishga kelishdi, biroq o’z mamlakatlarida ko’mir zavodlaridan voz kechishga rozi bo’lmadi.
Dunyo bo’ylab atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlarining to’rtdan uch qismidan ko’pi ushbu guruh a’zolari hissasiga to’g’ri keladi.
“Jahon rahbarlari har safar va’dalarini kollektiv ravishda bajarmay keldi”, - dedi bugun Glazgo shahrida boshlangan iqlim o’zgarishiga doir xalqaro anjuman prezidenti Alok Sharma.
Global harorat isishini 1,5 darajadan oshirmaslik uchun zararli gazlar chiqindisini 2030-yilgacha ikki baravar kamaytirish, 2050-yilgacha nolga tushirish kerak bo’ladi. Biroq atmosferaning eng yirik zararkunanda mamlakatlari bunga tayyor emasligini ko’rsatdi.
Xafsalasi pir bo’lgan AQSh Prezidenti Jo Baydenning aytishicha, Rossiya va Xitoy iqlim o’zgarishi bobida biror va’da bergani yo’q.
Iqlim o’zgarishiga qarshi faollar bundan xunob.
“Katta Yigirmalik” rahbarlariga umuman ishonch yo’q. Quruq gapdan nariga o’tishmaydi”, - deydi ulardan biri.
Rim sammitidan tashqarida Bayden ayrim rahbarlar bilan global ta’minot zanjiri bilan bog’liq inqirozni muhokama qildi. Unga ko’ra, Xitoy tovarlariga global tobelikdan qutulish uchun ta’minot zanjirini xilma-xillashtirish kerak.
“Muammo tug’dirishi mumkin bo’lgan muayyan bir manbaga bog’lanib qolmasligimiz kerak”, - dedi Bayden.
AQSh rahbari Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen bilan uchrashuv chog’ida po’lat va alyuminiy tariflariga doir tortishuvlarga chek qo’yishga kelishdi.
AQSh Rossiyadan havo mudofaasi tizimini sotib olgan Turkiyani F-35 qiruvchi samolyotlari dasturidan chiqarib yuborgach, Anqara F-16 samolyotlarini sotib olishga qiziqish bildirgan. Bayden Rimda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bilan ikki tomonlama aloqalarni muhokama qildi.
Facebook Forum