“So‘nggi oylarda Turkiyada lira kursi dollarga nisbatan shitob bilan qadrsizlanyapti. Xususan, oxirgi oyda 30 foizga, yil boshidan beri esa ikki baravar qadrsizlandi. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchialarni, mahalliy aholini va bu yerga ishlagani kelgan O‘zbekiston fuqarolarini qiyin vaziyatga solib qo‘ymoqda”, – deydi Turkiyaning Bursa shahridagi Uludog‘ universiteti talabasi, o‘zbekistonlik Abdullatif Adhamov.
Turkiyada oxirgi kunlarda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri, shubhasiz, turk lirasining keskin qadrsizlanishi bo‘lyapti. Inflyatsiyaning kuchayishi va narx-navoning ko‘tarilishi oxirgi haftada mamlakatning turli shaharlarida norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Turk siyosiy muxolifati mavjud hukumat yuzaga kelgan iqtisodiy muammolarni hal qila olmasligini aytib, 2023-yilda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan prezident va parlament saylovlari muddatidan oldin o‘tkazilishini istayapti; buning uchun hukumatga bosim o‘tkazyapti.
“Bizning vazifamiz, mas’uliyatimiz turk iqtisodiyotini, turk lirasini tushib qolgan abgor ahvoldan olib chiqib, turk iqtisodiyotini yangi samarador ko‘zlov bilan qaytadan barpo etishdir. Nuqul barvaqt saylov deyayotgan edik. Yo‘q, do‘stlar, men barvaqt saylov demayman, hoziroq saylov deyman”, – dedi bir paytlar Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning safdoshi bo‘lgan, hozir “Kelajak” partiyasi yetakchisi Ahmet Dovuto‘g‘li.
24-noyabr kuni Abu-Dabi valiahd shahzodasi Muhammad bin Zaydning Turkiyaga safari va Birlashgan Arab Amirliklari turk iqtisodiyotiga 10 milliard dollar investitsiya kiritishi haqidagi xabar ortidan lira qadrining shitob bilan qulashi biroz sekinlashdi, biroq vaziyat o‘nglangani yo‘q.
Ekspertlarga ko‘ra, prezident Erdog‘anning Markaziy bank pul-kredit siyosatiga aralashuvi va foiz stavkalari pasaytirilishini istashi turk lirasining qadriga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Prezident esa “foiz – sabab, inflyatsiya – natija” deyapti.
“Bu foizlar pasayadi. Biz xalqimizning ham, dehqonlarimizning ham yuqori foizlar ostida ezilishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, – deya takrorladi Erdog‘an 26-noyabr kuni Izmir shahridagi nutqida.
O‘zbekistonlik iqtisodchi, hozir Turkiyaning Kojaeli universitetida ilmiy izlanish olib borayotgan Tohirmalik Shovdirov liraning qadrsizlanishiga hukumatning Markaziy bank siyosatiga aralashuvidan tashqarli boshqa omillar ham ta’sir ko‘rsatganini aytadi. Xususan, Turkiyaning tashqi savdo hamkorlari, jumladan, ayrim Yevropa mamlakatlari bilan munosabatlarining yomonlashishi, Turkiyaning hali ham yuqori texnologiyalarga asoslangan mahsulotlartni ko‘p ishlab chiqarmasligi va eksport qilmasligi, koronavirus davrida turizmdagi turg‘unlik ana shunday sabablardan, deydi u.
Iqtisodchining fikricha, Turkiyada iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi O‘zbekistonga ham ta’sir ko‘rsatadi. Zero, 2020-yil yakunlariga ko‘ra, Turkiya O‘zbekistonning to‘rtinchi yirik savdo hamkori bo‘ldi, deydi u.
“Turkiya O‘zbekistondan asosan xom ashyo import qiladi, biz esa Turkiyadan asosan kiyim-kechak import qilamiz. Albatta, Turkiya iqtisodiyotining yomonlashishi davlatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar kuchayib borayotgan bir paytda bu aloqalarning istiqboliga ta’sir ko‘rsatadi. Bu qisqa muddatda – bir-ikki oydan keyin bo‘ladi deb aytolmayman. O‘zbekiston statistikasiga qaraydigan bo‘lsak, Turkiya O‘zbekistonga eng ko‘p investitsiya kiritayotgan davlatlardan biri hisoblanadi. Inflyatsiya yuqori bo‘lib turgan sharotida O‘zbekistonga investitsiya hajmi kamayishi tabiiy”, – deya tushuntiradi iqtisodchi.
Tohirmalik Shovdirovga ko‘ra, turk lirasining qadrsizlanishi Turkiyadagi o‘zbekistonlik mehmat muhojirlariga daromadlarining pasayishiga olib kelyapti.
“Rasmiy statistikaga ko‘ra, Turkiyada o‘zbekistonlik 50 mingga yaqin mehnat muhojiri bor. Norasmiy ishlayotganlar 600-800 ming ekani aytiladi. Albatta, vaziyat ularga ta’sir qiladi, – deydi u. – Vatandoshlarimiz oylik maoshlarini turk lirasida olishadi va O‘zbekistonga dollar qilib yuborishadi. Turk lirasining qadrsizlanishi oqibatida ular O‘zbekistonga yuboradigan pul miqdori kamayadi. 2020-yilda koronavirus pandemiyasiga qaramay Turkiyadan O‘zbekistonga 341 million dollar yuborilgan ekan. Lekin liraning qadrsizlanishi, aytib o‘tganimdek, O‘zbekistonga kirib boradigan pul miqdorining kamayishiga olib keladi”.
Iqtisodchi Shovdirov Turkiyada inflaytsiya o‘sayotgan bo‘lsa-da, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga ishlab turishni maslahat berdi.
“Chunki O‘zbekistonda ish o‘rinlari kam, oylik maoshlar ham past”, – deya izohlaydi u.
Facebook Forum