Breaking News

Nyu-York shahridagi Tomas Jefferson haykali nega olib tashlandi?


Tomas Jefferson haykali va quldorlik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:09 0:00

Nyu-York shahar hokimiyati binosidan prezident Tomas Jeffersonning haykali olib tashlandi. Yuzlab qullarga egalik qilgan odam siymosi bu yerda turishga loyiq emas, degan qarorga kelingan.

Tomas Jefferson avlodlari bugun Manxetten yaqinida yashaydi.

“Tomas Jeffersonning oltinchi avlod nabirasiman”, - deydi Lusian Traskot.

U Amerika asoschilaridan biriga aloqador ekanini eslatishni yoqtirmaydi. Chunki shunday tarbiya ko’rgan.

“Yoshligimda uyga kelib, Tomas Jefferson va Amerika tarixini o’rganyapmiz, deb aytsam, onam Tomas Jeffersonning nabirasi ekaningni aslo ayta ko’rma; chunki boshqa bolalardan sening birorta afzalliging yo’q, deb aytardi”, - deydi Traskot.

Ammo Tomas Jefferson haykalini Nyu-York shahar hokimiyati binosidan ko’chirish masalasi o’rtaga chiqqanda bu ish bilan shug’ullanayotgan maxsus komissiya Traskot bilan ham maslahatlashdi.

Uzoq muhokamalar ortidan haykalni Nyu-York Tarix jamiyatiga topshirish haqida qaror qabul qilindi. Yodgorlik dastlab jamiyat qabulxonasiga, keyinroq esa o’quv zaliga o’rnatiladi.

Jefferson haykalining asl bronza nusxasi Vashingtonda joylashgan. Har ikki haykal hukumatga yahudiy ofitser va ko’chmas mulk sarmoyadori Yuraya Fillips Levi tomonidan sovg’a qilingan. Jeffersonning din erkinligi himoyasi uchun qilgan ishlarini Yuraya shu tarzda xotirlashni istagan.

Jefferson haykali Nyu-York shahar hokimiyati binosida turishga haqlimi, degan savol 20 yil oldin o’rtaga chiqqan edi.

“Yoshligimizda bizga hech kim Tomas Jefferson quldor bo’lgan deb o’rgatmagan. Jefferson yashagan Montichelloga borsangiz, qul degan so’zni hatto eshitmaysiz”, - deydi Traskot.

Lusian Traskot yozni Tomas Jefferson oilasiga qarashli Montichelloda o’tkazadi. Yoshligi ham shu yerda o’tgan.

“Bolaligimda Jeffersonning karavotida sakrab o’ynardim”, - deya eslaydi u.

2020-yil Traskot “Nyu-York Tayms” nashri uchun maqola yozib, Vashingtondagi Tomas Jefferson yodgorligida aslida boshqa qahramon turishi kerak, degan taklifni olg’a surdi. Unga ko’ra, barcha odamlar teng huquqli ekani haqida nafaqat yozgan, balki o’zi ham shunga amal qilib yashagan odamgina bu joyda turishga haqli.

“Butun tariximizni ochiq o’rganishimiz kerak; nafaqat yaxshi tomonlarini, nafaqat mashhur odamlar haqidagi qismini. Su bois Vashingtondagi va bu yerdagi Tomas Jefferson haykallarini boshqa joyga ko’chirishni taklif qildim. Bu narsa, albatta, uni hurmat qilmaganimdan emas”, - deydi Traskot.

Nyu-Yorkda haykalni ko’chirishga oid fikrlar turlicha bo’ldi; ammo komissiya nihoyat uni ko’chirishga qaror qildi. Traskot bu qarorga qo’shiladi. Unga ko’ra, Jeffersonning Nyu-York shahriga yoki shahar hokimiyat binosiga hech qanday aloqasi yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG