Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Turkmanistonda o'tgan sammitida O'zbekiston rahbari Shavklat Mirziyoyev e'tiborni Afg’onistonga qaratdi. Mirziyoyev Afg’oniston gumanitar inqirozga kirib borayotganini ta’kidlar ekan, bu davlatga ko’mak ko’rsatish uchun harakatni birlashtirish zarur, deya undadi.
Mirziyoyev Afg’oniston bilan bog’liq mintaqaviy savdo, transport va energetik loyihalarni amalga oshirish ishlarini izchil davom ettirish tarafdori. Ammo ular taqdiri Afg’oniston Tolibon qo’liga o’tishi ortidan yanada mavhumlashgan.
Toliblar bilan yuqori darajada muloqotni yo'lga qo'ygan O’zbekiston hukumatining asosiy umidi ham shu yirik loyihalarda, xususan Pokiston portlariga olib chiquvchi transafg’on koridori barpo etish.
1990-yillardan beri rejalangan, Termizdan boshlanib Afg’oniston orqali Pokistonga yetib boruvchi temir yo’l qurilishidagi eng kata to’siq - Afg’onistondagi beqarorlik.
Ammo toliblar hukumatni egallashidan avval, ya'ni AQSh va xalqaro qo’shinlar Afg’onistonda bo'lgan paytda O’zbekiston bu loyihaning dastlabki qismini amalga oshirgan.
Termizdan Mozori Sharifgacha tortilgan temir yo’l hozirgacha mintaqani Afg’oniston bilan bog’lab turgan asosiy savdo, transport yo’nalishi bo’lib qolmoqda.
Tahlilchilarga ko'ra, Toshkent Afg’onistonda barqaror hukumat shakllanishi uchun yakka tartibda ham, xalqaro maydonda ham barcha imkoniyatlarni ishga solmoqchi.
Siyosatshunos Farhod Tolipov O’zbekiston prezidenti Toshkent tashabbusidagi anjumanlarda ham, xalqaro miqyosdagi boshqa maydonlarda ham muntazam Afg’oniston muammosini ko’tarib kelayotganiga diqqat qaratadi.
“Ashxoboddagi sammit ham bundan istisno bo’lmadi, prezident Mirziyoyev Islom hamkorlik tashkiloti a’zolari diqqatini Afg’oniston muammosiga, bu mamlakat bilan bog’liq yirik transport loyihalariga qaratdi. Bu birinchi emas, Afg’oniston bilan bog’liq yirik anjumanlarni Toshkent tashabbusida ham o’tgan. Afg’oniston orqali rejalangan transport koridori O’zbekiston uchun geostrategik ahamiyat kasb etadi. Aslida dengiz portlariga chiquvchi bu yo’l, va shu yo’nalishdagi boshqa energetik loyihalar ham 1990-yillar oxirida paydo bo’lgan edi. Ammo hozirgacha ularning qog’ozda qolayotgani Afg’onistondagi vaziyat, xavfsizlik masalasida kafolat yo’qligi bilan bog’liq qoldi. Bugunga kelib ham vaziyat o’zgarmadi, xususan Afg’oniston orqali tortilishi ko’zda tutilgan temir yo’l loyihasi taqdiri ham yana mavhumlashdi”, - deydi Tolipov.
Temir yo’l loyihasi bilan bog’liq mavhumlik Afg’onistonda hokimiyat toliblar qo’liga o’tishi ortidan kuchaydi. Ammo Toshkent va Tolibon o’rtasidagi munosabatlarda biror ziddiyatlar yoq’. Toliblar boshliq delegatsiya yaqinda O’zbekistonga tashrif buyurib, Termizda hamkorlik va savdo aloqalarini muhokama qildi. Bir qarashda Tolibon O’zbekiston surayotgan loyihalarga qarshi emas, qo’llab quvvatlamoqda.
“Toliblar O’zbekiston surayotgan loyihalarga qarshi emasligini ham bildirib o’tgan, lekin bu shunchaki og’zaki bir bayonot. Chunki bilamiz, xalqaro hamjamiyat, O’zbekiston ham hozircha Tolibon hokimiyatini tan olmagan. Tan olishning o’z shartlari bor, ya’ni yangi hukumat shakllanishi... O’zbekiston ham bu shartlarni qo’llab quvvatlamoqda, shundan so’nggina tan olishi mumkin. Mana, IHTning Ashgabatdagi sammitida ham Afg’onistondan vakil ishtirok etmadi, chunki hukumat tan olinmadi hali. Toliblar inklyuziv hukumat haqidagi talablarni qanchalik bajaradi, bunisi ham hali noma’lum. Qolaversa, toliblar bunga rozilik bildirgan taqdirda ham, ularning o’zini Afg’onistondagi vaziyati qanchalik barqaror degan savol mavjud. Chunki, mamlakatdagi vaziyat keskinlashib bormoqda. Qish yaqinlashib, afg’onlar o’rtasida norozilik kuchaymoqda. Mamlakatda yana turli terrorchi guruhlar faollashgan. Ayni paytda ekspertlar orasida Afg’oniston yana terrorchi tashkilotlar o’chog’iga aylanishiga doir taxminlar mavjud. Bular Afg’oniston bilan bog’liq loyihalar taqdirida biror kafolatlar yo’qligidan darak beradi”, - deydi Farhod Tolipov.
Mirziyoyev Afg’oniston bilan bog’liq xavfsizlik masalasida to’xtalar ekan, Tolibon rahbariyati qo’shni davlatlarga tahdid yaratmaslikka va’da berganini eslatgan.
Facebook Forum