Mayamidagi suv toshqinlaridan tortib Kaliforniyadagi o’rmon yong’inlarigacha iqlim o’zgarishi aholining yashash tarzini jiddiy xavf ostiga qo’ymoqda. Xavf ko’lami oshar ekan, odamlar boshqa hududlarga ko’chmoqda. Yangi Orleandan 70 kilometr janubi-g’arbda federal hukumat yordami bilan iqlim tufayli uyini tark etgan odamlar uchun yangi xonadonlar qurilmoqda.
Isle de Jin Charlzni Luiziana sohili bilan faqat tor yo’l bog’lab turadi, xolos. Kris Bruneyning tub aholiga mansub ota-bobolari bu yerga 1800-yillarda oqlardan qochib kelib o’rnashgan.
“Bir necha avloddan beri shu yerda yashaymiz. Tub amerikalik bo’lganimiz uchun biz yerga bog’langanmiz”, - deydi Bruney.
Ammo yer maydoni torayib bormoqda. 1950-yillardan beri Isle de Jin Charlz hududining 98 foizi suvga boy berildi.
Neft va gaz olish uchun qazilgan kanallar Luiziana sohilini yemirishda davom etmoqda. Suv sathi ko’tarilar ekan, eng so’nggi zarba iqlim o’zgarishidan keldi.
Bruney butun umrini shu yerda o’tkazgan. Ammo uyi suv ostida qolish xavfi bilan yuzlashgani bois endi ko’chishga majbur.
“Odamlar o’zi xohlamagan qarorlarni berishga majbur bo’lmoqda. Iqlim o’zgarishi tufayli ularda bundan boshqa chora yo’q”, - deydi u.
“Biz yurgan shu joylarda bir yilga bormay uylar quriladi”, - deydi hukumat loyihasi bo’yicha mas’ul Pet Forbes.
Forbes Luiziananing Mahallalarni rivojlantirish idorasini boshqaradi. Uning idorasi 48 million dollarlik federal yordam asosida suv yoqasida yashagan aholini 55 kilometr ichkariga ko’chirmoqda.
“Bunday qilishni xohlamasdik, lekin shu imkoniyatni bera olganimizdan xursandmiz”, - deydi Forbes.
Yordamni Federal uy-joy agentligi ajratmoqda. Bu iqlim o’zgarishi tufayli aholini ko’chirishga qaratilgan birinchi loyiha. Ekologik falokatlar soni ortib borar ekan, bunday loyihalar kelajakda ko’p bo’ladi, deydi Forbes.
“Agentlik bizdan bu ishni qanday amalga oshirish bo’yicha namuna ko’rsatishni so’radi. Chunki kelajakda bunday ishlar ko’payadi”, - deydi u.
Forbesga ko’ra, bu loyihaning o’ziga xos bir jihati bor.
“Ilgari bunaqa ishlar, asosan, odamlarning qo’liga pul berib, xohlagan joyidan uy sotib olishni aytish bilan bo’lardi. Bunday qilsangiz, butun bir mahallalar tarqab ketadi”, - deydi u.
Isle de Jin Charlz mahallasining barcha rezidentlari birga ko’chirilmoqda. 2022-yilda uy-joylar bitsa, Bruney jiyanlari bilan yangi mahallada yashaydi.
Ekspertlarga ko’ra, hammani birga ko’chirish xavfsizlikdek muhim masala.
Ammo loyiha yuzasidan qarashlar turlicha.
“Xuddi daraxtni tomiri bilan ko’chirib olib, boshqa joyga ekishdek gap bu. Tomir yangi joyda ildiz otarmikin, degan umidingiz bor, xolos. Menda ham shunday. Yangi uy qurib berishyapti, lekin u hali mening uyim emas”, - deydi Bruney.
Ekspertlarga ko’ra, iqlim o’zgarishi tufayli uy-joyini tark etadiganlar soni bundan buyon oshib boradi. Ular uchun nafaqat boshpana, balki o’z uyim deb qabul qila oladigan maskan yaratish muhim, deydi ular.
Facebook Forum