Breaking News

Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga tashrifidan nimalar kutilyapti?


Prezident Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida, 2021-yil, 16-dekabr
Prezident Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida, 2021-yil, 16-dekabr

Prezident Shavkat Mirziyoyev O’zbekistonning yana bir strategik sherigi - Janubiy Koreyaga davlat tashrifini boshladi.

Bu - Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga ikkinchi shunday tashrifi.

Dastlabki safar 2017-yilda amalga oshgan. 2019-yilda esa Janubiy Koreya Prezidenti Mun Chje In O’zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgan. Ikki o’rtada strategik sheriklikka doir hujjatlar, qiymati 12 milliard dollarga baholangan hamkorlik shartnomalari imzolangan.

Oktabr oyida prezidentlikka qayta saylangan Mirziyoyevning bu muddatdagi ilk xorijiy safarlaridan biri ekan, Koreyada salmoqli hujjatlar to’plami imzolanishi kutilmoqda. Tashrifda asosiy e’tibor “yashil” iqtisodiyotga, raqamlashtirish, yuqori texnologiyalar, ta’lim va tibbiyot sohasidagi hamkorlikka qaratiladi.

Janubiy Koreya - O’zbekistoning muhim strategik hamkorlaridan biri. Hamkorlik iqtisodiy manfaatlarga asoslangan. Koreya O’zbekiston iqtisodiyotiga o’z sarmoyasi va texnologiyasi bilan hissa qo'shayotgan ilg’or davlatlardan. O’zbekistonda yuqori texnologiyalar tizimi joriy qilinishida Janubiy Koreya tajribasiga tayaniladi.

Siyosatshunos Farhod Tolipov fikricha, O’zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligini faqatgina iqtisodiy manfaatlarga asoslangan deyish noto’g’ri.

“O’zbekiston - yirik sondagi etnik koreyslar yashayotgan davlatlardan biri. Bu yaqin munosabat shakllanishidagi muhim faktor. Xalqlarimiz mentalitet jihatdan ham juda yaqin. Bilasiz, koreys seriallari O’zbekistonda sevib tomosha qilinadi. Agar davlatlar o’rtasidagi munosabatlarga kelsak, Koreya dunyoning ilg’or davlatlaridan biri, ayniqsa yuqori texnologiya, innovatsiya sohasida. Bu tajriba O’zbekiston uchun juda muhim, ayni paytda Koreya nafaqat o’z sarmoyasi, balki ta’lim dasturlari, yuqori texnologiyalar joriy qilinishi bilan ham mamlakatda faol ishtirok etib kelyapti. Koreya, xuddi Yaponiya singari Markaziy Osiyo taraqqiyotidan, bu davlatlar o’rtasidagi integratsiyadan manfaatdor. Aynan Janubiy Koreya birinchilardan bo’lib Markaziy Osiyoga nisbatan o’z yaxlit strategiyasini, hamkorlik dasturini ishlab chiqqan edi. Keyinchalik boshqa qudratlar ham shu formatga o’ta boshlashdi, Markaziy Osiyo bilan yaxlit muloqot shakllari paydo bo’ldi. Shu ma’noda Janubiy Koreya nafaqat O’zbekiston, mintaqa uchun ham muhim hamkorlardan biri sanaladi”, - deydi Tolipov.

O’zbekistonda bir necha yil avval koreyslarning soni 200 mingdan ko’p deb hisoblangan. Ayni paytda 180 ming atrofida deb taxmin qilinadi.

Sondagi kamayish koreyslarning o’z tarixiy vataniga ko’chishi bilan ham bog’liq, ammo Janubiy Koreyaga ketayotgan o’zbekistonliklar etnik koreyslardan iborat emas. So’ngi yillarda Koreyadan ish topayotgan o’zbekistonliklar soni ham jiddiy oshgan.

O’zbekistonning Koreyadagi elchixonasi ma’lumotlariga ko’ra, ayni paytda u yerda o’zbekistonliklar soni 65 ming kishi atrofida.

Ular asosan Koreyadan vaqtincha ish topgan mehnat muhojirlari, Koreya hukumati taqdim etgan imtiyozlarga ko’ra u yerda yashab ishlayotgan o’zbekistonlik, etnik koreyslar, shuningdek, talabalar va ishbilarmonlar tashkil etadi.

“Men o’zim, ilmiy tadqiqotchi sifatida, Koreyaning turli ilmiy doiralari, universitetlari bilan hamkorlik qilib kelaman", - deydi Farhod Tolipov.

"So’nggi paytda O’zbekistonda Koreyaga qarashli bir nechta o’quv yurtlari ochildi. Ularni shu sohada mutaxassislar yetishtirib berishi kutilmoqda. Aytganimdek, Koreya dunyodagi eng ilg’or davlatlardan, bu ilg’orlik shu yuqori texnologiya, tejamkorlikka, biz nazarda tutayotgan “yashil” iqtisodiyotga asoslanadi. Koreya bu yo’lni, “yashil” iqtisodiyotga o’tishni ancha avval tanlagan va muvaffaqiyat bilan amalga oshirib kelmoqda. Bu masala hozir O’zbekiston uchun ham juda dolzarb bo’lib turibdi. Prezident Mirziyoyev bekorga “yashil” iqtisod masalasini ko’tarayotgani yo’q, chunki rivojlangan dunyo shu yo’lni tanlamoqda. Shunday ekan, Koreyaning bu bordagi tajribasi O’zbekiston uchun juda muhim. Qolaversa, bu tajriba juda samarali ekanligini inobatga olsak”.

Prezident Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga safari 18-dekabrgacha davom etadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG