Breaking News

O'zbekiston, AQSh Toshkentda strategik hamkorlikni muhokama qildi


Toshkentda AQSh va O'zbekiston rasmiylari muloqot qildi, 13-dekabr, 2021
Toshkentda AQSh va O'zbekiston rasmiylari muloqot qildi, 13-dekabr, 2021

AQSh O’zbekistonning hududiy yaxlitligini, mamlakatdagi demokratik islohotlarni qo’llab-quvvatlaydi. Bu haqda AQSh va O’zbekiston o’rtasidagi strategik sheriklik muloqotida alohida ta'kidlangan.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Donald Lu boshchiligidagi delegatsiya O'zbekiston bilan strategik hamkorlik bo'yicha Toshkentda muloqot o'tkazdi.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, “siyosat va diplomatiya, iqtisodiyot va taraqqiyot, xavfsizlik, inson o‘lchovi, madaniy-gumanitar aloqalar yo‘nalishlaridagi ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlik, shuningdek, xalqaro tashkilotlar hamda moliya institutlari doirasidagi munosabatlar yuzasidan” fikr almashilgan.

Muloqot ketidan chiqarilgan bayonotda qayd etilishicha, Vashington “O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni faol qo‘llab-quvvatlashga tayyor”.

Uchrashuvda investitsiyalarni o’zaro himoya qilish, ikki tomonlama soliqqa tortishdan qochish to’g’risida bitimga kelishish masalasi ham ko’rib chiqilgan.

AQSh va O’zbekiston o’rtasida strategik sheriklikka oid deklaratsiya 2002-yilda imzolangan.

Strategik sheriklikning yangi bosqichi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yildagi AQSh safarida e’lon qilingan.

Tashqi ishlar vazirligi Toshkentda o’tgan majlisni AQSh va O’zbekiston o’rtasidagi Strategik sheriklik muloqotining birinchi yig’ilishi sifatida taqdim etdi, ya'ni rasmiylarga ko'ra, bunday muzokara ilk bor dialog ruhida kechdi.

Imzolanganiga deyarli 20 yil to’layotgan strategik sheriklikdagi asosiy omillar AQShning O’zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlash, shuningdek, inson huquqlarini targ'ib qilish va demokratik islohotlarga ko’mak ko’rsatishga bel bog'lagani.

Bu muloqot oldidan AQShning olti senatori Davlat kotibi Entoni Blinkenga murojaat qilib, O'zbekistonda demokratik islohotlar va inson huquqlariga oid vaziyatni yaxshilash uchun O’zbekiston hukumatiga ta’sir ko’rsatishga chaqirdi.

So’ngi paytda, xususan, mamlakatda oktabr oyidagi prezidentlik saylovlari ortidan fuqaro jamiyati ezilayotgani haqida ma'lumotlar ko'payiv, xalqaro hamjamiyat xavotiri kuchaygan.

"Human Rights Watch" va "Forum18" kabi tashkilotlar O’zbekistonda e’tiqod erkinligi cheklanmoqda, deya tanqid qilayotgan bo’lsa, mahalliy faollar nazarida O'zbekistonda siyosiy islohotlar sust.

Sobiq siyosiy mahkum Yusuf Ro’zimurodov fikricha, Prezident Mirziyoyev sistematik islohotlar o'tkazmasa, inson huquqlariga doir vaziyat Karimov davridagi repressiv holatga qaytishi mumkin.

“Prezident Mirziyoyev siyosiy islohotlarni boshlamas ekan, inson huquqlariga doir vaziyatda real o’zgarishlar kutish qiyin. Prezidentlik saylovi muxolifatsiz o’tdi. Muxolif partiyalar faoliyatiga ham, ishlashiga ham ruxsat berilmadi. Prezident ikkinchi muhlati davomida siyosiy islohotlar qilishi haqida hech narsa demadi, va’da ham bermadi. Aksincha, konstitutsiyaga o’zgartirishlar kiritish haqida gapirmoqda. Mamlakatdagi siyosiy maydonda real muxolif partiyalar paydo bo’lmas ekan, islohotlardan biror natija kutmaslik kerak”, - deydi Ro’zimurodov.

Mirziyoyevning birinchi muddatida O’zbekistonda inson huquqlari borasida qator o’zgarishlar kuzatildi.

O'nlab siyosiy mahkumlar ozod etildi. E’tiqod va so’z erkinligi nisbatan kengaydi. Erkinlik darajasi ko'tarilgan deya undayotganlarga ko'ra, mana shu yutuqlarni boy bermagan holda, qonun ustuvorligi tomon dadilroq qadamlar tashlash lozim.

AQSh-O’zbekiston strategik sheriklik muloqoti keyingi safar AQShda o’tishi rejalangan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG