Breaking News

Pentagon: AQSh, O'zbekiston Markaziy Osiyo xavfsizligi yuzasidan yakdil


Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi, Virjiniya shtati
Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi, Virjiniya shtati

AQSh Mudofaa vazirligining tasdiqlashicha, O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan 1-iyul kuni kechgan muloqotda asosan Markaziy Osiyo xavfsizligi yuzasidan hamkorlik xususida gaplashilgan. Tomonlar - strategik sheriklar. Biror yangi kelishuv haqida gap yo'q, ammo kontrterrorizm, chegara himoyasi va mudofaa kuchlarining malakasini oshirish borasida so'z ketgan. AQSh va O'zbekiston azaldan bu yo'nalishlarda hamkorlik qilib keladi. Muloqotda Toshkentdan bir necha rasmiy, jumladan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev ham qatnashgan.

Komilov boshchiligidagi delegatsiya bu hafta Vashingtonda qator vazirliklar va agentliklarda bo'lib, Bayden ma'muriyati bilan yaqindan tanishmoqda.

Mudofaa vaziri Lloyd Ostin respublikani mustaqillikning 30 yilligi yaqinlashayotgani bilan tabriklab, ikki davlat orasidagi diplomatiya va rishtalar tarixi, tajriba va ishonchga urg'u bergan.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Afg'oniston bo'yicha maxsus vakil Ismatulla Irgashev bilan so'zlashmoqda, Pentagon, Virjiniya shtati, 1-iyul, 2021
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Afg'oniston bo'yicha maxsus vakil Ismatulla Irgashev bilan so'zlashmoqda, Pentagon, Virjiniya shtati, 1-iyul, 2021

Pentagon O'zbekistonga Afg'onistondagi say-harakatlari, xususan iqtisodiy yordami uchun minnatdor. Toshkent ham AQShga hamjihatlik va quvvatlov uchun rahmat aytgan.

Amerika Mirziyoyev ma'muriyati Markaziy Osiyoda integratsiya tomon intilayotganini olqishlar ekan, Afg'onistonda tinchlikni ta'minlash ustuvor vazifa ekani qayd etilgan.

O'zbekiston mintaqa barqarorligi yo'lida AQSh bilan yaqindan ishlashda davom ettirib, hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirgan.

Amerika qo'shinlari Afg'onistondan butkul chiqib ketgach, bu sheriklik qanchalik yangilanadi, hozircha noma'lum.

AQSh maxsus operatsiyalar uchun qo'shni davlatlar hududidan foydalanishni xohlasa, yangi bitimlar zarur. O'zbekiston qonunan chet el harbiylariga ochiq emas.

Bayden ma'muriyati Amerika Afg'onistondan chiqqanidan keyingi davr uchun strategiya ustida bosh qotirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG