AQShda 3-noyabr kuni oʻtgan saylovlar natijasini qabul qilmagan prezident Donald Tramp tarafdorlarining AQSh Kongressi binosini bosib olishi qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi. Butun dunyoda boʻlgani kabi, Qirgʻizistonda ham AQShdagi hukumat almashuvi jarayonlari siyosatshunoslarning diqqat markazida turibdi.
AQSh boshidan kechirayotgan bugungi jarayonlar kelgusida Amerika siyosatida qanday aks etishi, 6-yanvarda yuz bergan voqeaning demokratiyaga putur yetkazib, yetkazmasligi muhokama qilinmoqda. Shu bilan birga, AQShKongressi va Qirgʻizistonda bir necha bor ishgʻol qilingan “Oq uy” oʻrtasidagi farq hamda oʻxshashliklar ham qirgʻizistonlik siyosatshunoslarning muhokama mavzularidan biri boʻlib turibdi.
Ushbu mavzuda “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan media ekspert Mahmudjon Qozoqboyev quyidagi fikrlarni bildirdi:
“AQShda Tramp tarafdorlarining Kongressga bostirib kirishi ortidan AQShda ham saylovlar bilan bogʻliq shu kunga qadar aytilmay kelinayotgan bir talay muammolar borligi oshkor boʻlib qoldi.
Shu masala boʻyicha Donald Trampga ikkinchi bor impichment eʼlon qilinishi bilan bogʻliq mojarolarga bir tomonlama amaldagi AQSh prezidentini aybdor deb aytish qiyin. Bu haqda biz — qirgʻizistonliklarning fikri obyektivlikdan nariroq boʻlsa kerak, deb ham oʻylayman. Chunki bizning siyosiy voqeligimizda bir paytlar Oq uyni “bosib olish” xatti-harakati bilan ayblangan siyosatchilar bugun qirgʻizistonlik saylovchilarining juda koʻpchiligi xohish-irodasi bilan mamlakatimiz hokimiyatiga keldilar.
Buning ustiga Donald Trampning bir qarashda nostandart siyosati nafaqat amerikalik soliq toʻlovchilarini, balki AQSh shunqorlarining kuchli nigohlaridan bezgan dunyo ahliga bemalol nafas olishga bir muncha fursat berganlari uchun unga nisbatan minnatdorlik hissini paydo qilishga muyassar boʻlgandi. Shu sababdan jahon hamjamiyatida chindan ham Trampdan “gʻalaba oʻgʻirlanganiga” ishonuvchilar juda koʻpchilikni tashkil etmoqda”.
Qirgʻizistonning sobiq iqtisod vaziri va ekspert Emil Umotaliyev esa AQShda yuz berayotgan siyosiy voqealarda kim haq, kim nohaq ekanini aniq aytish qiyin boʻlsa ham, hokimiyatda turgan kuch mazkur kuchdan foydalangan holda oʻz prezidentlik muddatini uzaytirib olish imkoniga ega emasligining oʻzi demokratiyaning birdan-bir koʻrsatkichi deb hisoblashini aytadi.
“Shu bilan birga bu xalqning ishonch yoki ishonchsizlik koʻrsatishi ham demokratiyaning koʻrinishi. Agar xalq biror shubha qilib, prezidentni almashtirishni istab, avvalgi ishonchidan voz kechib, yangi umidlarni qoʻllashni istasa, oʻsha saylovchilarning qarori amalga oshayotgani, ularni hech kim aldab yoki maʼmuriy vositalar kuchi bilan xalqning ovozini oʻzgartirib yuborish imkoniga ega emasligini koʻrsatadi. Ideal sharoit, ideal hokimiyat, ideal mamlakat yoʻq. Ammo qayerdaki hokimiyat bir qoʻlda uzurpatsiya boʻlib qolmay, doimo saylov orqali almashib tursa, mana shu yerda koʻproq xalq muammosi hisobga olinadi va xalqning ovozi, xalqning umidi himoya qilib turiladi”, — deydi ekspert.
Mustaqil ekspert Chinara Esengul esa tizimdan tashqaridagi siyosatchi deb hisoblangan Donald Trampning AQSh prezidentligiga kelishi boshidanoq koʻpchilikka ma’qul kelmagan. Trampning siyosatni bilmasligi ularni xavotirga slogan, deya fikr bildiradi u.
“Donald Trampning prezidentlik muddati tugashiga sanoqli kunlar qolganiga qaramay, impichment qilinishi, demokratlar uning qaytib prezidentlikka kela olmasligini taʼminlash maqsadida amalga oshirmoqda deb oʻylayman”, — deydi u.
Shu bilan birga Chinara Esengul AQShdagi Kongress binosining bosib olinishi va Bishkekdagi “Oq uy”ning namoyishga chiqqan norozilar tomonidan egallab olinishiga bir fokus bilan qarash notoʻgʻri degan fikrini ham aytib oʻtdi.
“Toʻgʻri, Qirgʻizistondagi oktabr voqealari bilan 6-yanvarda AQShda yuz bergan voqeaga tashqaridan nazar solganda oʻxshashliklar bordek koʻrinadi. Chunki bizda ham “Oq uy”ni olib, saylov natijalaridan norozi boʻlib, prezidentni ketkazishga harakat qilishdi. AQShda ham saylov natijalaridan norozi boʻlgan bir necha guruh Kapitoliy binosini bosib olishga urinib, oʻz talablarini qoʻyishdi. Ammo mohiyati jihatidan Qirgʻiziston va AQShdagi voqealarni bir-biriga qarama-qarshi deb ham aytish mumkin. Aytmoqchimanki, Amerikada saylov adolatli oʻtib kelgan, albatta, saylovda magʻlub boʻlgan taraf norozi boʻladi, ammo umumiy olganda saylovchining ovozi soxtalashtirilmagani, qonuniylik boʻlgani uchun koʻpchilik saylov natijalarini qabul qiladi. Qirgʻizistonda ham, AQShda ham biz aytayotgan mavzuda kuch qoʻllangan holda hokimiyatni qoʻlga olish istagi mavjud, biroq Amerikada oʻsha zahoti Kapitoliyga bostirib kirganlar jazoga tortilib, tartibsizliklarga chorlagan Trampga impichment qilinayotgani bizdan farqli oʻlaroq, u yerda qonunning ishlayotganini koʻrsatadi”, — deydi ekspert.
Shuningdek AQShning yangi hukumati Qirgʻizistonning asosiy strategik hamkori boʻlgan Rossiya bilan kelgusida qanday munosabatda boʻlishi ham yaqindagina yangi prezident saylagan qirgʻizistonliklar uchun qiziq.
Avvalgi AQSh prezidentligi uchun saylovoldi tashviqotida Donald Tramp bir necha bor Rossiya hamda Vladimir Putin nomini tilga olib, u bilan yaxshi munosabat oʻrnatishi haqida aytgan. Oʻz navbatida Putin ham Tramp haqidagi iliq fikrlarini bildirgan. 2016-yilda Putin Donald Trampni boshqa dunyo liderlari bilan birga tezda gʻalaba bilan qutlagan boʻlsa, bu gal AQShning saylangan prezidenti Jo Baydenni tabriklashga shoshmadi.
“Donald Tramp prezidentlikka kelgach tajribali siyosatchi emas, biznes olamidan kelgani uchun asosan iqtisodni koʻtarish uchun harakat qildi. Ammo, masalan, tashqi xavfsizlik masalalariga koʻp ham eʼtibor qaratmadi. Bu bilan esa Vladimir Putin Rossiyaning dunyo miqyosida pozitsiyasini, salohiyatini kuchaytirib olishiga imkon yaratdi. Shu bilan birga AQShning ichki siyosatida Trampning saylanishida Rossiyaning qoʻli bor ekani aytilib, qarshiliklar koʻrsatib kelindi. Shu holatlardan kelib chiqib, dastlab Barak Obama davrida yomonlashgan Rossiya bilan AQSh aloqalari yaxshilanadi deb kutilgan edi. Ammo bunday boʻlmadi”, — deydi Chinara Esengul.
Media ekspert Mahmudjon Qozoqboyev esa Rossiya siyosatini toʻgʻri deb bilmagan demokratlar hukumatga kelgach, Rossiya va AQSh aloqalari bundan ham murakkablashadi deb hisoblaydi:
“Putin maʼmuriyati uchun Baydenning AQSh hokimiyati ustida iqtidorga kelishi bir talay muammolarni keltirishi mumkin. Baydenning ilgarigi faoliyati davrida Rossiyadan toʻliq mustaqil siyosat yurgizmoqchi boʻlgan Ukraina rahbariyati bilan tigʻiz aloqalari mavjudligi bugungi Putin maʼmuriyati yangi prezidentning maʼmuriyatidan faqat muammolar va AQSh tomonidan qoʻllanishi mumkin boʻlgan bir qator sanksiyalar dastasini kutishi mumkin”.
Facebook Forum