Donald Tramp Oq uydagi oʻrnini Jo Baydenga boʻshatib berishi ketidan AQShning tashqi siyosatida oʻzgarishlar kutilmoqda. Totalitar deya koʻriladigan tuzumlarga nisbatan munosabat o’zgarishi taxmin qilinadi.
Tramp prezidentligining so’nggi kunlarida Xitoy va Eronga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etildi. Rossiya ham sanksiyalar bilan yuzlashishi ehtimoli bor. Tahlilchilar fikricha, Markaziy Osiyoning ikki davlati - Turkmaniston va Tojikiston ham eʼtibordan chetda qolmasligi mumkin. Internetda AQShning yangi rahbariyati Dushanbega nisbatan sanksiya joriy etishi haqida mish-mishlar tarqaldi.
Tojikiston Tashqi ishlar vazirliginining bildirishicha, AQSh va Tojikiston orasida hamkorlik muntazam rivojlanmoqda. Mamlakatlar oʻrtasidagi yillik savdo aylanmasi 1990-yillar boshidagi 10 milliondan 270 million dollargacha oʻsgan.
Vazirlik masʼullarining maʼlum qilishicha, hozirgacha ikki davlat orasida 34 ta hamkorlik bitimlari imzolangan boʻlib, ulardan 22 tasi hukumatlararo kelishuvlardir. Bu bitimlar iqtisod va savdo, harbiy-texnika sohasi, terrorizm va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash masalalari boʻyicha imzolangan.
AQShning Dushanbe shahridagi elchixonasi Tojikistonda turli loyihalarni moliyalashtirishga koʻmak berib kelmoqda. Elchixona matbuot kotibining maʼlum qilishicha, Tojikistonda maorif, madaniyat sohalarida ham turli loyihalar amalga oshirilmoqda.
1992-yildan hozirgacha Qoʻshma Shtatlar Tojikiston taraqqiyoti uchun qariyb 2 milliard dollar mablagʻ ajratgan.
AQSh hukumati 2020-yil yakunida ham Tojikistonga COVID-19 bilan kurashish uchun 2,6 million dollarga tibbiy jihozlar, jumladan, sunʼiy nafas berish uskunalarini taqdim etdi.
Ammo demokrat Jo Bayden Oq uyga kelishi ortidan ikki davlat orasida munosabatlar qanday boʻlishi toʻgʻrisida fikrlar turlicha. Oxirgi oylar internet tarmogʻida AQSh tomonidan Tojikistonga nisbatan sanksiya qoʻllanishi haqida materiallar paydo boʻldi. Bunday materiallarning aksariyati anonim tarzda eʼlon qilinmoqda va rasmiy asosga ega emas.
AQShning biror rasmiysi Tojikiston rahbariyatiga nisbatan sanksiya eʼlon qilinishi haqida ogʻiz ochgani yoʻq. Ammo bu materiallarda iddaolarni AQSh Davlat departamentining rasmiy bayonotlari bilan bilvosita bogʻlashga urinishlar seziladi.
Masalan, "YouTube" tarmogʻidagi “Tojikistonda adolat” kanalida eʼlon qilingan materiallarda Vashington Tojikistonga nisbatan sanksiya joriy qilishi toʻgʻrisidagi fikrlarga AQSh Davlat departamentining 2020-yil 7-dekabridagi bayonoti asos qilib koʻrsatilgan.
7-dekabrda AQShning sobiq Davlat kotibi Mayk Pompeo Tojikistonni dunyoning diniy eʼtiqod erkinligi oyoq osti qilinayotgan 10 davlati qatorida tilga olgan edi. Ammo Pompeo oʻz bayonotida Tojikistonga nisbatan sanksiya qoʻllanishi haqida biror fikr aytmagan.
Huquqshunos Hakimjon Shokirovning aytishicha:
“AQSh Davlat departamentining dunyoda inson huquqlari boʻyicha yillik hisobot berishi anʼanaviy holat. Aynan Tojikistonga nisbatan qandaydir sanksiya joriy etishi toʻgʻrisida aniq bir gap aytish qiyin. Buning ehtimoli juda kam”.
Bundan bir necha yil oldin Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin AQShning Rossiyaga nisbatan qoʻllagan sanksiyalari MDH davlatlarining barchasiga taʼsir qilishini taʼkidlagan edi.
“Tojikiston Gʻarbning strategik sherigimiz boʻlgan Rossiyaga qaratilgan va bizning iqtisodiyotimizga ham salbiy taʼsir koʻrsatayotgan sanksiyalariga qarshi. Bizning fikrimizcha, bu sanksiyalar nafaqat Rossiyaga, balki MDHning barcha davlatlariga qarshi joriy qilingan”, - degan edi u.
Mustaqil tahlilchi Sherali Rizoyon fikricha ham Rossiya iqtisodiyotiga boʻladigan har qanday taʼsir Tojikiston iqtisodiyoti va tojikistonliklarning yashash sharoitiga ham taʼsir qiladi. Chunki Tojikiston iqtisodiyoti va odamlarning daromad manbai mehnat muhojirligi, yaʼni Rossiya bilan chambarchas bogʻliq.
Baʼzi tojik tahlilchilari fikricha, AQSh Tojikistonga nisbatan “ikki yuzli” siyosat olib bormoqda. Bir tarafdan oʻzini yordam berayotgandek koʻrsatadi, ammo boshqa tarafdan Dushanbeni qattiq tanqid ostiga oladi.
Ijtimoiy masalalar boʻyicha tahlilchi Neʼmatullo Mirsaidovning aytishicha, AQSh Tojikiston kabi davlatlardan talab qilayotgani gumanizm nuqtai nazaridan qaraganda toʻgʻri talab. Shuningdek, kamchilikni tanqid qilish va boshqa tarafdan taraqqiyot uchun yordam berish mutlaqo tabiiy holat.
“AQSh Donald Tramp hokimiyati paytida ham, undan oldin ham Tojikistonga sezilarli darajada moddiy yordam koʻrsatib keldi. Bunday ishlar yangi prezident Bayden paytida ham davom etadi deb oʻylayman. Albatta, bu beminnat yordam, ammo boshqa tarafdan Qoʻshma Shtatlar Tojikiston va Tojikiston kabi davlatlarni inson huquqlarini, eʼtiqod va soʻz erkinligini ehtirom etishga chaqiradi. Bu qadriyatlar gumanizm nuqtai nazaridan qaraganda ham insoniyat uchun zarur boʻlgan qadriyatlardir. Kamchilik mavjud sohaga eʼtiroz bildirib, boshqa tarafdan yordam berish, yaʼni qoʻllab-quvvatlash tabiiy holat”, - deydi Mirsaidov.
Tahlilchi Ilhom Yusupovning aytishicha, xalqaro tashkilotlar, u yoki bu davlat tomonidan inson huquqlari poymol etilayotgan davlatlarga nisbatan iqtisodiy sanksiya qoʻllash ijobiy holat.
“Masalan, Xitoyda inson huquqlari qoʻpol va muntazam tarzda poymol etilar ekan, bunga koʻz yummaslik kerak. Ammo Tramp prezidentlik qilgan toʻrt yil davomida AQShning xalqaro miqyosdagi faolligi sezilarli emas edi. Demokrat Jo Bayden hokimiyat tepasiga kelishi ortidan Oq uyning totalitar tuzumlarga nisbatan munosabati oʻzgaradi, AQSh faol boʻladi va bu ijobiy natijalarga olib keladi deb bilaman”, - deydi Yusupov.
Tahlilchi Abdumalik Qodirov fikricha, oradan toʻrt yil oʻtib demokrat Baydenning Oq uyga prezident boʻlib qaytishi AQSh tashqi siyosatida katta oʻzgarishlarga sabab boʻlishi mumkin.
“Vashington soʻz erkinligi, inson huquqlari va diniy erkinlik kabi demokratik qadriyatlar oyoq osti qilinishini eʼtiborsiz qoldirmaydi, deb oʻylayman. Rasmiy Dushanbe bilan Vashington qanday munosabatda boʻlishi, eʼtirozlar keltirishi, tanqid qilish yoki qilmasligiga qaramay, umuman olganda, ikki davlat orasidagi hamkorliklar davom etadi va bu hamkorlik AQShdan koʻra Tojikistonning oʻzi uchun foydaliroq”, - deydi tahlilchi.
Facebook Forum