6-yanvar g’alayonidan bir yil o’tib sobiq prezident Donald Tramp 2020-yilgi saylov natijalari soxtalashtirilganiga hanuz ishonishini aytmoqda. Yil bo’yi u respublikachi safdoshlarini shtatlarda saylovga oid qonunchilikni o’zgartirishga undab keldi.
2021-yil 6-yanvar kuni Kapitoliy binosida AQSh tarixida misli ko’rilmagan g’alayon yuz berdi.
Qonunchilar 2020-yil noyabarda o’tgan saylovda Jo Bayden g’alaba qozonganini rasman tasdiqlash uchun yig’ilgan bir paytda Tramp tarafdori bo’lgan minglab namoyishchilar Kongress binosiga bostirib kirdi; politsiyachi va jurnalistlar hujumga uchradi, qonunchilar ofislari vayron qilindi.
G’alayonda besh kishi halok bo’ldi, 138 politsiyachi yaralandi. Voqea ortidan Tramp ikkinchi marotaba impichmentga uchradi; to’polonlarda ishtirok etgan jami 720 kishi jinoiy javobgarlikka tortildi.
Tramp hanuz o’z da’vosida qat’iy: saylovni undan tortib olishganiga ishonadi. O’z tarafdorlari oldida qilgan chiqishlarida u eski gaplarini tarkrorlashda davom etmoqda.
“Men bu yerga aslida saylovda g’alaba qozongan prezidentimizni ko’rish uchun, uning gaplarini eshitish uchun keldim”, - deydi Tramp tarafdorlaridan biri.
Tramp shu yil 6-yanvar kuni o’z tarafdorlari huzurida so’zlashni rejalagan edi. Ammo bu muddat keyinroq 15-yanvarga ko’chirildi.
Kuzatuvchilar fikricha, Tramp prezidentlikdan ketgandan beri qonunchilarga ta’sir o’tkazishga urinmoqda.
“U Jorjiya va Texas kabi aholisi rang-barang yoki rang-baranglashib borayotgan shtatlarda ovoz berish imkoniyatini cheklashga urinmoqda. O’ziga o’xshagan Jim Jordan va Marjori Teylor Grin kabi qonunchilarning ko’proq saylanishini va ular immigrantlarni AQShga kiritmaslik, AQShni NATOga o’xshagan xalqaro ittifoqlardan olib chiqish kabi ishlarni qilishini xohlaydi. U hanuz “Amerika birinchi” siyosatiga sodiq. U o’z egosiga ergashib, soxta qarashlarga asoslangan holda tarixni qayta yozmoqchi. U har kuni shuning harakatida”, - deydi Texas universiteti professori Jeremi Suri.
Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazida Demokratik institutlarni mudofaa qilish loyihasi rahbari Syuzan Spauldingning aytishicha, 6-yanvar g’alayoni Amerika xalqi orasidagi bo’linishni yanada kuchaytirdi.
Zo’ravonliklar ortidan Trampga qarshi gapirgan respublikachi qonunchilar bugun deyarli eshitilmayapti. So’rovlarga ko’ra, har uch amerikalikdan bittasi hukumatga qarshi zo’ravonlikni yoqlaydi. Bu esa Tramp uchun ayni muddao, deydi ekspert.
“U bundan o’ziga kuch oladi. O’sha voqealar ortidan dastlabki soatlarda Kongressdagi ba’zi respublikachilar Tramp endi haddidan oshdi, deb o’ylagan va o’zini undan chetga olishni boshlagan edi. Afsuski, keyingi voqealar Tramp Respublikachilar partiyasi ustidan nazoratni yo’qotmaganini ko’rsatmoqda”, - deydi Spaulding.
Oq uy matbuot kotibi Jen Psakiga ko’ra, 6-yanvar voqealari uchun Tramp javobgar.
“Bu masalada qarashimiz o’zgargani yo’q. Konstitutsiyaga oyoq qo’yishda, hokimiyat tinch topshirilishini to’xtatishga urinishda, Kapitoliyga va huquq-tartibot organlariga qilingan to’dalar hujumini himoya qilishda Trampning qo’li borligi haqida yetarli dalillar bor. Bu demokratiyamiz uchun eng yomon kunlardan biri bo’lgani haqida prezident aytgan”, - dedi Psaki.
Tramp 15-yanvar kungi chiqishida bu masalaga yana qaytishi muraqqar. Ammo so’nggi so’zni siyosatchilar emas, xalq aytadi, deydi Spaulding.
“Butun mamlakat bo’ylab sport arenalarida, parklarda biz kuylaydigan madhiyamiz so’zlari doim meni hayratlantiradi. U savol bilan boshlanadi va savolga javob beradi. Bayroq hanuz hilpirayaptimi? Kechasi bilan jang davomida biz uni ko’rdik; endi tong otdi. U hanuz ozod tuproqda va dovyuraklar yurtida baland ko’tarilganmi? Madhiya shunday savol bilan boshlanadi. Uning javobi har kuni “Ha” bo’lishi uchun barchamiz o’z hissamizni qo’shishimiz kerak”, - deydi ekspert.
Siyosiy berarorlik tugagani yo’q, ammo AQSh bayrog’i hanuz o’z o’rnida.
Facebook Forum